BUYUK IPAK YO‘LI
O‘zbek xalqi jahon taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan qadimiy xalqlardan biridir. Necha ming yillar muqaddam mamlakatimiz hududida dehqonchilik, hunarmandchilik, me’morlik, ilm-fan va san’at sohalari bilan birga tijorat ishlari ham keng taraqqiy etgan. O‘lkamiz savdo ahli o‘z kasbining sir-asrorlarini a’lo darjada bilgan, asrlar mobaynida o‘z ellarining xilma-xil ziroat va kasb-hunar mahsulotlarini manzur qilgan.
O‘sha zamonlardayoq yurtimiz hududi orqali o‘tgan karvon yo‘llari barcha el-elatlarga mansub savdogarlarning uzog‘ini yaqin etgan, uzoq safarining, joni va molining bexatarligini ta’minlagan.
Shu yo‘llardan qadimgisi va gavjumi Buyuk Ipak yo‘lidir. Dastlab Xitoy ipagi ayni shu yo‘ldan Hindiston, Markaziy Osiyo va Kichik Osiyo (hozirgi Turkiya)ga jo‘natilgani sababli ham u «Ipak yo‘li» deb nomlangan. Eramizdan avvalgi 2-asr oxiridan boshlab obod bo‘lgan va 9 ming kilometrlik masofaga yastangan Buyuk Ipak yo‘lining tarmoqlari qaysi o‘lkalardan o‘tgan?
Avvalo u Xitoyning Xuanxe daryosi bo‘yidagi Sianshahridan boshlanib, Lanchjou shahri orqali Dunxun manziligacha davom etgan. Bu joydan yo‘l ikkiga ajralib, biri shimoli-g‘arb, ikkinchisi janubi-g‘arb tomon yetaklagan. Shimoliy yo‘ldan Turfon orqali Tarim vodiysiga, so‘ng Qashqar va Farg‘ona, undan Samarqand va Marv shaharlariga, janubiy yo‘ldan esa Xo‘tan, Yorkent va Pomir tizma tog‘lari ortidan Balx shahriga o‘tilgan. Balxda yo‘l yana ikkiga bo‘linib, biri — Hindistonga, boshqasi — Marvni kesib o‘tib, Eron orqali Mesopotamiyaga, undan Bag‘dodga, Dajla daryosi o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab Damashq shahriga va nihoyat, O‘rta dengiz shaharlari orqali Quddus shahri va Misr mamlakati sari boshlagan.
Qadim ajdodlarimiz Buyuk Ipak yo‘lining qoq markazida yashagani uchun ko‘plarining kasbi savdogarchilik bo‘lgan. O‘lkamizdagi o‘nlab rabotkarvonsaroylar, mavzelar, musofirxonalar, doimiy xizmatxonalar tijorat ahlining og‘irini yengil qilgan. Tarixchi olim Narshaxiy yozishicha, Buxoro viloyatidagi Paykand shahri «savdogarlar shahri» deb atalgan, uning ko‘pchilik aholisi tijorat ishida mashg‘ul bo‘lib, Xitoy bilan aloqa qilgan va juda boyib ketgan. Xitoy sayyohi Vay Sze samarqandliklar haqida shunday dalolat beradi: «Barcha aholi—mohir savdogar. O‘g‘il bola besh yoshga kirdimi, bas. Savodini chiqarishadi. Xat taniy boshlashi bilanoq majburiy suratda tijorat ishiga o‘rgatishadi».
Buxoro va Samarqand, Urganch va Toshkent, Farg‘ona va Termiz, Qiyot va Xiva shaharlarida yashagan hunarmandlar qo‘lidan chiqqan yuzlab xil mahsulotlar, qurol-yarog‘lar, yoy-kamonlar, idish-tovoqlar, zargarlik, kulollik va zardo‘zlik buyumlari, ip va ipak gazmollar, movutlar, gilam va poyondozlar, egar-jabduqlar, pichoq-qaychilar, mo‘ynalar, doshqozonlar, ko‘n-terilar, oq qog‘ozlar, ziroatchilar yetishtirgan asal, yong‘oq, mayiz, tar va qoqi mevalar karvon yo‘llar orqali yetti iqlim mamlakatlariga yetkazib berilgan, o‘z navbatida, xorijiy ellarning ming bir xil mollari yuqorida tilga olingan o‘z shaharlarimizdagi obod bozorlarda sotilgan.
Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan karvonsaroylarda savdogarlar uchun barcha imkoniyat muhayyo bo‘lgan. Ular har 20—25 kilometrda joylashgan bo‘lib, bu yerda tijoratchilar o‘zlariga zarur tovarlarning narxini surishtirib-bilib olishgan, xarid qilgan mollarini manzilga eson-omon yetkazib olib borish maqsadida shirkatlar tuzishgan, yo‘lda uchrab turadigan qaroqchilarni daf qilish uchun qurollangan posbonlar yollashgan. Turli el-elatlarga mansub savdogarlar maxsus tilmochlar orqali o‘zaro til topishgan. Oldi-sotdi ishlarida asosan oltin, kumush va mis tangalar qo‘llanilgan. Ayni vaqtda cheklardan ham foydalanishgan. Mazkur tangalar davlat boshlig‘i yoki hokimlar nomidan zarb qilingan. Chek olish uchun savdogar ishonchli sarrof — pul ayirboshlovchi kishiga bor pulini topshirib, undan tegishli hujjat — yorliq olgan, so‘ng karvon bilan yetib borgan joydagi boshqa bir sarrofga yorliqni taqdim etib, undan pulini yuz foiz qaytarib olgan. Aytaylik, Turkiya poytaxti — Istambulda imzolangan—muhr bosilgan chek Xitoyning Xonbaliq (hozirgiPekin) shahrida bemalol o‘tardi, ya’ni xuddi o‘shancha miqdordagi pul yoki molga almashtirish mumkin edi. Savdo-sotiq ishlari o‘zaro mol ayirboshlash (mavoza) asosida yuritilardi: savdogar o‘z moliga narx belgilab, uni boshqa bir narxdagi molga almashtirardi. Shuningdek, tijoratchilar bir mamlakatdan ikkinchisiga, bir shahardan boshqasiga tovar olib o‘tayotganda, uning qiymatiga qarab aniq belgilangan miqdorda soliq to‘lashga majbur edi. Soliqdan tushgan daromad yo‘l va karvonsaroylar qurish hamda ularni obod qilish, savdogarlar havfsizligini ta’minlash, hunarmandchilik va dehqonchilikni rag‘batlantirish maqsadlarida sarflangan.
O‘rta Osiyo respublikalari mustaqil bo‘lgach, Qadimda Sharq bilan G‘arbni bog‘lab turgan Buyuk Ipak yo‘lini qayta tiklash g‘oyasi olg‘a surildi va shu maqsadda ma’lum tadbirlar ko‘rildi. Xitoy davlatini O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston orqali O‘rta dengiz sohilida joylashgan mamlakatlar, so‘ng esa Yevropani bog‘laydigan temiryo‘l qurishga kirishildi...
Hademay siz, aziz farzandlarimiz uchun mana shu ulug‘ yo‘l bo‘ylab sayr-u sayohat qilish, dunyoni ko‘rish imkoni tug‘iladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |