Muammoning o‘rganilganlik darajasi. Grafikaviy tayyorgarlik oliy texnik ta’lim tizimida professional tayyorgarlik asosi sifatida S.M.Kolotov, M.YA.Gromov, V.E.Mixaylenko, R.Xorunov, Yu.Qirg‘izboev, K.Qobuljonov, Sh.Murodov, J.Yodgorov, A.Akbarov, I.Raxmonov, P.Odilov, R.Ismatullaev, D.F.Ko‘chkarova, T.J.Azimov, E.Sobitov kabi olimlar o‘z darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan grafika fanlari (xususan, chizmachilik) mazmunini rivojlantirdilar, chizmachilik fanini o‘qitish metodikasiga A.D.Botvinnikov, V.N.Gerver, A.Umronxo‘jaev, E.Ro‘ziev kabi olimlar salmoqli hissa qo‘shgan.
Jumladan, olimlar yarim ob’ektni to‘liq shartli tasvirga almashtirish, natural ob’ektni qirqimga almashtirish (L.M.Gosudarskiy), o‘zaro qo‘shiluvchi tasvirlarni almashtirish (I.S.Yakimanskaya), sxematik va simvolik tasvirlarni yaqqol tasvirga almashtirish (A.D.Botvinikov, A.Umronxo‘jaev), sirtlarni yoyish jarayonida ob’ektni almashtirish (V.N.Gerver), tavsifga asosan tasvir yasash (A.M.Krupennikova), tasvirlarni almashtirish usullari (G.R.Kim), tasvirlarni almashtirishda komp’yuterdan foydalanish (J.Yodgorov), chizmachilikda AutoCAD grafik paketidan foydalanish (T.Rixsiboev), fazoviy tasavvurni rivojlantirish (E.N.Vlasov, V.Yu.Sherbakova) va fazoviy almashtirishlar jarayonida o‘quvchilarning bilish faoliyatini rivojlantirish omillri (N.Yadgarov) kabi mavzularni tadqiq qilgan.
Grafikaviy ta’limning nazariy va amaliy asoslari A.D.Botvinnikovning o‘rta umumta’lim maktabi o‘quvchilarining grafik bilim, malaka va ko‘nikmalarini shakllantirishga, A.Umronxo‘jaevning o‘rta maktabda chizmachilik o‘qitishni takomillashtirishga, N.Hurboevning o‘quvchilarning grafik tayyorgarligiga integrativ yondoshishning ilmiy – metodik asoslarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan ishlarida tadqiq etilgan. Tadqiqotchi B.J.Xo‘jaevning o‘quvchilarda grafik bilim va malakalarni shakllantirish jarayonida o‘qitishni intensivlashga bag‘ishlangan tadqiqotida grafik ta’limni intensiv tashkil yetishning pedagogik shart - sharoitlari ishlab chiqilgan. Unda grafik bilim va malakalarni shakllantirish jarayonida grafika o‘qitishning intensiv yo‘l, shakl va vositalari tavsiya etilgan.
Oliy ta’lim muassasasi talabalarining grafikaviy tayyorgarlik masalalari A.Ya.Blausning oliy maktabda grafik fanlar mazmuni va uni o‘qitish metodlariga, V.N.Vitchenkoning pedagogika oliy o‘quv yurtlarida bo‘lajak o‘qituvchilarning grafik tayyorgarlik mazmun va tuzilmasiga bag‘ishlangan ilmiy ishlarida tadqiq qilingan. E.I.Ro‘ziev tadqiqotlarida oliy pedagogik ta’lim tizimida grafika fanlari o‘qituvchilarini tayyorlashning nazariy va amaliy asoslari tadqiq etilgan bo‘lsa, Sh.Abduraxmonov «Chizma geometriya» kursini o‘qitish mahsuldorligini oshirish muammolarini tadqiq etgan. K.A.Zoyirov uzluksiz ta’lim tizimida bo‘lajak mutaxassislarning grafik tayyorgarligini jadallashtirish muammolarini tadqiq etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |