9.2-rasm. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimi tarkibidagi soliqlarning byudjet tizimi bo‘g‘inlari daromadlarini shakllantirishiga ko‘ra guruhlanishi1
Umumdavlat soliqlarining muhim xususiyati shundaki, respublika byudjetiga tushadigan soliqlardan mahalliy byudjetlar daromadlilik darajasini tartibga solib turish maqsadida ajratmalar ajratilishi mumkin. Bordi-yu, ajratmalar evaziga ham mahalliy byudjetlarning xarajatlari qoplanmasa, u holda subventsiya yoki dotatsiya beriladi. Agar kelgusi yilda mahalliy byudjetlarning o‘z manbalari barqarorlashib, soliqlari hajmi ko‘payib borsa, respublika soliqlaridan ajratmalar berishning zaruriyati bo‘lmaydi.
Mahalliy soliqlar mahalliy hukumatlar bajaradigan vazifalariga qarab belgilanib, ularga doimiy va to‘liq biriktirib beriladi. Mahalliy hukumatlar asosan mehnatkashlarga yaqin bo‘lganligidan ular ijtimoiy masalalarni - maorif, sog‘liqni saqlash, madaniyat, shahar va qishloqlar obodonchiligi kabi vazifalarni bajaradi. Lekin odatda bu soliqlar va yig‘imlar ular byudjetlari xarajatlarining 30-40 foizini qoplaydi, xolos. Mahaliy byudjetlar daromadlarini ko‘paytirish eng dolzarb masalalardan biridir. Faqat o‘z daromad manbaiga to‘liq ega bo‘lgan mahalliy hukumatgina o‘z faoliyatlarini to‘liq amalga oshirishi mumkin. Mahalliy soliqlarning muhim xususiyati shundaki, ular faqat shu hududning byudjetiga tushadi. Ular hisobidan boshqa byudjetlarga ajratmalar berilmaydi.
Byudjet tizimidagi islohotlar doirasida 2014-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasida amalga kiritilgan yangi Byudjet Kodeksining IV bo‘limi “Byudjet tizimi byudjetlarining daromadlari” deb nomlanadi. Ushbu bo‘limning 9-bobida davlat byudjeti daromadlari tarkibi tegishli moddalarda belgilab berilgan. Xususan, Kodeksning 50-moddasi “Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirish” deb nomlanadi va unda davlat byudjeti qanday daromadlar hisobidan shakllantirilishi ko‘rsatilgan (9.3-rasm).
9.3-rasm. Davlat byudjeti daromadlari tarkibi1
Byudjet Kodeksining 51-moddasida O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti daromadlarini shakllantirish manbalari belgilab berilgan bo‘lib, ular quyidagilar hisobidan shakllantiriladi:
1) umumdavlat soliqlari, shu jumladan:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i;
yagona soliq to‘lovi;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
qo‘shilgan qiymat solig‘i;
aktsiz solig‘i;
yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
2) bojxona bojlari;
3) qo‘shimcha foyda solig‘i;
4) mahsulot taqsimotiga oid bitimlar bo‘yicha foyda keltiradigan mahsulotdagi davlat ulushi;
5) boshqa daromadlar.
Byudjet kodeksining 52-moddasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlarini shakllantirish manbalari ko‘rsatilgan bo‘lib, ular:
1) belgilangan normativlarga muvofiq umumdavlat soliqlari, shu jumladan:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i;
yagona soliq to‘lovi;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq;
qo‘shilgan qiymat solig‘i;
aktsiz solig‘i;
yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
2) mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan:
obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i;
transport vositalariga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq;
mol-mulk solig‘i;
yer solig‘i;
yagona yer solig‘i;
ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im;
3) yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek chet davlatlardan tushgan qaytarilmaydigan pul tushumlari;
4) bozorlardan tushadigan daromadlar;
5) boshqa daromadlar.
Xulosa qilib aytganda, byudjet daromadlarining shakllanishi mamlakat yalpi ichki mahsulotini taqsimlash va qayta taqsimlash umumiy jarayonining elementlaridan biri bo‘lib, oraliq xarakterga ega. Ular yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan daromadlar va jamg‘armalarning bir qismini byudjetga o‘tkazilishi natijasida vujudga keladi. Byudjet daromadlarining moddiy-buyumlashgan mazmunini davlatning ixtiyoriga borib tushgan pul mablag‘lari tashkil etadi. Byudjetning qayta taqsimlash funksiyasi namoyon bo‘lish shakli davlat byudjetiga tushuvchi turli soliqlar, to‘lovlar, yig‘imlar, bojlar va ajratmalarning harakatida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |