Ibrohim Haqqulov ijodining o`zimiz tadqiq etgan qirralarini o`rganib quyidagi xulosalarga keldik:
1. Ibrohim Haqqulov maqoladan maqolaga, kitobdan kitobga o`sib, adabiyot haqidagi mulohazalari tobora teranlashib borayotgan adabiyotshunos olimdir. SHu bois uning har bir maqolasi, har bir kitobi adabiy jarayonda iliq kutib olinadi, shu bois qator tadqiqotlari, maqolalari bir necha tillarga tarjima qilinib, chet ellarda ham nashr etilgan.
2. Olimning ruboiy, qit`a, g’azal haqidagi ilmiy nazariy qarashlari, teran mulohazalari adabiyot nazariyasini boyitish bilan birga kitobxonning mumtoz she`riyatga bo`lgan munosabatini o`zgatirishga xizmat qila oladi.
3. Navoiyshunos olim buyuk shoir asarlarini keng targ’ib qilish, uning mazmun mohiyatini o`quvchilarga etkazish yo`lida juda katta, mashaqqatli tadqiqotlarni amalga oshirdi. “Zanjirband sher qoshida” kitobi ulug’ shoir badiiy olamiga kirish uchun o`ziga xos ochqich sifatida nashr etilgan paytdayoq e`tirof etilgan.
4. “Tasavvuf va she`riyat” kitobi Sharq ijtimoiy-falsafiy, adabiy-ma`naviy tafakkur taraqqiyotida muhim o`rin tutgan bu ta`limotning kelib chiqishi va rivojlanish yo`llari, madaniyat va adabiyotga ta`siri, tasavvuf she`riyatining obrazlar olami, istilohlari haqida keng mushohada yuritilgan, tasavvufshunoslikda muhim o`rin tutib kelayotgan tadqiqotlardan hisoblanadi.
5. Olim o`z ilmiy-tadqiqotchilik faoliyati davomida o`zbek mumtoz adabiyotini istiqlol mafkurasi asosida qayta o`rganish sohasida beqiyos tashabbus ko`rsatdi. Xususan, mumtoz adabiyotni tasavvuf ta`limoti doirasida tahlil qilishni amaliyotga kirgizib, asl tarixiy haqiqatni tiklashda g’ayrat va jasorat ko`rsatdi. Natijada Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg’oniy, Xoja Orif Revgariy, Bahouddin Naqshbandiy, Najmiddin Kubro, Bektoshi Valiy kabi tasavvuf namoyandalariga oid tadqiqotlari tasavvuf ta`limoti nazariy asoslarini belgilashda nechog’li ahamiyat kasb etgan bo`lsa, buyuk Alisher Navoiy va ungacha hamda undan keyin yashab ijod etgan o`zbek mumtoz adabiyoti namoyandalari merosini yangicha ilmiy–estetik tahlil va talqin qilishda ham shu qadar e`tibor qozondi.
6. Ahmad Yassaviy hayoti va ijodini o`rganishda keksa avlod tajribalarining davomchisi sifatida istiqlolning dastlabki yillarida so`fiy shoir asarlarini nashr ettirish ishlariga bosh qosh bo`ldi. Yassaviyshunoslikning yangi yangi qirralari ochib berilgan, buyuk shoirning uslub va mahorat sirlari yoritilgan teran tadqiqotlar yaratdi.
7. Olimning qiziqish doirasi keng. Tadqiqotlarining mavzu ko`lami rang barangligi, tahlil va talqinlarining takrorlanmasligi bilan muhim ahamiyatga ega. Atoiy, Lutfiy, Gadoiy, Bobur, Ogahiy, Avaz O`tar, Furqat kabi shoirlar ijodi haqida yangi gap ayta olgan tadqiqotchining isyonkor o`zbek shoiri Mashrab she`riyatiga doir olim kuzatishlari ham kitobxonlarni bee`tibor qoldirmaydi va muhim ilmiy-nazariy qimmatga egadir.
Ibrohim Haqqulov o`zbek adabiyotshunosligida adabiy tanqidiy suhbat janrida eng ko`p qalam tebratgan olimlardan hisoblanadi. Uning zamonaviy adabiyot vakillari haqidagi suhbatlari alohida tadqiqot mavzusidir. Tadqiqotda biz tahlil etgan mumtoz adabiyot haqidagi adabiy ma`rifiy suhbatlarning asoschisi va ajoyib suhbatdosh sifatida yangicha qarashlarni ilgari surganligi ham uning o`ziga xos uslubga ega o`zbek olimi, munaqqidi ekanligidan dalolat beradi.
Badiiy matnni anglash, o`qish, his etish kitobxon – talqinchining badiiy olamga kirib borishi jarayonidir. O`qish-olam haqida emas, olamning ichida turib fikrlashdir, deydi M.Baxtin. O`qish talqinchining kechinmadoshlik jarayonidir. Boshqacha aytganda, yozuvchining fikr, tuyg’u, maqsadlari kitobxon (talqinchi) tomonidan qayta boshdan kechirilmas ekan, o`qish, anglash, idrok etish maromiga etmagan bo`ladi.SHu jihatdan qaraganda ham I.Haqqulovda ana shunday kechinmadoshlik tuyg’usi kuchli ekanligi yaqqol ko`rinadi. Mustaqillik davriga kelib, olim faoliyatining shu qirrasi yanada yorqinlik kasb etdi. Uning to`plovchiligi ostida Alisher Navoiyning “Shohbaytlar”i nashr etilishi va uning o`ziga xosligi shundaki, ulug’ shoir Shohbaytlari bugungi tilda nasriy bayoni bilan berilgan. Bu asar bugungi kunning o`quvchisiga Alisher Navoiyning olimning o`zi ta`kidlagan “eng porloq baytlari – Shohbaytlari” mazmun-mohiyatini, sirlarini ochib berishga, buyuk shoirning ko`ngil xazinasiga yaqinlashishiga ko`mak beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |