Sho’rxoklar va sho’rxokli tuproqlar O’zbekistonning cho’l zonasida daryolarning deltalarida, qayir usti terrasalarida, konussimon yoyilmalarning chekkalarida, qadimgi quruq o’zanlarda, ko’llar o’rnidagi botiqlarda, Orol bo’yidagi pastliklarda tarqalgan. Umumiy maydoni 1270 ming ga.
Sho’rxoklarning paydo bo’lishiga er yuziga yaqin joylashgan yoki bir vaqtlar yuzada bo’lgan minerallashgan sizot suvlari hamda tuproq ona jinslari tarkibidagi suvda eriydigan har xil tuzlar va, nihoyat, dengiz, ko’l sohillaridagi turli sho’rlar va tuzlarni shamol uchirib kelishi asosiy sabab bo’ladi. Tuproqda tuz to’planishida biologik jarayonlar ham ishtirok etadi. Bunda galofit o’simliklar ildizlari orqali tuproqning chuqur qatlamlaridagi suvda erigan tuzlarni so’rib oladi va o’simlik qoldiqlarining chirishi natijasida tuproqda tuz to’planadi.
Dehqonchilik qilinadigan hududlarda ekinlarni me’yoridan ko’p sug`orilganda sho’r er osti suvlari sathi ko’tarilib, tuproqlarda tuzlarning to’planishiga va sho’rlanishga sabab bo’ladi.
Sho’rxoklardagi tuzlar xilma-xil bo’lib, ularning tuproqdagi umumiy miqdori 3-4 % gacha boradi.
Yog`inlarning kamligi tufayli eng «keksa» sho’rxoklardagina tuzlar qisman pastki qatlamlarga yuviladi. Bunday sho’rxoklardan foydalanish uchun bir qator meliorativ va agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi. Bunday tadbirlarning asosiysi sho’r yuvishdir.
Voha tuproqlari cho’l zonasidagi o’tloqi, botqoq-o’tloq va sho’rxoklarni o’zlashtirib, ko’p yillar davomida ishlov berish natijasida hosil bo’ladi. Ularda qalin agroirrigastion qatlam hosil bo’ladi.
Voha-botqoq tuproqlari ilgarigi botqoqlar o’rnida paydo bo’ladi, taqirli voha tuproqlari ko’hna allyuval yotqiziqlar ustida vujudga keladi, uning mexanik tarkibi sug`orish natijasida ancha og`irlashadi.
Adir, tog` oldi qiyaliklarida va tog` etaklaridagi tekisliklarda bo’z tuproqlar mintaqasi joylashgan. Bu tuproqlar tog` etaklari va quyi yonbag`irlari bo’ylab cho’zilib ketgan lyossli tekisliklarda juda yaxshi rivojlangan. Ular tog`li o’lkalarning tuproqlaridan hisoblanadi va tog` yonbag`irlaridagi eng quyi tuproq mintaqasini hosil qiladi. Bu mintaqada pastdan yuqoriga tomon tabiiy sharoitning o’zgarishiga qarab eng past erlarda och tusli bo’z tuproqlar, undan balandroqda oddiy, yuqori qismida to’q tusli bo’z tuproqlar tarqalgan. Bo’z tuproqli erlar Chirchiq-Ohangaron havzasida 250-400 metrdan 1200-1300 metrgacha, respublikamizning janubiy hududlarida 1500-1600 m gacha balandlikda uchraydi. Bo’z tuproqlar karbonatli tuproqlar bo’lib, hamma qatlamida ozmi ko’pmi karbonat uchraydi, lekin eng ko’pi 100-140 sm chuqurlikda bo’ladi. Bu hol tuproq unumdorligini oshiradi. Bo’z tuproqlarda chirindi tuproqning ustki qatlamida to’planadi va bu qatlamning qalinligi 15-18 sm ga boradi. Grunt suvlari chuqurda yotganligi uchun oddiy va to’q tusli tuproqlar deyarli sho’rlanmagan bo’ladi. Och tusli bo’z tuproqlar grunt suvi yuza joylashgan erlarda sho’rlanib, sho’rxoksimon bo’z tuproqlarga, ba’zan esa sho’rxoklarga aylanadi. Bo’z tuproqlar mineral tarkibining asosiy qismini lyoss jinslar tashkil etadi.
Och tusli bo’z tuproqlar 250-400 metr balandliklarda-Mirzacho’l, Farg`ona vodiysining adirlarida va konussimon yoyilmalarida, Zarafshon, Surxondaryo, Qashqadaryo vodiylarining yuqori terrasalarida tarqalgan va bu erlar lanshaftiga ko’ra tog` cho’li mintaqasiga ( yuqori cho’lga) kiradi. Och tusli bo’z tuproqli erlar maydoni 2590 ming ga. Bu tuproqning ustki (4-5sm da) qatlami och kulrang, tangasimon strukturali, engil soz jinslardan iborat, mexanik tarkibi har xil, och sozdan qumoqqacha o’zgaradi. Chirindili qatlamida chirindi miqdori tuproqning mexanik tarkibiga bog`liq holda 2 % gacha bo’ladi, undan pastga esa kamayib boradi. Umuman chirindili qatlamning chuqurligi 70-80 sm gacha boradi, sug`orib o’g`itlar solinsa, bu tuproq unumdor tuproqqa aylanib yaxshi hosil beradi. Har bir gektar erdagi chirindinig umumiy miqdori 50-60 tonnaga teng. Och tusli bo’z tuproqlarning yuqori qatlamida suvda eriydigan tuzlar miqdori 0,1 % ni tashkil qiladi, chuqurlashgan sari bu miqdor biroz ortadi. Bu tuproqlar sizot suvlari oqimi yomon bo’lgan hududlarda sug`orilganda ikkilamchi sho’rlanishi mumkin. O’zbekistonda och tusli bo’z tuproqlar maydoni 2592 ming gektarni tashkil etadi.
Amudaryo etagi, Zarafshon, Chirchiq-Ohangaron, Qashqadaryo va Surxondaryo vodiylaridagi qadimiy obikor dehqonchilik qilinadigan joylarda vohalar vujudga kelgan. Vohalardagi bo’z tuproqlar uzoq vaqt ishlov berilishi natijasida madaniy tuproqlarga aylangan.
Oddiy bo’z tuproqlar tog` chala cho’l mintaqasida tarqalgan. U joyiga qarab 300-600 m balandlikdagi tog` etaklarida, baland tekisliklar, qirlar, past tog`larda rivojlangan, ayrim joylarda 800 metrgacha balandliklarda ham uchraydi. Oddiy bo’z tuproqning maydoni 3050 ming gektar bo’lib, tarqalgan maydoniga ko’ra balandlik mintaqasi tuproqlari ichida birinchi o’rinda turadi. Bu tuproqda chirindi och tusli bo’z tuproqdagiga nisbatan ko’proq -1,5-2,5 % hamda chirindili qatlam bir oz to’q tuslidir. Quyi qatlamida chirindi oz bo’lsada 60-80 sm chuqurlikkacha uchraydi. Bu tuproq tipida chirindining umumiy miqdori 1 gektarda 80-100 tonnani tashkil etadi, tuzli va gipsli qatlam ancha pastda yotadi. Oddiy bo’z tuproqda och tusli bo’z tuproqqa nisbatan nam bilan biroz yaxshi ta’minlanganligi uchun efemerlar qalinroq o’sadi. Oddiy bo’z tuproqlar mintaqasida asosan obikor dehqonchilik rivojlangan.
To’q tusli bo’z tuproqlar tog`larning 600-1000 m, ba’zi joylarda 1200-1400 m gacha mutlaq balandlikdagi yonbag`irlarida tarqalgan.
O’zbekistonda bu tipdagi tuproqlarning maydoni 1050 ming gektarni tashkil etadi. To’q tusli bo’z tuproqning yuqori qatlamida chirindi ko’proq (3-4 %) bo’lganidan to’q tusda bo’ladi va chirindili qatlam 80-120 sm chuqurgacha tushadi. Bu tuproqning ishqori yaxshi yuvilgan, shu sababli u sho’rlangan emas, gipsli qatlam esa 2-3 m pastda yotadi. Bu tuproq mintaqasida nam ko’p bo’lgani uchun o’simlik yanada qalin o’sadi. Shuning uchun bu erda chirindining tuproqdagi miqdori 1 gektar erda 130 tonnagacha boradi. Ayrim joylarda undan ham ko’p. Bu tuproq tarqalgan hudud tabiiy nam etarli bo’lgan bahorikor erlar hisoblanadi.
Bo’z tuproqlardagi namlik rejimi vegetastiya davri uzoq davom etadigan ekinlar uchun noqulay. Chunki bunday ekinlar avji etiladigan paytda tuproqda nam tugab qoladi. Shu sababli bo’z tuproqda sug`orib dehqonchilik qilish lozim yoki vegitastiya davri qisqaroq bo’lgan bahorikor ekinlarni etishtirish mumkin. Obikor dehqonchilik asosan och tusli va oddiy bo’z tuproqli erlarda rivojlangan. Lekin bo’z tuproqlar mintaqasida relefning past-balandligi, o’r-qirligi sug`orish ishlarini ancha qiyinlashtiradi. Buning ustiga yilning iliq davridagi samarali haroratlar yig`indisining to’q tusli tuproqlar tarqalgan hududlarda kamligi paxtaning 100 % pishib etlishini ta’minlamaydi.
Bo’z tuproqlar mintaqasidagi voha o’tloq tuproqlari cho’l zonasidagi ana shunday tuproqlardan chirindisining ko’pligi, tuproqning donadorligi va sho’rlanishining kamligi bilan ajralib turadi. Tuproqning sho’rlanishi faqat och tusli bo’z tuproqlarda uchraydi. Voha o’tloq tuproqlarining haydaladigan qismida chirindi 1,5-2 % ni, ayrim erlarida 2,5 % ni tashkil etadi. Shuning uchun bu tuproqlarda sug`orib ekin ekib, mo’l hosil olish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |