Xitoy manbasi «Bey-shu»ning karvon yo‘lida cho‘l bo‘ylab sayohat qilishning mashaqqatlari va xavfi haqidagi ma’lumotlari.
«Yoz paytida u yerda sayyohlarga falokat keltiruvchi issiq shamol esadi. Mazkur shamol boshlanganda qari tuyalar o‘kira boshlaydilar va bir joyga to‘planib, boshlarini qumga yashiradilar. Insonlar buni ogohlantirish sifatida qabul qiladilar va darhol og‘iz-burunlarini jun mato bilan o‘rab oladilar. Shamol tezda o‘tib ketadi. Ammo kimda kim o‘ranib olmasa halok bo‘lishi mumkin».
Ushbu xulosani va butun paragrafni o‘qib chiqib siz tarixning turli davrlarida hech narsa - na urushlar, na ulkan sahrolar, na insonlar va mamlakatlarni o‘zaro ajratib turuvchi baland tog‘lar va daryolar xalqaro aloqalar rivojini, turli tsivilizatsiyalar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni to‘xtata olmasligi haqida xulosa chiqarishingiz mumkin. O‘tmishda insoniyat madaniy taraqqiyotining asosini bunyodkorlikka, madaniy aloqalarga va o‘zaro hamkorlikka intilish tashkil qilgan. Bu o‘ ta muhim va zarur shartdir. Hozirda va kelgusida mazkur ezgu an’analarni yangi asoslarda chuqurlashtirish va rivojlantirish lozim.
“O‘zekspomarkaz”da “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan XVI Xalqaro Toshkent sayyohlik yarmarkasi ochildi.
“Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” deb nomlangan mazkur yarmarkada mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning sayyohlik firmalari hamda kompaniyalari vakillari, soha mutaxassislari, olimlar va ekspertlar, shuningdek, BMT Jahon sayyohlik tashkiloti “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasida ishtirok etayotgan mamlakatlarning milliy sayyohlik ma’muriyatlari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E.G‘aniyev tadbirning ochilish marosimida mamlakatimizda sayyohlikni rivojlantirishga katta e’tibor berilayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatimiz sayyohlik infratuzilmasi tubdan o‘zgardi. Yangi sayyohlik yo‘nalishlari shakllandi, zamonaviy mehmonxonalar qad rostladi, tarixiy yodgorliklar va muqaddas qadamjolar qayta tiklanib, obodonlashtirildi, yangi yo‘llar barpo etildi. Har yili o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro Toshkent sayyohlik yarmarkasi ham ushbu jarayonga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Yarmarka o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida ushbu soha vakillarining amaliy muloqoti uchun ajoyib imkoniyat yaratmoqda.
BMT Jahon sayyohlik tashkilotining bosh kotibi Taleb Rifai O‘zbekiston katta sayyohlik salohiyatiga ega ekanini alohida ta’kidladi. So‘nggi yillarda sohada jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, ko‘plab yangi sayyohlik yo‘nalishlari ochilib, eski transport kommunikatsiyalari rekonstruksiya qilinmoqda, yangilari barpo etilayotir. Bu esa, o‘z navbatida, infratuzilmani yanada rivojlantirish, yurtimizga har yili tashrif buyuradigan sayyohlar sonini ko‘paytirishga yordam bermoqda. Bu borada chet el sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlik kengayib, mustahkamlanmoqda. 1995 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinayotgan mazkur yarmarka sayyohlik sohasida Markaziy Osiyodagi yirik xalqaro anjuman hisoblanadi. Bu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasidir. Jahon sayyohlik tashkilotining Samarqandda o‘tadigan navbatdagi majlisi “Buyuk Ipak yo‘li” brendini jahon sayyohlik bozoriga olib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining 2006 yil 17 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida 2006-2010 yillarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori sayyohlik sohasini yanada takomillashtirishda muhim dasturilamal bo‘layotir. Yarmarka mamlakatimiz va xorijiy sayyohlik biznesining keng doiradagi vakillarini bir joyda jamlaydigan muhim tadbir hisoblanadi.
Bu yil Xalqaro Toshkent sayyohlik yarmarkasi «O‘zekspormarkaz»ning ikkita ko‘rgazma zalida o‘tkazilyapti. Uning ishtirokchilari soni ham yil sayin ko‘paymoqda, taklif etilayotgan xizmatlar ko‘lami kengaymoqda. Bu galgi anjumanda Ozarboyjon, Germaniya, Gretsiya, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Kipr, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Tailand, Turkiya, Chexiya, Shveysariya kabi dunyoning 36 mamlakatidan 500 sayyohlik kompaniyasi qatnashmoqda. Iordaniya Qirolligi esa mazkur tadbirda ilk bora ishtirok etayotir.
Bu galgi Xalqaro Toshkent sayyohlik yarmarkasining asosiy vazifasi – ishtirokchilar va bu yerga tashrif buyuradiganlar e’tiboriga turli dam olish tadbirlari, yangi sayyohlik yo‘nalishlari haqida zarur axborot taqdim etishdan iborat. Anjumanda joriy yil yoz mavsumi yakunlari sarhisob qilinib, kelasi yilgi rivojlantirish yo‘nalishlari belgilanadi.
Sayyohlik yarmarkasining o‘tkazilishi mamlakatlar o‘rtasida ushbu sohadagi hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Zero, O‘zbekiston ulkan sayyohlik salohiyati, bebaho madaniy merosga ega mamlakat bo‘lib, o‘zining betakror tabiati bilan har qanday odamni maftun etadi. Bu esa yurtimizda sayyohlikni yanada rivojlantirish va xorijiy mehmonlar sonini ko‘paytirishga yordam beradi.
Yarmarkada ichki sayyohlik va kirish turizmini rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelayotgan mintaqaviy vakolatxonalarni o‘zida mujassam etadigan «O‘zbekiston turizmi» milliy pavilyoni tashkil etilgan. Uning stendlarida O‘zbekiston sayyohlik sohasini rivojlantirishga yordam berayotgan tashkilotlar faoliyati namoyish etilmoqda.
Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahasida joylashgan O‘zbekistonning boy salohiyatini namoyish etadigan “O‘zbekiston turizmi” milliy pavilyoni mamlakatimizning sayyohlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan hududiy ma’muriyatlari va subyektlarini, o‘quv va sog‘lomlashtirish markazlarini, muzeylar, sayyohlik kompaniyalari, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining hududiy bo‘limlari hamda sayyohlik byurolarini birlashtiradi. Bu yerda soha salohiyatini jahon sayyohlik bozoriga olib chiqish maqsadida yurtimizning noyob tarixiy-me’moriy yodgorliklari, buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi, tabiatimizning rang-barangligi, asrlar davomida yashab kelayotgan milliy hunarmandchiligimiz namunalari, xalqimizning urf-odatlari va bayramlari namoyish etilayotir.
Ekspozitsiya konsepsiyasiga ko‘ra, pavilyon mavzularga qarab bir qancha qismlarga bo‘lingan. Ularning asosiy qismini “O‘zbekiston – sayyohlik mamlakati” ekspozitsiyasi, “Transport xizmatlari”, “Mehmonxona biznesi – sayyohlik sanoatining muhim tarkibiy qismi”, “O‘zbekiston restoranlari” stendlari tashkil etadi. Shuningdek, yarmarka kunlari O‘zbekistonning o‘ziga xos an’analari, betakror xususiyatga ega har bir hududining brendlari namoyish etiladi. Bu mamlakatimizning har bir go‘shasining o‘ziga xos jihatlari bilan tanishish, ko‘hna va navqiron diyorimizning go‘zal qiyofasini ko‘rish, uning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shayotgan hissasini baholash imkonini beradi.
Yarmarkaga tashrif buyurganlar Buyuk ipak yo‘lining bizga qoldirgan ulkan merosi bilan ham tanishishi mumkin. Qadimiy me’morchiligimizning 4000 dan ortiq yodgorliklari – saroy va qal’alar, maqbara va machitlar, madrasa va minoralar har yili mamlakatimizga dunyoning barcha joylaridan ko‘plab sayyohlarni jalb qilmoqda.
Mamlakatimizga kelayotgan xorijlik mehmonlar orasida sayyohlikning ekologik, folklor-etnografik, ilmiy-ma’rifiy turlari, ekstremal taassurotlar – yilning har qanday vaqtida toqqa chiqish, rafting, trekking, ot yoki velosipedda, sahro kengliklarida mashinada sayohat qilishni xush ko‘radigan ishqibozlar ham ko‘plab topiladi. Bundan tashqari, yurtimizning noyob tabiiy davolash-sog‘lomlashtirish hududlari ham e’tiborga molik. Shu sababli, sayyohlik va dam olish infratuzilmasiga, mamlakatimiz hamda chet ellik sayyohlarni qabul qilish uchun sog‘lomlashtirish zonalari va sanatoriylarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ham ekspozitsiyada o‘z ifodasini topgan.
Yarmarkada sayyohlik mavsumi yakunlari bo‘yicha “2009 yilda O‘zbekiston sayyohlik sohasining eng yaxshi vakillari” respublika tanlovi g‘oliblari – eng yaxshi kirish, chiqish va ichki sayyohlik turoperatori, O‘zbekistonning eng yaxshi mehmonxonasi, restorani, gid-ekskursiyachisi, sayyohlik sohasining eng yaxshi haydovchisi, jurnalisti, o‘quv yurti, eng yaxshi yoshlar sayyohlik loyihasi muallifi, sayyohlik sohasidagi eng yaxshi ilmiy tadqiqot, eksklyuziv stend, yil murabbiyi va xodimiga diplomlar topshirildi.
Samarqand shahar tarixiy liboslar teatrining taqdimoti, shou-dastur va modellar namoyishi yarmarka ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. “Osiyo ramzi” modelyerlar uyushmasining qizlari ishtirokida o‘tkazilgan O‘zbekistonning milliy folklori namoyishi ham jozibali bo‘ldi. Shuningdek, yarmarka ishtirokchilari “Sharq bozori” hududida tashkil qilingan xilma-xil va mazali o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘ldilar. Yarmarkaning hunarmandlar ekspozitsiyasida milliy amaliy-bezak san’atining mohir ustalari ishtirokchilar e’tiboriga o‘zlarining betakror va bejirim buyumlarini havola etdilar.
– Biz Toshkent yarmarkasida ilk bor ishtirok etyapmiz, – deydi Iordaniya Qirolligi sayyohlik boshqarmasi vakili Ahmad Krashan. – Yarmarka menda juda katta taassurot qoldirdi. Endi o‘zbekistonlik hamkasblar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni, mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish niyatidamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |