Hunarmandchilik va savdo-sotiq. Qо‘qon xonligida mamlakat poytaxti va boshqa kо‘plab shaharlar aholisining asosiy qismi hunarmandchilik va kosibchilik va shug‘ullanganlar. Hunarmandchilik shaharlarda ixtisoslashgan kо‘rinishga ega bо‘lib, buyumlarning bir turi va biror qismini ishlab chiqarishga yо‘naltirilgan sohalar mavjud bо‘lgan. Hunarmandlar о‘z kasblarining sir-asrorlarini mukammal о‘zlashtirgan mohir ustalari bо‘lib, ishlab chiqargan mahsulotlarini yuksak san’at darajasiga kо‘targanlar.
Xonlikning deyarli barcha shahar va qishloqlarida hunarmandchilikning taraqqiyoti bir xil bо‘lgan bо‘lsa-da, ishlab chiqarish о‘zining ayrim xususiyatlari, ya’ni, mahsulotning turi, sifati bilan ajralib turgan. Hunarmandchilikning temirchilik, zargarlik, tо‘quvchilik, degrezlik, kulolchilik, misgarlik va boshqa tarmoqlari keng rivojlangan bо‘lib, xonlikning har bir shahri muayyan sohada ishlab chiqargan mahsuloti bilan dong taratgan. Misol uchun, Qо‘qon shahri zargarlik va qog‘oz ishlab chiqarish, Shahrixon va Chust tikuvchilik hamda temirga ishlov berish, xususan, pichoqchilik, Marg‘ilon, Namangan va Andijon esa ipak gazlamalari, Toshkent о‘zining tikuvchilik, tо‘quvchilik, chо‘yan, temir-mis mahsulotlari bilan mashhur bо‘lgan.
Butun xonlik hududida ishlab chiqarish qо‘l mehnatiga asoslangan bо‘lib, asosiy hunar turlari – ip va ipak matolar tо‘qish, oyoq kiyim tayyorlash, teriga ishlov berish, kulolchilik mahsulotlari tayyorlash, temirchilik, egar-jabdug‘ yasash, bо‘yoqchilik, misgarlik, zargarlik, duradgorlik, aravasozlik, harbiy qurol ishlab chiqarish, о‘ymakorlik, mum ishlash, pista kо‘mir tayyorlash, kashtachilik, dо‘ppichilik, pichoqchilik kabilar edi. Undan tashqari, xonga tegishli porox ishlovchi va qog‘oz tayyorlovli ustaxonalar ham bо‘lgan.
Xonlikda qurolsozlikka alohida e’tibor qaratilgan.Bu tarmoq shahar hunarmandchilik ishlab chiqarishining obrо‘li sohalaridan bо‘lib hisoblangan. Qо‘qon shahrida zambaraklar, miltiqlar, qilichlar, pichoqlar, xanjarlar, qalqonlar, nayzalar va boshqa harbiy anjomlar tayyorlangan.
Xonlikning hunarmand-kosibchiligi serqirra va mazmunan boy bо‘lib, ijtimoiy holatiga kо‘ra hunarmandlar ikkita – yuqori va quyi tabaqalarga bо‘lingan. Yuqori tabaqa vakillariga о‘z ustaxonasi, mehnat qurollari va xom ashyosiga ega bо‘lgan ustalar kirgan. Mulkdor tabaqalar qо‘lidagi ustaxonalar va mehnat qurollaridan foydalanuvchilar, yuqori tabaqaga kiruvchi ustalarning qо‘llarida kunbay yollanib ishlovchilar quyi tabaqa hisoblangan.
Xonlikda hunarmandchilik va kosiblik ishlab chiqarishini asosan paxtachilik, ipakchilik, chorvachilik tarmoqlari va yer osti boyliklarini qazib chiqarish sohalari xom ashyo bilan ta’minlagan. Hunarmandchilik uchun zarur bо‘lgan xom-ashyolar xonlik hududidan olinish bilan birga chetdan ham harid qilingan. Asosiy xom ashyolardan biri bо‘lgan oltin Sirdaryoning yuqori oqimidan, Qonsuv daryosidan olingan. Shuningdek Kosonsoydan, Qoratog‘ning shimolidagi Kukrev daryosidan, Chirchiq daryosi bо‘ylaridan, Burchmulla yonidan, Chotqol daryosining yuqori oqimidan ham oltin olingan. Hunarmandlar temir rudasini Oloy tog‘ tizmasi etaklaridan, qо‘rg‘oshin va boshqa ma’danlarni Qoratovdan qazib olganlar. Manbalarga kо‘ra, yer osti boyliklarini qazib chiqarish sodda va kam bо‘lib, u ehtiyojni talab darajasida qondira olmagan. Shuning uchun ham aksariyat metallar Rossiyadan olib kelingan.
Qо‘qon xonligi hayotida ichki va tashqi savdo munosabatlari alohida ahamiyatga ega edi. Ichki savdo – о‘troq dehqonlar, kо‘chmanchi chorvadorlar va shahar-qishloq hunarmandlari о‘rtasidagi an’anaviy mahsulot ayirboshlashga asoslangan. Aholining kundalik ehtiyojlari ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar bilan ta’minlab turilgan. Barcha ichki savdo chakana bо‘lib, ulgurji savdo deyarli bо‘lmagan.
Hunarmandlar va kosiblar savdo orqali yaqin aloqada bо‘lganlar. Hunarmandlar aksariyat hollarda о‘z mahsulotlarini о‘zlari sotganlar. Dehqon va chorvadorlar esa, haftaning muayyan kunlari о‘z mollarini bozorga olib chiqqanlar. Bozorlardagi narx-navo bir xilda turmagan. Narx-navo xonlikdagi tinchlik-osoyishtalik, urushlar, ob-havoning yomon kelishi oqibatida hosildorlikning pasayishi kabi omillarga qarab о‘zgarib turgan.
Qо‘qon xonligining eng asosiy savdo va tijorat markazi Qо‘qon, Toshkent, Marg‘ilon, Andijon, Xо‘jand, Namangan, О‘sh, О‘ratepa kabi shaharlar bо‘lib, ular orasida Qо‘qon nafaqat xonlik, balki butun О‘rta Osiyoning savdo markazlaridan biri hisoblangan. Ma’lumotlarga kо‘ra, Qо‘qon bozorlari о‘zining mahsulotlarga boyligi va narx – navoning boshqa shaharlarga nisbatan ancha arzonligi bilan ajralib turgan. Shaharning devorlar bilan о‘ralgan katta bozorlari mahalliy aholi va chetdan kelgan savdogarlar bilan doimo gavjum bо‘lgan. Rus manbalarida keltirilishicha, XIX asrning 20-yillarida Qо‘qonda oltita bozor bо‘lib, ular yakshanba, chorshanba va payshanba kunlari ishlagan. Bu bozorlarda qattiq nazorat о‘rnatilgan bо‘lib, xaridor haqqiga xiyonat qattiq jazoga tortilgan.
Qо‘qon honligining iqtisodiy hayotida tashqi savdo ham muhim ahamiyat kasb etgan. Mamlakat g‘arb va janubda Buxoro, Xiva, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, sharqda Xitoy (Qashg‘ar orqali), shimolda Dashti Qipchoq kо‘chmanchilari va ayniqsa Rossiya bilan keng savdo aloqalari о‘rnatgan. Ayrim manbalarda xonlikda yaponiyalik va angliyalik savdogarlar ham kelganligi eslatib о‘tiladi.
Xonlikdan chet elga asosan ipak va ipak matolar, paxta, charm, qimmatbaho toshlar, zargarlik buyumlari va boshqa mahsulotlar chiqarilgan. Chet eldan asosan choy, metall, chinni, uy-rо‘zg‘or buyumlari, tayyor gazlama, kiyim-kechak, poyifzal, oltin, kumush va boshqalar keltirilgan.
Xonlikning savdogarlari Buxoro va amirlik chegaralaridagi shaharlar bilan muntazam savdo aloqalari olib borganlar. Har ikkala davlatning savdogalari savdo ishlarida faol ishtirok etib, qо‘qonlik savdogarlar Buxoro amirligiga xо‘jalik hayotda zarur bо‘lgan rus temiri, pо‘lat va chо‘yandan yasalgan buyumlar, tamaki, rо‘mol, guruch va ba’zi xitoy yoki mahalliy ipak gazlamalari, choy, chinni idishlar olib borishgan bо‘lsa, buxorolik savdogarlar esa Qо‘qonga hind choyi, surp mato, harir, buyoq, afyun (taryok), zardо‘zlik mahsulotlari, ip va gazlama olib kelishgan.
Rus chiti Buxoroning Qо‘qon xonligi bilan savdosida alohida о‘rin egallagan. Bu mato Orenburg yoki Petropavlovskdan Kazalinskka, undan Buxoro, Samarqand va Xо‘jand orqali Qо‘qonga olib kelingan. Shuningdek xonlikda Mashhaddan olib kelinadigan ingliz gazlamalari, oz miqdorda bо‘lsa ham Qobulning tо‘n va sallalari, hind attorlik mollari ham keltirishgan.
Qо‘qon xonligining Qashg‘ar bilan savdo munosabatlari xuddi Buxoro amirligi kabi bо‘lib, Qashg‘ardan Qо‘qonga afyun, chinni idishlar, kumush, xitoy ipak matolari, tola va gilamlar olib kelingan. Qozoq juzlarining Rossiyaga tobe etilishi hukmdor tabaqalar о‘rtasidagi о‘zaro urushlarning tо‘xtashiga sabab bо‘ldi va bu holat О‘rta Osiyoning, jumladan, Qо‘qon xonligining Sibir, Ural, Volga bо‘yi bilan savdo aloqlariga keng yо‘l ochdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |