Qizilqum. Amudaryo, Sirdaryo hamda Zarafshon daryolari orasida joylashgan katta hudud Qizilqum cho`li deyiladi.
Qizilqum qumli cho`ldir, jo`yak qum tepalari, do`ng qumlar va qum tekisliklar ko`p, barxanlar ancha kam.
Gilli allyuvial tekisliklar esa Sirdaryoning qadimgi tarmoqlari bo`lgan Kuvandaryo bilan Janadaryoning quruq o`zanlari atrofidadir. Qizilqum relyefi past–baland tekisliklar, berk botiqlar va yakka past tog`lardan iborat. Qizilqumning dengiz sathidan o`rtacha balandligi 200-300m. eng baland yeri Markaziy Qizilqumda joylashgan Tomdi tog`idagi Oqtog` massivi 922 m. Tekislik shimoli-g`arbga tomon pasayib boradi. Orol dengizining sohillari eng past yerlar bo`lib 40-50m dan oshmaydi.
Qizilqumni turli joylardagi paleozoyga xos bo`lgan tog`laridan yana biri Sulton-Uvays, uning eng baland qismi Qorachingil 485 m. tog` tizmasining eni 10-15 km bo`lib, kenglik bo`ylab 40-45 km masofaga cho`zilgan. Janubiy yon bag`ri shimolga nisbatan ancha tik.
Qizilqumning markazi va janubi-sharqiy qismida Bo`kantog`, Oltintog`, Ko`kpatas, Yetimtog` va Taxtatog` kabi past, yakka-yakka tog`lar joylashgan. Bo`kantog` bir necha tog` tizmalaridan iborat. Bulardan Tuxfabergan, Bo`zdo`ngtog` va boshqalardir. Meridianal joylashgan bu tog` 60 km cho`zilib 450-750 m. gacha ko`tarilgan. Eng baland qismi Irlir tog`i 764,3 m. Tog` yonbag`ri tik, unda eroziya natijasida hosil bo`lgan jarlar ko`p uchraydi.
Bo`kantog`ning sharqida Kokpatas va Yetimtog`lar joylashgan. Ularning balandligi 565m. dan oshmaydi.
Qizilqumning markaziy qismidagi tog`lardan biri Tomditog`. Bu tog` Yomon qum massivi bilan Bo`kantog`dan ajraladi. Tomditog`ni shimoliy chekkasida Oqtog` va Muruntog`lar joylashgan. Tomditog`ning janubiy, janubi-g`arbida Ovminzatog`, Arslontog` va Quljuqtog` orollar singari tekislikdan ko`tarilib turadi.
Quljuqtog` kenglik bo`ylab 70 km. ga cho`zilgan bo`lib, eng baland yeri 785m. Uning hamma yonbag`ri yalangoch va yuvilib ketgan.
Qizilqumni qoldiq tog`larining etaklarini prollyuvial tekisliklar egallagan bo`lib, ular orasida turli kattalikdagi botiqlar uchraydi. Mingbuloq, Quljuqtog`, Karakatta kabi botiqlar, ularning har birini uzunligi 40-50 km. ga yetadi. Bu botiqlar orasida Mingbuloq eng chuquri hisoblanadi (-12m) U respublikaning eng past nuqtasi hisoblanadi.
Qizilqumni janubida lyoss yerlar–cho`llar ko`p. Bular Mirzacho`l, Qarnob, Malik, Qarshi cho`llaridir, bu cho`llar tog` oldi tekisliklardan iborat bo`lib lyoss bilan qoplangan.
Qarshi cho`li Qashqadaryoning o`rta va quyi oqimini egallaydi. Bu cho`lni shimoli va shimoli-sharqida Malik va Qarnob cho`llari, janubi g`arbida Sandiqli cho`li bor. U shimoli g`arbda Zarafshon vohasiga borib taqaladi.
Qarshi cho`lini shimoli - g`arbida Oqqum, Devqum, g`arbida esa Chatirli qum massivlari mavjud.
Umuman Qashqadaryoning qadimgi allyuvial tekisligi faqatgina lyoss, qum, taqir, sho`rxok tekisliklardan iborat bo`lmasdan, u yerda orol shaklida balandligi 400m. dan oshmaydigan Qo`ng`irtog` (Qarshi shahrining shimolida) Kosontog`, Maymanaktog`, janubida Tungiz- sirt, Ollovud -dintog`, Do`ltali va Kattaqir kabi balandliklar bo`lib nurash, eroziya jarayonlari natijasida yassilangan va quruq o`zanlari ko`p.
Farg`ona vodiysi – yirik tektonik botiq o`rnida yuzaga kelgan. Uni shimolida Qurama, Chotqol, sharqida Farg`ona tizmasi, janubida Oloy va Turkiston tizmalari o`rab turibdi. Eng tor joyi 9 km. keladigan Xo`jand darvozasi orqali g`arbga tomon chiqa oladi. Botiq sharqdan–g`arbga tomon 370 km cho`zilgan, kengligi esa 80-100 km, ammo eng kengaygan sharqiy qismi 190 km. Vodiy asosan sharqdan g`arbga tomon va atroflaridan markaziy qismiga tomon qiyalashib boradi.
Farg`ona botig`i past- baland tekisliklardan iborat, ularning o`rtacha balandligi 350m. Atrofi 400-600m. gacha ko`tarilib boradi. G`arbiy qismida eng past joyi 320 m. bo`lib sharqiy qismida eng baland joyi 800-1000 m. gacha yetadi. Tekis yerlar sharqda daryo vodiysi bo`ylab ancha ichkariga kirib boradi.
Markaziy Farg`ona relyefi tekisliklardan iborat bo`lib, allyuvial jinslardan tashkil topgan, ba'zan ko`l, botqoq yotqiziqlari va katta maydonlarni ishgol qilgan sho`rxoklar ham uchraydi. Markaziy Farg`onani ko`p qismi suvsizlikdan qaqrab yotgan cho`ldan iborat, bu rayonda mustahkamlangan do`ng qumlar bor. Shunday qilib Markaziy Farg`ona asosan tekis yerlar bo`lsa ham, lekin eroziya va eol ta'sirida vujudga kelgan do`ng qumlar, ko`l va daryo o`zanlaridan iborat past - baland yerlardir. Markaziy Farg`onada qum, sho`rxok, botqoq va to`qaylardan iborat bo`lgan Yozyovon va Qoraqalpoq cho`llari mavjud, hozir ular o`zlashtirilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |