Ishsizlik va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish yo‘llaridan biri – tomorqadan samarali foydalanish bilan bog‘liq. Bugungi kunda hukumat tomonidan tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 350 milliard so‘m ajratildi. Meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish hajmini 2 barobar oshirish, qoramol boqish bo‘yicha oilaviy kooperasiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, har bir oilani parranda boqqan davri uchun 500 ming so‘mdan rag‘batlantirish kabi amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Albatta, butun mamlakat aholisining hayoti uyda kechayotgan bir paytda to‘q yashashning muhim omillardan biri qishloq joylarida tomorqa va qishloq xo‘jaligidan foyda olishdan boshqa yana nima bo‘lishi mumkin? Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan kelgan mehnat muhojirlarimizning asosiy qismi qishloq joylari istiqomat qiladi. Davlatlar o‘rtasidagi chegaralarning yopiqligi, xalqaro ishchi kuchi migrasiyasining vaqtinchalik inobatga olinganligini hisobga olib, tomorqadan unumli foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish jarayonida vaqtinchalik ishsiz hisoblangan mehnat muhojirlari ham faol qatnashsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Prezidentimiz 2020 yil 8 aprelda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, tomorqachilikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha, 14 aprel kuni esa ushbu masalani yanada chuqurlashtirish hamda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilish o‘tkazib, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasi vakillari uchun ushbu inqiroz katta sinov bo‘lishi bilan birga, keng imkoniyatlar davri ekanligini qayd etdi. Bu borada kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rish yo‘llari ham ko‘rsatib berildi. Chunki oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojning 80 foizdan ortiqrog‘i aynan qishloq xo‘jaligi orqali qondiriladi.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mamlakatimizda aholining daromadlarini oshirish, bandligini ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini to‘liq bartaraf qilish bilan birga, meva va sabzovotlarni xorijiy mamlakatlarga eksport qilishdek katta imkoniyatlarga ham ega. Chunki soha xodimlarining o‘z kuchlarini to‘liq safarbar qilib ishlashi, ish natijasi bo‘yicha manfaatdorlikka ega bo‘lishi uchun imkoniyat yaratilgan.
Mazkur vileoselektorlarda va vaziyatni yumshatish bo‘yicha qabul qilinayotgan farmon va qarorlarda aholi, ayniqsa qishloq xo‘jalik xodimlari oldiga bir qancha ustuvor vazifalar qo‘yildi. Bular nimalardan iborat?
Birinchidan, mamlakatimizda mavjud sug‘oriladigan va ekin ekaladigan yerlardan unumli foydalanish lozim. Har bir qarich yerdan imkon qadar uch marta, bo‘lmasa ikki marta hosil olish choralarini ko‘rishga to‘g‘ri kelmoqda.
Ikkinchidan, har bir hududga mos ekinlarni ekish, yangi hosildor navlarni yetishtirish, imkoniyati bor joylarda zamonaviy innovasion texnologiyalarga asoslangan issiqxonalarni ko‘paytirish, tomorqadan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratish. Bu boradagi ishlarni butun mamlakat bo‘ylab ommalashtirish zarur.
Uchinchidan, hosildor va sermahsul chorva mollarini ko‘paytirish, xorijdan keltirilgan, mamlakatimizga moslashtirilgan chorva mollarini barcha hududlarda tarqatib, mahsuldorlikni ko‘tarishga erishish.
To‘rtinchidan, yangi yerlarni o‘zlashtirish, urug‘chilikni rivojlantirish, chetdan olib kelinayotgan urug‘larni o‘zimizda yetishtirish va mineral o‘g‘itlarni shularga mos holda ishlab chiqarish.
Beshinchidan, mamlakatimizga import qilinadigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, ayniqsa g‘alla va boshqa mahsulotlar o‘rnini qoplash bilan birga, ularning o‘rniga meva-sabzovot mahsulotlarini eksport qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |