Qo’shimcha: Barotov P.
Yer osti suvlari O`zbekiston hududi bo’yicha notekis taqsimlangan. Tekisliklarda oqar suvlar juda ham kam, tog`larda esa sertarmoq daryolar soylar juda ko`p.
Yer usti suvlarining O`zbekistonda bunday notekis taqsimlanishiga asosiy sabab, uning iqlimiy sharoiti va orografik tuzilishidir.
O`zbekiston tekislik qismida quyosh radiatsiyasining katta bo`lishi, havoning quruq va issiq kelishi, yog`inning oz yog`ishi, havo isishi, qor qoplamining qalin bo`lmasligi va uzoq turmasligi, yer yuzasining unchalik nishab emasligi, hamda uning tuproq va geologik tuzilishi, ayniqsa oqar suvlarning hosil bo`lishiga imkoniyat yaratmaydi. Shuning uchun respublikamizning tekislik qismida doimiy oqar suv hosil bo`lmaydi. Bu yerlarda faqatgina taqirli yerlarda qattiq jala yog`ganda, qor birdan eriganda vaqtincha oqar suvlar vujudga keladi. Vaqtincha oqar suvlar va qurib qoladigan soylar O`zbekistonning tog` oldi zonasida va chekka tog` tizmalarida ham juda ko`p.
Tog`lar muhim iqlimiy gidrologik faktordir, eng avvalo ular namlik to`plab beradi, demak, oqar suvlar hamda yer osti suvlarining hosil bo`lishiga qulay sharoit yaratadi. Ammo respublika hududidagi tog`larda O`zbekistonning yer usti suvlarining nisbatan kam qismi vujudga keladi. O`zbekistondagi ko`p daryolarning bosh qismi Tojikiston va Qirg`izistondagi doimiy qor hamda muzliklar ko`p bo`lgan baland tog`larda joylashgan.
O`zbekistonning umumiy bir yillik suv resurslari 99,5 km3ni tashkil etadi. Shundan atigi 12,2 km3 O`zbekiston hududida vujudga keladi, 87,3 km3 chetdan keladi. O`zbekiston daryolari to`yinish manbaiga qarab 4 ta tipga ajratiladi:
1. Amudaryo, Zarafshon, Isfayramsoy, Sox, Isfara kabi daryolari bosh qismi 4500 m. dan baland tog`lardagi muzliklar va doimiy qorlarning erishidan to`yinadi. Natijada ularning suvi iyun, avgust oylarida ko`payib, yillik oqim miqdorining 30- 38 % ni tashkil etadi.
2. Sirdaryo, Norin, Qoradaryo, Chirchiq, Surxondaryo kabi daryolari qor va muz suvlaridan to`yinadi. Bu daryolarda suv may, iyun oylarida juda ko`payib ketadi va yillik oqimning 30-40% ini o`tkazadi.
3. Qashqadaryo, Guzordaryo, Sangzor, Ohangaron, G`ovasoy kabi daryolar balandligi 3400 m dan ortmaydigan tog`lardan boshlanadi. Bu daryolarning suvi ertaroq, ya'ni aprel, may oylarida qorlarning erishi natijasida ko`payadi.
4. O`zbekistonning 2000 m dan past tog`laridan boshlanuvchi Keles, Zominsuv, Sheroboddaryo kabi daryolari, ko`plab soylar qor yomg`ir va yer osti suvlaridan to`yinadi. Shu sababli bu daryolarning suvi erta bahorda mart, aprel oylarida juda ko`payadi va yillik oqimning 80 foizini tashkil qiladi.
O`zbekistonning eng yirik daryolari Amudaryo va Sirdaryodir.
O`zbekiston hududi bo`ylab ularning Norin, Qoradaryo, So`x, Chirchiq, Zarafshon, Surxondaryo daryolar va ularning irmoqlari ham o`tadi. O`zbekistonda mayda doimiy oquvchi yoki qurib qoluvchi soylar asosan tog` va tog` oldilarida keng tarqalgan. Ularning soni Farg`ona vodiysining o`zida 6500 ta, Zarafshonning o`rta oqimida 120 ta dan ortiq.
Ko`llar va suv omborlari, O`zbekistonda nisbatan kam, ular davlatimiz hududi bo`ylab notekis taqsimlangan. Ko`llarning aksariyati kichik ko`llar bo`lib, ular ko`proq daryo vodiylari bo`ylab joylashgan. O`zboshgidrometning bergan ma'lumotlariga qaraganda, 1975 yilda Amudaryo va Sirdaryo havzalarida 5367 ta ko`l bo`lib, ularning maydoni 3705 km2 bo`lgan. Ko`llarning 56,6 % ni tashkil etadi.
O`zbekiston tog`laridagi ko`llar, to`gon va morena ko`llar, tekisliklardagi esa qoldiq ko`llar yoki zovur-drenaj suvlarining to`planishidan vujudga kelgandirlar. O`zbekistonda tektonik yo’l bilan vujudga kelgan eng katta ko`l Orol dengizidir.
O`zbekistonda sun'iy suv havzalari 53 ta suv omborlari va 25 suv omborlari bor. Ular asosan daryo suv rejimining tartibga solib turish, energetika maqsadlarida qurilgan. O`zbekiston suv omborlarida suv zahirasi 17,9 km3 ni tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |