So‘zlashuv uslubi kishilarning kundalik rasmiy-norasmiy, erkin muomalalari doirasida til birliklarining o‘ziga xos tarzda amal qilishidir. Uni ma’lum ma’noda tildagi boshqa uslublarga qarama-qarshi qo‘yish mumkin.
Xo‘sh, so‘zlashuv uslubi qanday o‘ziga xosliklarga ega? Birinchidan, nutq elliptik xarakterda bo‘ladi. Lekin, bunday holatda ham tinglovchiga fikr tushunarli bo‘ladi. Chunki u oldin aytilgan fikrning mantiqiy davomi bo‘ladi.
Ikkinchidan, so‘zlashuv nutqida til birliklari o‘zining ekspressivlik imkoniyatlarini keng namoyish qiladi. Masalan, ulguramizmi? degan savolga yo‘q, ulgurmaymiz deyishdan ko‘ra vaziyatdan kelib chiqib, ulgurib bo‘pmiz, ulgurish qayoqda, ulgurib ham bo‘ldik singari javoblar birmuncha tabiiy va ekspressivroq bo‘lib chiqadi.
Uchinchidan, bu uslubda ohang - intonsiyaning ahamiyati nihoyatda kattadir. So‘zlashuv uslubi ham boshqa vazifaviy uslublar kabi fonetik, leksik, grammatik o‘ziga xosliklarga ega.
Nutqda tovushlarning uyg‘unlashuvi (ketti, ottan, yigichcha), bir tovush o‘rnida ikkinchisining talaffuz qilinishi (traktir, zaril, bironta), tovushlarning o‘rin almashishi (turpoq, aynalmoq), tovushlarning orttirilishi (o‘ramol, fikir, banka), tushirib qoldirilishi (gazet, burni, egni) kabi fonetik hodisalar avvalo so‘zlashuv uslubida namoyon bo‘ladi.
Bu uslubning burnini ko‘tarmoq, ko‘zini shira bosmoq, qo‘li kaltalik qilmoq singari o‘z frazeologizmlari mavjud. Kishi nomlari Abdi, Bek, Zuli, Dili singari qisqartirib ishlatish mumkin.
So‘zlashuv nutqi o‘zbek tilshunosligida prof. B.O‘rinboyev tomonidan durustgina ishlangan [40, 10].
2.2. Sintaktik uslubiyat haqida
Nutqning vazifaviy uslublarida sodda gaplarning qo'llanishi haqida gapirishdan oldin qisqacha sintaktik uslubiyat haqida fikr yuritishni lozim ko'rdik.
O’zbek tili sintaksisi uslubiy tomondan hali yetarli o’rganilmagan. Bu sohaga bag’ishlangan ilmiy yoki ilmiy-metodik ishlar kam. Ammo, kundalik turmush, tilning hozirgi taraqqiyoti uning sintaktik qurilishidagi uslubiy tomonlarni har tomonlama o’rganishni taqozo etmoqda. Chunki, so’zlovchi yoki yozuvchi biror fikrni ro’yobga chiqarishda turli sintaktik birliklardan maqsadga muvofig’ini tanlab ishlatadi. Shu asosda aytilayotgan fikrning ta`sirchan va ma`noli bo’lishini ta`minlaydi. Buning uchun sintaktik uslubiy vositalar: sintaktik sinonimiya, sintaktik omonimiya, she`riy sintaksisdagi uslubiy figuralarga murojaat qiladi.
Nutq uslublariga xos turli sintaktik vositalar, so’z birikmalari va gaplardagi sinonimiya, polisemiya, omonimiya hodisasi, so’z tartibi, ifoda maqsadiga va tuzilishiga ko’ra gap turlarining nutqda ishlatilishi, ko’chirma va o’zlashtirma gaplarning uslubiy xususiyatlari va boshqalar sintaktik uslubiyatning o’rganish obyektidir.
Bunda u istalgan sintaktik birlikni yakka, ajratib olgan holda emas, balki u bilan yonma-yon turgan boshqa sintaktik birliklar bilan aloqaga kirgan joyini, ya`ni nutqdagi sintagmatik va tildagi paradigmatik aloqalarni hisobga olgan holda ish tutadi. Demak, har bir sintaktik birlikdagi qo’shimcha ma`nolar ochiladi va bu ma`nolarning bayon qilinayotgan nutqning ta`sirchanligi, ifodaliligini oshirishdagi ahamiyati nazarda tutiladi.
So’zlar sintaktik aloqaga kirishgandagina biror ma`no qirrasi ro’yobga chiqadi. Xuddi ana shu o’rinda biz biror so’zning o’zaro birikishi yoki birika olmasligini sezamiz. Demak, so’zlardagi ma`no va grammatik xususiyatlarni to’g’ri aniqlab, nutqda ular o’rinli biriktirilsa, uslubiy nuqsonsiz, ixcham va tushunarli fikr ro’yobga chiqadi. Aks holda, nutq sayoz va mantiqsiz bo’ladi. Masalan, og’ir, mushkul, qiyin sinonim so’zlari masala oti bilan birikib, og’ir masala, mushkul masala, qiyin masala kabi aniq bog’lamalar hosil qilgani holda, chamadon oti bilan faqat og’ir so’zi birika oladi: og’ir chamadon.
Ko’rinadiki, har bir so’zning o’z leksik-grammatik tabiatiga asoslangan bog’lanish xususiyatlari bor: katta bino (predmet va uning belgisi); ishga kirdi (predmet va uning harakati); yayov yurdi (harakat va uning belgisi) kabi. Son bilan sifat birikmaydi. Chunki ikkalasi ham predmet belgisini bildiradi. Shuningdek, o’timli fe`l predmetning doimo tushum kelishigida bo’lishini talab qiladi va hokazo.
So’z birikmasi va sodda gaplardagi valentlik (birikish)da kamida ikki so’z aloqaga kirsa, qo’shma gaplarda ikki predikativ tarzdagi sintaktik birliklar o’zaro aloqaga kirishadi.
Sintaktik omonimiya nutq bosqichiga xos xususiyat bo’lib, so’z shakllari, birikmalar va gaplar orasida yuz beradi. Sintaktik omonimiyada ifodaning, avvalo, shakl tomoniga, so’ngra mazmun tomoniga e`tibor beriladi. Shakllari bir xil, ammo mazmuni turlicha bo’lgan so’z birikmalari va gaplardan badiiy tasvirda so’z o’yinlari, askiya, ba`zan kulgi yaratish uchun foydalaniladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |