Tayanch iboralar: Iqtisodiyot, korxona iqtisodiyoti, induksiya, deduksiya, analiz, sintez,
infratuzilma, xujalik yurituvchi sub`yekt, firma, korxona, xolding kompaniyasi, huquqiy shaxs,
franchayzer, franchayzi, franchayzing, nizom (ustav), kompaniya, aksiyadorlik jamiyati, trest,
sindikat.
1.1. Iqtisodiyot fan va ishlab chiqarish faoliyatining sohasi sifatida
“Borliq ongni belgilaydi” iborasi ma`lum bir jihatlari bilan har bir inson hamda jamiyat
hayoti va iqtisodiyotning tuzilishini anglatadi. Shu sababli iqtisodiyotning oila o`chog’i
miqyosida, shuningdek, korxona, tarmoq va butun xalq xo`jaligi miqyosida ko`rib chiqilishi
bejiz emas. So`nggi holatda gap makroiqtisodiyot haqida, uning tendentsiyalari, qonuniyatlari
haqida borib, unda ko`rib chiqiladigan muammolar ba`zi hollarda korxona iqtisodiyotidan
sezilarli ravishda farqlanadi.
“Iqtisodiyot” atamasi birinchi bor Aristotel tomonidan kiritilgan hamda odamlarning
tovar ishlab chiqarish va ayirboshlashdagi xo`jalik faoliyatini anglatgan. Tovar ishlab chiqarish,
ayirboshlash va realizatsiya qilish tizimi qanchalik yaxshi tashkil qilingan bo`lsa, iqtisodiyot
ko`rsatkichlari va aholining turmush tarzi, resurslarsdan oqilona foydalanish, bahoni
shakllantirish, soliqqa tortish, samarali qo`llanuvchi boshqaruv tizimi kabi omillarni hisobga
olgan holda, shunchalik yuqori bo`ladi.
Iqtisodiyotning inson va jamiyat hayotidagi o`rni va ahamiyatiga o`z vaqtida A.Smit
yuqori baho berib, u insonni “homo economicus” - “iqtisodiy odam” deb atagan. Haqiqatdan
ham, har bir odam iqtisodiyotning mohiyatini, hayot ne`matlari nimalar evaziga berilishini
anglamaguncha, mablag’larni ishlab topish va ulardan samarali foydalanishni o`rganmaguncha,
oila miqyosi va undan yuqori darajadagi iqtisodiyot uchun ma`qul keluvchi sifat va miqdor
o`lchamlariga ega bo`ladi, deb o`ylash noto`g’ri bo`lar edi. Demak, iqtisodiyot o`lchamlari (ham
salbiy, ham ijobiy) avvalo insonlar harakati va faoliyatining, oqilona ho`jalik yuritish, moddiy
boyliklarni ishlab chiqarish, ayirboshlash va taqsimlashni samarali olib borish qobiliyati
natijasida yuzaga keladi.
Iqtisodiyot inson hayotining moddiy, ma`naviy, fiziologik va boshqa ehtiyojlari bilan
bog’liq bo`lgan har bir jabhasini qamrab oladi. Oila qurish, kelajak avlodni tarbiyalash, zaruriy
turmush tarzini ta`minlash uchun odamlarga oziq-ovqat, kiyim-bosh, turar joy va boshqa
vositalar kerak bo`ladi. Bu predmetlar, qoidaga ko`ra, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi
korxonalarda ishlab chiqariladi. Shu sababli iqtisodiyotning, ayniqsa, avvalgi ma`muriy-
buyruqbozlik tizimidagi rejali iqtisodiyotdan farq qiluvchi bozor iqtisodiyotining rivojlanish
tendentsiyalari va qonunlarini bilish, ro`y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tushunish va
istalgan xo`jalik muammolarini hal qilishda muhim shart hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |