Me’morchilik va amaliy san’at. XVIII asrning ikkinchi yarmi - XIX asr boshlarida Qо‘qon xonligi kuchli markaziy hokimiyatga ega bо‘lgan markazlashgan davlat sifatida qaror topishi natijasida iqtisodiyotning birmuncha jonlanishi madaniy hayotga ta’sir etmay qolmadi. Mamlakat poytaxti Qо‘qon va boshqa shaharlarda bir qator me’morchilik obidalari, yо‘llar, kо‘priklar, hammomlar qurildi, amaliy va hattotlik san’ati rivoj topdi. XIX asrning birinchi yarmida xonlikda Umarxon, Muhammadalixon, Nodirabegim, Xudoyorxon, Sulton Murodbek, Sulton Sayidxon, harbiy boshliqlardan Musulmonquli, Aliquli, Xolmuhammad mingboshilar va zamonasining ilg‘or, ma’rifatli kishilari tomonidan me’moriy obidalar qurdirildi, shaharsozlik tez sur’atlar bilan rivojlandi. Me’morchilikda asosiy e’tibor madrasalar, masjidlar, xonaqolar, darvesh va qalandarlar uchun takyaxonalar, qorixonalar, sardobalar, kо‘priklar, hammomlar, bozor rastalari barpo etish ishlariga qaratilgan.
Me’morchilik imoratlarining markazi Qо‘qon shahri edi. 1842 yilgi ma’lumotlarga kо‘ra, bu yerda 15 ta madrasa mavjud bо‘lib, eng kо‘zga kо‘ringanlari Hakim tо‘ra, Mohlar oyim, Muhammadalixon, Norbо‘tabek, Jomiy, Oliy, Sulton Murodbek, Xо‘ja dodxoh, Ming oyim madarasalari bо‘lgan. Shahar markazi Chorsuda tо‘rtta yirik madrasa qad kо‘targan. Ushbu madrasalarning 38 tadan 108 tagacha hujrasi bо‘lgan.
Bu davrda Toshkent shahrida ham bir qancha madrasalar barpo etilgan. Jumladan, Umarxon davrida Tinchbof guzarida Shukurxon madrasasi, Kо‘kcha dahasida Eshon Bо‘rixо‘ja Sanchiqmoni madrasasi qurilgan. Keyinroq Muhammadalixon farmoni bilan shahar registonida madrasa qad rostlagan va unga Mir Inoyatulloh bosh mudarris etib tayinlangan. Isoxо‘ja madrasasi, Charxchikо‘cha madrasasi, Mahmud dasturxonchi madrasalari ham shu davrda bunyod etilgan.
Shuningdek, Marg‘ilonda Saidahmadxо‘ja madrasasi, Andijon shahri atrofida Otaqо‘zi madrasasi, Mirzaquli Bо‘lish madrasasi kabilar qurilgan. Umuman olganda, xonlikning Qо‘qon, Toshkent, Andijon, Xо‘jand, О‘ratepa, Marg‘ilon, Turkiston kabi shaharlarida 200 dan ortiq madrasalar barpo etilgan.
Xonlikda Jome (juma va hayit namozlarini о‘qish uchun) va mahalla (besh vaqt namoz о‘qish uchun) masjidlari qurilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Jome masjidlari о‘zining salobatligi bilan ajralib turgan. Ular baland gumbazli va tekis shiftli bо‘lib, har ikkala turdagi binoning ichki kо‘rinishidagi shiftiga va tashqi kо‘rinishidagi gumbaz bezagiga alohida e’tibor berilgan. Masjidlar binosining qurilishi va ularning ta’miri asosan vaqflar hisobidan amalga oshirilgan.
Qо‘qon xonligida maqbaralar xonlar, sayyid va xо‘jalar qabrlari ustida barpo qilingan va ularning qurilishi hamda ta’mirlanishi savobli ishlardan hisoblangan. Shuningdek maqbaralar qurdirish obrо‘ orttirish vositasi ham bо‘lgan. Farg‘ona vodiysida XVIII – XIX asrlarda qurilgan maqbaralarning ichki kо‘rinishida XI – XII asrlarga xos an’analar kuzatiladi.
Xonlik me’morchiligi tarixida jamoat binolari sirasiga kiruvchi hammomlar alohida о‘rin egallaydi. Hammomlar pishiq g‘ishtdan, bir necha gumbazli qilib qurilgan va ular egasining nomi bilan atalgan.
Xonlikda me’morchilikning rivojlanishi savdo-sotiq munosabatlari bilan bog‘liq bо‘lgan inshootlar qurilishida ham kuzatiladi. Xonlik hududlarida markaziy yо‘llar bо‘ylab rabot va karvonsaroylar faoliyati davom etgan, bozorlar rivojlangan. Jumladan, Toshkentda Chorsu bozori sakkizta kо‘chani birlashtirgan. Bu bozor о‘nga yaqin savdo maydonlari va qirqqa yaqin savdo – hunarmandchilik rastalarini о‘z ichiga olgan. Rastalar kо‘chaning ikki tomoni bо‘ylab joylashgan va ularni kо‘cha о‘rtasini egallagan baland tim birlashtirgan. Tim yog‘och tirkagich va tо‘siqlardan tashkil topgan. Bunday bino va inshootlar hukmdorlar, alohida amaldorlar va shaxslar tomonidan qurdirilgan.
Qо‘qon adabiy muhitining vakillari va asarlaridan Amiriy taxallusi bilan falsafiy va lirik g‘azallar bitgan Umarxonni, Fazliy va Mushrif tomonidan yozilgan “Majmuat ush-shuaro”(“Shoirlar tо‘plami”) tazkirasini, Huvaydoning “Devoni Huvaydo”, “Rohati dil” asarlarini, Gulxaniy va Maxmur asarlarini, Muhammad Yunus Toib, Muhsiniy, Nasimiy, Xо‘qandiy, Nodir, Nozil, Pisandiy, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar otin, Dilshod, Zebuniso kabi kо‘plab shoir va shoiralarnini keltirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |