Budjet nazorati organlari, ularning guruhlanishi, ularning vazifalari, huquq va majburiyatlari
Davlat moliyaviy nazoratining asosini budjet nazorati tashkil qilishini yuqorida ta’kidlagan edik. Budjet nazoratini amalga oshirish ma’lum huquqiy asosga tayanishi lozim. Budjet nazoratini tashkil etish jarayonlari oxirgi 13-14 yil davomida 2000 yil 14 dekabrda qabul qilingan “Budjet tizimi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinib kelindi. Ushbu Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyati organlari va joylardagi davlat hokimiyati organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining budjet tizimini boshqarish sohasidagi vakolatlari tegishli moddalarda (6-,7-,8-moddalar) belgilab berilgan.
2014 yil 1 yanvardan kuchga kirgan Budjet Kodeksi budjet nazoratini tashkil etishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamladi. Budjet Kodeksida belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning tasarrufidagi vakolatli organlar davlat moliyaviy nazorat organlari hisoblanadi. Shuningdek, davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining daromadlari qismi bo‘yicha davlat moliyaviy nazorati davlat soliq xizmati organlari tomonidan ularga berilgan vakolatlar doirasida amalga oshiriladi (22.6-rasm).
22.6-rasm.Davlat moliyaviy nazorati organlarining guruhlanishi1 Kodeksning 179-moddasi bilan davlat moliyaviy nazorat organlarining o‘zaro hamkorlik munosabatlari ta’minlanadi. Xususan, budjet tashkilotlarini nazorat qilish rejalari davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan tasdiqlanadi. Davlat moliyaviy nazorat organlari tekshirilayotgan nazorat ob’ektida mansabdor shaxslarning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lgan huquqbuzarliklar aniqlasa, nazorat materiallarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi. Shuningdek, nazorat ob’ekti mansabdor shaxslarining harakatlaridagi ma’muriy huquqbuzarliklarga doir materiallar sudlarga yoki tegishli vakolatli davlat organlariga topshiriladi.
Davlatning moliya-budjet nazorati organlari tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi alohida o‘rin egallaydi. Hisob palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarning maqsadli va samarali ijro etilishi, davlat aktivlari va passivlarining holati va harakati, oltin valyuta zaxiralari hamda tashqaridan qarz olishlarni amalga oshirish, boshqarish va tasarruf etish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradigan moliya nazoratining yuqori organi hisoblanadi”2.
Hisob palatasiga davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirishda qator vakolatlar yuklatilgan. Ana shu vakolatlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 4 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyatini tashkil qilishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-3592-son Farmoni bilan tasdiqlangan va 2006 yil 21 noyabr PF-3820-son Prezident Qarori bilan tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan “Hisob palatasi to‘g‘risidagi Nizom” asosida bajaradi.
2006 yil 7 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-460-son Qarori bilan Hisob palatasining faoliyat doirasi yanada kengaytirildi. O‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan tadbirlari quyidagi rasmda ko‘rsatilgan (8-rasm).
Budjet Kodeksining 174-moddasida, avvalgi budjet qonunchiligidan farqli ravishda, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar belgilab qo‘yilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat: