Ilk o‘rta asrlarda Buyuk ipak yo‘li.
Buyuk ipak yo‘li mil. avv. II asrdan boshlab mavjudligi sizga ma’lum. U Uzoq hamda Yaqin Sharq mamlakatlari va xalqlarini o‘zaro bog‘lab, O‘rta Osiyo hududlari orqali o‘tgan. Ipakning vatani Xitoy hisoblanadi. Ipakchilik bu yerdan Sharqiy Turkiston, Hindiston va O‘rta Osiyoga kirib kelgan. Ammo savdogarlar bu yo‘l orqali nafaqat ipak, balki boshqa mollar ham tashishgan. Buyuk ipak yo‘li orqali jahongashta sayyohlar, shoirlar, olimlar, rassomlar va musiqachilar uzoq yurtlarga qatnashgan. Ko‘plab yuz-yilliklar mobaynida o‘tgan asrlar madaniyatining ulkan yutuqlari xalqaro ayribosh qilingan.
Qadimda bo‘lgani singari ilk o‘rta asrlarda ham eshakda, otda va tuyada, shuningdek, aravada yurish asosiy harakat vositasi sifatida saqlanib qolgan.
Karvonlar kunduzi harkatlanib, odatda 25-30 km yo‘l bosishgan. Yo‘l olis va mashaqqatli bo‘lgan. Ko‘pincha kishilar kimsasiz qumliklarda qum to‘zoniga yoki sovuq tog‘ daralarida qor bo‘roniga duch kelganlar. Ular katta daryolarni kechib o‘tishlariga to‘g‘ri kelgan. Karvonlarga ko‘pincha qaroqchilar hujum qilishgan. Jangari ko‘chmanchilar kishilarni asirlikka olganlar. Jahongashta sayyohlar ochlik, tashnachilik va sovuqdan aziyat chekkanlar. Ko‘plari halok bo‘lganlar, ammo chidamli va ruhi tetiklari olg‘a yurishda davom etganlar.
Ilk o‘rta asrlarda O‘zbekiston hudulari orqali turli yo‘llar o‘tgan. Ular tumanlar va shaharlarni, shuningdek, qo‘shni mamlakatlarni o‘zaro bog‘lab turgan.
Hozirgi yo‘llar, qadimgi yo‘llar o‘rniga deyarli mos keladi. Xaritani oling hamda ushbu yo‘llarning yo‘nalishiga e’tibor qiling.
Yo‘llarning biri Toshkentdan Qamchiq dovoni orqali (xuddi hozirgiday) Farg‘ona vodiysiga va undan Sharqiy Turkistonga olib borgan.
Boshqa muhim bir yo‘l Mirzacho‘l orqali Samarqandga olib borgan. Bu yerdan karvonlar Buxoro vohasi va Xorazmga, janubiy yo‘nalishda esa Kesh va Termizga yo‘l olganlar.
Bu yo‘llarning bari Buyuk ipak yo‘lining asosiy tarmoqlariga ulangan edi. Masalan, karvonlar Buxorodan Qoraqumcho‘llari va Marv shahri orqali Eronga, Termiz va Balxdan Hindistonga, Chochdan Yettisuv, Oltoy va Xitoyga qatnaganlar.
Ilk o‘rta asrlarda Xorazmdan Volgabo‘yi, Kavkaz va Qoradengiz bo‘ylariga eltuvchi yo‘l muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu yo‘l Buyuk ipak yo‘lining shimoliy tarmog‘iga tutashgan edi.
Buyuk ipak yo‘lidagi savdo turli xalqlarning ishlab chiqarishda erishgan yutuqlarini, texnik ixtirolarini, ayrim qishloq xo‘jalik ekinlari va xonaki hayvon turlarini bir-birlaridan o‘zlashtirib olishlariga imkoniyat yaratib bergan.
Beda va uzum yetishtirish Farg‘onadan Xitoyga tarqalgan. Shunigdek, Xitoydagi shishasozlikda ham O‘rta Osiyoning ta’siri bo‘lgan.
Badaxshon, Choch va Tohariston tog‘laridan qazib olinadigan yarim qimmatbaho toshlar, shuningdek, O‘rta Osiyoning dorivor giyohlariga Uzoq Sharqda talab katta bo‘lgan. O‘rta Osiyo xalqlari xitoyliklarga zig‘ir tolasi va junga ishlov berish hamda gilamdo‘zlik sirlarini o‘rgatganlar.
Xitoydan G‘arbga ipak va shoyi matolar olib borilgan. O‘rta Osiyo va umuman Sharqda Xitoy oynasiga hamda tog‘ ma’dani - nefritga talab katta bo‘lgan. So‘g‘d tangachiligida Xitoyning ta’siri ko‘zga tashlanadi.
Buyuk ipak yo‘lining sharofati tufayli ilk o‘rta asrlarda Hindiston, Eron, Kavkazorti mamlakatlari hamda Vizantiya imperiyasi halqaro savdo tizimiga keng jalb qilinadi. Xitoy, Fors va Vizantiya tangalari, shuningdek, Arab dengizi chig‘anoqlari va Hindiston durlari O‘rta Osiyoda keng tarqalgan topilmalar jumlasiga kiradi. Xitoy bilan savdo va madaniy aloqalarning rivojida toxaristonliklar, chochliklar, turkiylar va so‘g‘diylar katta rol o‘ynaganlar. So‘g‘dlik savdogarlar, hunarmandlar va binokorlar to IX asrga qadar Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab o‘z manzil-makonlarini solganlar.
So‘g‘d barpo qilganlar Yettisuv va Sharqiy Turkistonda ma’lum edi. Bu yerdan ular Xitoyning Dunxuan shahriga, so‘ngra esa Mo‘g‘uliston va Janubiy Sibir hududlarigacha yetib borganlar.
So‘g‘diylar Xitoyda jamoa bo‘lib yashaganlar. Ularning ko‘pchiligi samarqandliklar edi. Ular o‘z vatanlarida qolgan samarqandlik yaqinlari va qarindoshlari bilan xat yozishib turishgan.
So‘g‘diylarning ayrim xususiy maktublarini ingliz olimi A.Steyn 1907-yili Buyuk Xitoy devori burjida olib borgan qazishmalari chog‘ida topib olgan. Ular fanda «Eski maktublar» degan nom olgan.
Ushbu maktublar Xitoyning turli shaharlarida qog‘oz va ipakka bitilgan edi. Ular Samarqandga jo‘natishga mo‘ljallangan, ammo o‘z egalariga yetib bormagan. Maktublarning ikkitasi so‘g‘dlik Mevinchoy ismli qizga tegishli bo‘lgan.
Mahsulotlar va insonlarning, bilimlar va madaniyat yutuqlarining Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab olis masofalarga tarqalishi va qo‘shilishi sodir bo‘ldi. Bu faqat diniy falsafa va turli xalqlarning urf-odatlaridangina iborat bo‘lmasdan, yozuv tizimi, badiiy asarlar, musiqa va musiqiy asboblar, badiiy madaniyatning ko‘plab an’analarini ham o‘z ichiga olgan.
So‘g‘d yozuvi Sharqdagi uzoq o‘lkalarga kirib borgan. Sharqiy Turkistondan So‘g‘d ertak va qissalarining matnlari topilgan. Bular - «Maymun bilan tulki», «Dur teshuvchi», «Rustam va uning devlar bilan jangi haqida qissa» va boshqalardir.
VII-VIII asrlarda Xitoyda Chochlik, Samarqandlik va Buxorolik musiqachilar va raqqosalar katta e’tibor qozonganlar. Ular Xitoyga ilgari noma’lum bo‘lgan musiqa asboblari: arfa, ud va nayni olib kelganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |