4. Klisfenning islohotchilik faoliyati. Pisistrat va uni o`g`illarining 50 yillik (er. avv. 560-510-yillar) tiraniyasi ag`darilganidan so`ng, yevpatridlarning o`z hukmronliklarini tiklashga urinishlari Afina demosining keskin qarshiligiga uchradi. Shunday bir sharoitda demos qo`llab-quvvatlagan Klisfen yangi islohotlarni o`tkardi (er. avv. 509-507-yillar). Afinadagi obro`li Alkmeonid urug`idan bo`lgan Klisfen er. avv. 509-yilda qo`shimcha vakolatlar bilan Birinchi arxont lavozimiga saylandi. Uning islohotchilik dasturining asosiy maqsadi Solon asos solgam demokratik muassasalarni rivojlantirish va mustahkamlash, demokratiyani oligarxik to`ntarish yoki tiraniyaning o`rnatilishidan himoya qilish mexanizmini yaratish edi. U, eng avvalo, demokratiyaning ijtimoiy tayanchi sifatida Afina fuqarolik jamoasini mustahkamladi va kengaytirdi. U ma’muriy-hududiy islohotni amalga oshirdi. Attika hududi urug`chilik tashkilotining o`rniga 10 ta yangi hudud-filga ajratildi. Har bir fil o`z ichiga o`n demni olgan bo`lib, har bir dem oliy ma’muriy organ Besh yuzlar kengashiga birdan 25 kishigacha a’zo saylagan.Yana bir siyosiy yangilik tiraniyaning o`rnatilishiga qarshi qo`yilgan ostrakizm tamoyili bo`ldi. Ostrakizmga ko`ra, Afina davlat tuzumiga qarshi jiddiy xavf tug`dirgan shaxs, siyosiy arbob ovoz berish yo`li bilan Afinadan quvg`in qilingan. Bu tamoyil siyosiy hayotda er. avv. 487-yildan 417-yilgacha qo`llanib, shu davrda tiraniyaning uch tarafdori Afinadan haydab yuborilgan.Bu urug`chilik aloqalarining uzilishi va aholining aralashib ketishiga olib keldi. Endilikda Attika aholisi yashash joyiga qarab hududiy aloqalar bo`yicha birlashdi. Urug` fillari to`la tugatildi.
To`rt yuzlar kengashi endilikda 500 fuqaroni o`z tarkibiga kiritdi. Har yangi 10 hududiy fildan 50 kishi bu kengashga saylandi. Shu bilan birga, yangi Besh yuzlar kengashi tarkibi (Bule) har yili to`la yangilandi. Kengash a’zolari qur`a tashlash yo`li bilan saylandi. Ikki martadan ortiq saylanish mumkin emas edi. Klisfen tub joy aholi huquqiga kelgindi aholi huquqini tenglashtirdi. Endi fuqarolik qadimgi urug` filiga mansublik bilan emas, balki eng kichik hududiy birlik-demga mansublik bilan belgilandi. Endilikda har bir fuqaro o`z ismiga otasining avlodi ismi emas, o`z demining nomini qo`shdi. Bu fuqarolik jamoasining barqarorligiga olib keldi.
Klisfen Afina demokratiyasiga tahdid solishi mumkin bo`lgan obro`li boy fuqaroni aniqlaydigan ostraktizm tamoyilini joriy qildi. Afinada o`z shaxsiy hokimiyatini o`rnatishga gumon qilingan fuqaro sud qarori bo`yicha ovoz berish yo`li bilan Afinadan quvg`in qilinadigan bo`ldi. Klisfen islohotining ahamiyati shundaki, bu islohotlar urug`chilik munosabatlari va urug` zodagonlarining hokimiyati qoldiqlarini to`la tugatdi. Afina davlat qurilishiga demokratiyaning to`la hukmronligini o`rnatdi. Barcha Afina fuqarolari (Afinada yashayotgan chet elliklar, qullar bundan mustasno) polisning siyosiy hayotida faol qatnashdilar. Ular har qanday davlat lavozimlariga saylanishlari, o`z fuqarolik jamoalari siyosiy hayotini eng muhim muammolarini yechishda ishtirok etishlari mumkin edi. Barcha yunon polislari orasida Afina davlati eng ilg`or va rivojlangan demokratik davlat qurilishiga ega edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |