9.1. Byudjet daromadlarining iqtisodiy mazmuni va manbalari
Jahonning turli mamlakatlarida har xil sabablar bilan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar yuz berayotgan hozirgi davrda O‘zbekistonda puxta o‘ylangan soliq-byudjet siyosati mamlakatimizning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari sari dadil odimlab borishiga xizmat qilmoqda. Oxirgi yillarda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 8 foizdan kam bo‘lmayotganligi, davlat byudjetining profitsit bilan ijro qilinayotganligi ham mamlakatimizda yuritilayotgan fiskal siyosatning oqilona ishlab chiqilganligi va samarali amalga oshirilayotganligining yana bir isbotidir.
Rivojlanishning navbatdagi ustuvor yo‘nalishlari va vazifalarini samarali bajarishda davlat byudjeti ham samarali dastak-vosita sifatida faol ishtirok etadi.
Ma’lumki, davlat byudjeti mamlakatda yaratilgan yalpi ichki mahsulot va uning tarkibiga kiruvchi milliy daromadning qiymatini qayta taqsimlashda ishtirok etadi.
Bunday qayta taqsimlash jarayonlari natijasida byudjet daromadlari shakllanadi. Byudjet daromadlari davlat markazlashgan moliyaviy resurslarining bir qismi bo‘lib, davlatning funksiyalarini bajarish uchun zarurdir. Ular pul mablag‘lari fondlarini shakllantirish jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy (moliyaviy) munosabatlarni o‘zida ifoda etadi va turli darajadagi hokimiyat organlarining ixtiyoriga kelib tushadi.
Davlat byudjeti daromadlari – davlat bilan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va aholi o‘rtasidagi davlat markazlashgan pul fondining shakllanishi yuzasidan vujudga keladigan iqtisodiy pul munosabatlari hisoblanadi.
Byudjet daromadlarining asosiy moddiy manbai milliy daromaddir. Agar davlatning moliyaviy ehtiyojlarini qondirish uchun milliy daromad yetarli bo‘lmasa, davlat bunday ehtiyojni qondirishga milliy boylikni jalb etishi mumkin. Milliy boylik deganda ma’lum bir davrda jamiyatning ixtiyorida bo‘lgan, hozirgi va o‘tgan avlodning mehnatlari evaziga yaratilgan moddiy ne’matlar hamda kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilingan tabiiy resurslar majmui nazarda tutiladi.
Milliy daromadni davlat tomonidan davlatlashtirish (davlat ixtiyoriga o‘tkazish) turli usullar yordamida amalga oshiriladi. Soliqlar, davlat krediti va pul emissiyasi davlat hokimiyat organlari tomonidan milliy daromadni qayta taqsimlash va byudjet daromadlarini shakllantirish uchun foydalaniladigan usullarning asosiylari bo‘lib hisoblanadi. Bu usullar o‘rtasidagi nisbat mamlakatlar va davrlar bo‘yicha turlicha bo‘lib, mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa qarama-qarshiliklarning o‘tkirlik darajasi, davlatning moliyaviy siyosati va moliyaviy ahvoli bilan belgilanadi.
Milliy daromadni qayta taqsimlashning asosiy usuli soliqlar hisoblanadi. Ular yordamida byudjet daromadlarining asosiy qismi shakllantiriladi. Turli mamlakatlar markaziy byudjetlarining daromadlarida soliq tushumlari qariyb 60-95 foizni tashkil etadi.
Byudjet daromadlarining asosiy qismi soliqlar yordamida byudjetga undirilishi tufayli ularga nisbatan bu jarayonda quyidagi prinsiplardan foydalaniladi:
soliqlarning byudjetga undirilishi mamlakat milliy daromadi va milliy boyligi manbalarining tugashiga olib kelmasligi;
soliqlar ularni to‘lovchilar o‘rtasida teng (adolatli) taqsimlanishi;
soliqlarning ishlab chiqaruvchilar aylanma fondlari hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi;
soliqlarning sof daromadga nisbatan hisoblanishi;
davlat uchun soliqlarning undirilishi iloji boricha arzonroq bo‘lishi;
soliqlarning undirilish jarayoni xususiy sektorni siqib chiqarmasligi.
Davlat byudjeti daromadlarining amal qilishi mexanizmi haqida so‘z borar ekan, avvalo byudjet daromadlarining nazariy asoslariga to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Ayrim adabiyotlarda, ma’ruzalarda va boshqa ilmiy ishlarda “davlat byudjeti daromadlarining asosiy bosh manbai soliqlardir”, degan bizning nazarimizda birmuncha noto‘g‘ri bo‘lgan fikrlarni uchratish mumkin. Aslida, davlat byudjeti daromadlarining asosiy manbai bo‘lib mamlakat yalpi milliy mahsuloti va milliy daromadi hisoblanadi, davlat markazlashgan pul fondiga mablag‘larni jalb qilish quroli esa soliqlardir.
Soliqlar majburiy pullik to‘lovni ifoda etuvchi pul munosabatlarini bildirib, bu munosabatlar soliq to‘lovchilar (yuridik va jismoniy shaxslar) bilan soliqni o‘z mulkiga aylantiruvchi subyekt sifatida davlat o‘rtasida sodir bo‘ladi. Korxona va tashkilotlar tovar mahsulotlarini ishlab chiqarganida va sotganida, aholiga turli xizmatlarni ko‘rsatganida, ishlar bajarganida yoki bozorlarda oldi-sotdi qilganda ham pul to‘lovlarini amalga oshiradi. Lekin bu munosabatlarning hammasi ham soliq munosabati bo‘la olmaydi. Soliq munosabatida davlat mamlakatda yaratilgan yalpi ichki mahsulot qiymatini taqsimlash va qayta taqsimlash yo‘li bilan majburan davlat byudjetiga mablag‘ to‘plash jarayonini amalga oshiradi.
Soliqlar davlat byudjetiga, davlatning boshqa maqsadli jamg‘armalariga kelib tushadigan, majburiy harakterga ega bo‘lgan pul munosabatlaridir. Shuningdek, soliqlar iqtisodiy kategoriya bo‘lganligi uchun bozor iqtisodiyoti munosabatlari, shu jumladan, moliyaviy munosabatlar tarkibiga kiradi. Bozor iqtisodiyoti erkin iqtisodiyotdir, ya’ni har bir yuridik shaxs, tadbirkor o‘z tovariga erkin baho belgilashi, mahsulot yetkazib beruvchini ixtiyoriy tanlashi va o‘zi iste’molchini topib, unga mahsulotini sotish huquqiga ega. Shuning uchun davlat ular daromadlarining bir qismini taqsimlab, byudjetga oddiy ajratma sifatida ololmaydi. Soliq shaklida daromadlarni undirish uchun qonun chiqaruvchi organning qarori zarur, ya’ni qonuniy asosda undirilgan to‘lov byudjetga o‘tadi. Erkin iqtisodiyot sharoitida soliqlar ham erkin, ochiq, aniq bo‘ladi, demokratik to‘lovga aylanadi.
Soliqlar iqtisodiy kategoriya hisoblanadi, soliq munosabatlarini tashkil qilishda soliq to‘lovchilar va davlat o‘rtasida daromadlar taqsimlanayotganda tomonlarning iqtisodiy manfaatlarini albatta e’tiborga olish zarur. Davlat soliq to‘lovchilar daromadini istaganicha ololmaydi, soliqlarni byudjetga undirishning ma’lum chegarasi mavjud. Bu chegarani davlat, soliq to‘lovchilarning mahsulot ishlab chiqarish va foyda olishdagi faoliyatini hisobga olib belgilaydi. Ikkinchi tomondan, soliqlardan makrodarajada iqtisodiyotni rivojlantirish, bozor infratuzilmasini yaratish va boshqa umumdavlat maqsadlari uchun yetarli moliyaviy resurslar to‘plash uchun foydalaniladi. Soliqlarning mohiyati soliq to‘lovchilar bilan davlat o‘rtasidagi doimiy, uzoq muddatli munosabatlarda o‘z ifodasini topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |