Bog'liq chor rossiyasi tomonidan oqmachit pishpek va suzoq qal\'alarining bosib olinishi
Oqmachit qamali 1851-yilda Orenburg gubernatori V.A.Obruchev Xivaga yangi yurishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Qo‘qon xonligiga qarashli Oqmachit qal’asini egallash muhim ekanini bildirib imperatorga noma yo‘lladi (Mixaylov A.A. Perviy brosok na yug / A.A.Mixaylov. — M.: OOO “Izdatelstvo ACT”; SPb.: “Severo-Zapad Press”, 2003. — 429). Bu bilan Xivaga boradigan yo‘l ochilishi va mazkur hududlarda Qo‘qon hukmronligiga chek qo‘yish maqsad qilingan edi.
O‘sha yili Obruchev lavozimidan ozod etildi va uning o‘rniga yana V.L.Perovskiy Orenburg gubernatori etib tayinlandi va u ham Oqmachitni egallash fikrini qo‘llab-quvvatladi. Imperatorga yuborgan xatida Perovskiy Sirdaryo bo‘yidagi Xorazm va Qo‘qonga tegishli barcha qal’alarni buzib tashlash haqidagi fikrida qat’iy ekanini bildirdi.
1852-yilda Qo‘qonda yuz bergan ichki siyosiy inqiroz, ya’ni qipchoqlar qirg‘ini uning tashqi siyosatida ham o‘z ta’sirini ko‘rsatib mamlakatni ancha zaiflashtirdi. Bungacha ruslar Oqmachitga 1852-yilning bahorida birinchi marta hujum qilib, muvaffaqiyatsizlikka uchrab ortga qaytgan edi. Navbatdagi hujum 1853-yilning yoziga to‘g‘ri keldi. Orenburg gubernatori Perovskiy o‘z artilleriyalari yordamida o‘zbeklarni qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Shundan keyin qal’aga taslim bo‘lish haqida noma yubordi. O‘z xatida u shunday degan edi:
“Siz uni egallab turgan bo‘lishingizga qaramay, Oqmachit allaqachon mening hukmdorligim ostidadir. Biz bu yerga bir hafta yoki bir yil uchun kelmadik, balki umrbod yashashga keldik. Hayotingiz siz uchun qadrli bo‘lsa, taslim bo‘ling. Foydasiz jangda halok bo‘lishni istasangiz, bu sizning xohishingiz. Shuni bilingki, men sizlarga ochiq jang taklif qilmayapman, ammo qal’a eshiklarini ochmaguningizcha sizlarga o‘qlar yomg‘irini yog‘diraman”.
Perovskiyning ochiqchasiga tahdid va o‘ziga ishonch bilan aytgan bu gaplari har qanday dushmanni qo‘rqitishi, hech bo‘lmaganda, qandaydir tashvish uyg‘otishi mumkin edi. Ammo qal’adagilar uning bu tahdidlariga javoban dushmanga qarshi o‘z ozodliklarini saqlab qolish uchun oxirgi qurol va o‘qlari qolguncha jang qilishlarini bildirdi. Shunday qilib Oqmachit o‘qqa tutildi.
Eski hisob bo‘yicha 1853-yilning 3-iyul kuni 18 kunlik yo‘ldan keyin ruslar qal’a devorlariga yaqinlashdi. Oxirgi eshelonlar ikki kundan so‘ng yetib keldi. Tayyorgarliklar tugashi bilan ikki o‘rtada otishmalar boshlandi. Qal’adagilar qo‘lda tayyorlangan granatalarni dushman tomonga uloqtirdi. Rus otryadlari esa 40 ta raketa va 160 ta snaryadlar bilan hujum qildi. Ammo qal’aning sakkiz metr qalinlikdagi devorlari uchun ushbu artilleriya hujumlari katta xavf tug‘dirmadi va samarasiz bo‘lib chiqdi. Qal’a mudofaachilari esa miltiqlardan dushmanga qarata aniq o‘q uzdi.
11-iyulga kelib sharqiy minora artilleriya yordamida qulatildi. Barcha 12 ta bo‘linma ushbu hududga kelib o‘rnashdi. Ammo ushbu muvaffaqiyatdan unumli foydalana olishmadi. Zudlik bilan hujum qilmaganliklari oqibatida qo‘qonliklar buzilgan yoriqni 13-iyul kechasi qaytadan yopib qo‘ydi.
Uzoq tanaffusdan keyin eski hisob bo‘yicha 28-iyulga, yangi hisob bo‘yicha 10-avgustga o‘tar kechasi yakuniy hujum boshlandi. Bunda sapyorlar jamoasi katta rol o‘ynadi. Qal’a devorining buzilgan qismi ostiga minalar joylashtirildi va devor qulatildi. Devorning buzilgan joyiga qarata artilleriyadan hujumlar uyushtirildi. Ammo hujum mudofaachilar tomonidan mardonavor qaytarildi.
Ikki marta ruslar hujumi qaytarildi. Uchinchi hujumdan keyin ruslar qal’a devorini egalladi va shu yerdan qal’a ichiga qarata o‘q yog‘dirdi (Grebner A.V. “Osadi i shturmi sredne-aziyatskix krepostey i naselennix punktov”. Ocherk A.Grebnera. (Otdelniy ottisk iz Injen. jurn. № 1 i 2 1897 g.). SPb., Tipografiya i Litografiya V.A.Tixanova, Sadovaya, № 27, 1897. — 78 s., 3 l. Chert).
Tonggi 4:30 da qal’a egallandi va qal’a qo‘mondoni Muhammad Vali jang paytida shahid etildi.