Pulga bo’lgan talab va taklif
Insonlar bozor iqtsodiyoti sharoitida o’z boyliklarini har xil shakllarda (pul, qimmatli qog’ozlar, yer uchastkasi, ko’chmas mulk va boshqa ko’rinishlarda) saqlashi mumkin. Har kim o’z boyligini ko’paytirishga va aynan qaysi shaklda saqlash maqsadga muvofiq kelishiga intiladi.
Boylikning bir qismini pul shaklida ushlab turish maqsadga muvofiq. Negaki pul likvidli, unga har qanday tovar sotib olish mumkin.
M.Fridmen boylikning beshta asosiy shakllarini ajratib ko’rsatib beradi: pullar, obligatsiyalar, aktsiyalar, moddiy ne’matlar, inson kapitali. Bir shakldagi boylikning qimmati oshishi, ikkinchisining pasayishi mumkin. Shu bois, boylik shakllarining almashtirib turilishi, ularni sotish va sotib olish operatsiyalari doimo bo’lib turadi. Odamlar o’z boyliklarini ancha likvidli aktiv – pul shakllarida ushlab turishga harakat qiladilar. Pulga egalik qilish o’z-o’zidan daromad olib kelmaydi. Pul zaxirasi, bir tomondan, kundalik xarajatlar uchun kerak bo’lsa, ikkinchi tomondan, aktivlarni pul shaklida saqlash muqobil daromad olish imkoniyatini yo’qotadi. Yostiqning tagida, sandiqning tagida yotgan pullar ularning egalarini obligatsiyalarni sotib olish, tadbirkorlikka pul qo’yish va boshqa yo’llar bilan daromad topishdan mahrum etadi.
Keynschilardan farqli ravishda, monetaristlarning tasdiqlashicha, pulga bo’lgan talab asosan ayirboshlash ehtiyojlari, boshqacha aytganda, transaktsion sabablar bilan aniqlanadi. Savol tug’iladi: odamlar o’z aktivlarining qancha qismini likvidli shaklida ushlab turishlari kerak? M.Fridmen bo’yicha, tovar va xizmatlarni sotib olish uchun zarur bo’lgan qismini. Kassa zaxirasisiz bo’lishi mumkin emas, lekin kassada kamroq pul saqlash maqsadga muvofiqdir. Agar kassada pullari ko’payib ketsa, odamlar ularni ko’proq foiz yoki foyda keltiradigan aktivlarga aylantiradilar.
Agar baholarning (inflyatsiya) oshishi kutilsa, pulga talab kamayadi, aksincha, baholarning pasayishi kutilsa, pulga bo’lgan talab kuchaydi. Pulga bo’lgan talab foizga ham bog’liq. Foiz oshganda pulga talab pasayadi. Lekin pulga bo’lgan talab nafaqat foiz stavkasiga, balki M.Fridmen bo’yicha, boshqa aktivlarning daromadlariga nisbatan pulning me’yorli foydaliligi ham bog’liq. Uning me’yorli foydaliliga qancha yuqori bo’lsa, pul talabi ham ko’payadi.
Pulning muomaladagi miqdori uning taklifini bildiradi. Pul taklifi ancha o’zgaruvchan bo’ladi, u iqtisodiy omillar bilan aniqlanmaydi, balki tashqi ta’sirdan yuzaga keladi. Pul taklifi markaziy bank tomonidan, tijorat banklari beradigan kreditlar miqdori, qimmatli qog’ozlar oldi-sotdisi bilan tartibga solinib turiladi. Pulga bo’lgan talab va pul taklifi monetar muvozanatni yuzaga keltiruvchi asosiy vositalar hisoblanadi. Bunda muvozanat ajralgan holda shakllanmaydi. Pul sektoridagi muvozanat tovar sektorida bo’ladigan jarayonlar bilan uzviy bog’langan.
Pul taklifidagi o’zgarishlarning YaIM bo’lgan ta’sirini monetaristlar va keynschilar har xil tushuntiradi. Keyns bo’yicha, pul-kredit siyosati (pul miqdorining o’zgarishi) asosida foiz stavkasi yotadi, u investitsiyaga va yalpi talabga ta’sir etuvchi asosiy omil sifatida qaraladi. Shu bilan birga u foiz stavkasi rolini juda oshirib yubormaslik kerakligini qayd qilib o’tadi. Bundan tashqari, foiz stavkasining pasayishi investitsion talabning doimo o’sishini keltirib chiqarmaydi (“investitsion tuzog’i” sababli), pul massasining ko’payishi esa foiz stavkasining pasayishini keltirib chiqarmasligi mumkin (“likvidlik tuzog’i” sababli).
Monetar nazariyada pul talabi va taklifi asosiy hisoblanadi. Ular tovarlarga va investitsiyalarga bo’lgan talabni pul oqimi (pul miqdori massasi)ga bog’lab tushuntiradi. Pul massasining bir oz ko’payishi tovar va xizmatlarga bo’lgan talabni oshiradi, lekin pul talabining me’yordan oshib ketishi baholarning oshib ketishiga olib keladi. Shuning uchun iqtisodiyotni tartiblovchi dastak sifatidagi baho mexanizmining amal qilishiga halaqit bermaslik kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |