1.Nomoddiy aktivlar haqida umumiy tushuncha.
Nomoddiy aktivlar — bu moddiy-ashyoviy ko‘rinishga ega bo‘lmagan, bir yildan ortiq foydali xizmat muddatiga ega bo‘lgan va bank xizmatlarini ko‘rsatishda yoki ma’muriy maqsadlarda foydalaniladigan nomonetar, identifikatsiyalanadigan aktivlardir.
Nomoddiy aktivlarga patentlar, mualliflik huquqlari, gudvill (goodwill), savdo markalari, kompьyuter dasturiy ta’minoti, litsenziyalar va shu kabilar kiradi.
Agar dasturiy ta’minot tegishli uskunaning tarkibiy qismi hisoblansa, u moddiy aktiv sifatida qaraladi. Agar dasturiy ta’minot tegishli uskunaning tarkibiy qismi hisoblanmasa, u nomoddiy aktiv sanaladi
Boshlang‘ich (haqiqiy) qiymat — nomoddiy aktivlarni xarid qilish va ishlab chiqishga haqiqatda qilingan xarajatlar, shu jumladan to‘langan soliqlar, bojxona bojlari va yig‘imlari, xizmatlar, shuningdek aktivni undan maqsadga ko‘ra foydalanish uchun ishga yaroqli holga keltirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan olib kelish va montaj qilish, o‘rnatish va boshqa xarajatlar summasi.
Nomoddiy aktivlar qiymatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib boriladigan xarajatlar masalan, yuridik xizmatlar uchun professional gonorarlarni o‘z ichiga oladi. Haqiqiy qiymatni aniqlash uchun barcha savdo chegirmalari va qaytarishlar chegiriladi.
Nomoddiy aktivlarning qayta baholashni hisobga olingan qiymati tiklash (tiklanish) qiymati deb ataladi. Aktivning buxgalteriya balansida tan olinadigan summasi balans qiymati deb ataladi.
Gudvill (goodwill) — bu yaxshi obro‘, «firma bahosi». Gudvill xaridor tomonidan bankni xarid qilish paytida uning sof aktivlari (barcha aktivlar bozor bahosi va barcha majburiyatlar bozor bahosi o‘rtasidagi farq) qiymatidan yuqori to‘lanadigan summa sifatida aniqlanadi. Bu bankning xaridori bankni xarid qilish bank tomonidan ko‘p yillar mobaynida mijozlar, qarzdorlar hamda omonatchilar bilan o‘rnatilgan o‘zaro munosabatlarni xarid qilishni ham o‘z ichiga olishini tushunishini bildiradi.
Faol ikkilamchi bozor — narxlar barcha bozor qatnashchilariga oshkor (qulay) bo‘lgan va har qanday vaqtda bitimni amalga oshirishni xohlovchi sotuvchi va xaridorlarni topish mumkin bo‘lgan bozor
Nomoddiy aktivlar hisobini yuritishning asosiy qoidalari bo‘lib ularning balans qiymatini va ushbu aktivlarga nisbatan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan amortizatsiya usullarini aniqlash, hamda nomoddiy aktivlar balans qiymatidagi o‘zgarishlar, amortizatsiya hisoblash tartibi va ularning chiqib ketishidan moliyaviy natijalarni aniqlash va hisobga olish hisoblanadi.
Bank nomoddiy aktivlari quyidagi usullar bilan shakllanadi:
1) haq evaziga xarid qilish;
2) bank ichida ishlab chiqish yo‘li bilan;
3) tekinga olish.
Agar aktiv moddasi nomoddiy aktiv ta’rifiga javob bersa, bank kelagusida iqtisodiy foyda olish ehtimoli mavjud bo‘lsa va aktiv qiymati ishonchli o‘lchanishi mumkin bo‘lsa, u nomoddiy aktiv sifatida e’tirof etilishi (tan olinishi) lozim. Mazkur talab ham chetdan olingan, ham bank ichida yaratilgan nomoddiy aktivlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Bank aktivning foydali xizmat muddati mobaynida mavjud bo‘ladigan kelgusi iqtisodiy naf olish ehtimolini baholashi lozim.
Nomoddiy aktivdan olinadigan kelgusi iqtisodiy naf xizmatlarni sotishdan olingan tushum, xarajatlar tejami va bank tomonidan aktivdan foydalanish natijasida hosil bo‘lgan boshqa naflarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Agar nomoddiy aktiv na nomoddiy aktivlarning ta’rifiga, na tan olish me’zonlariga javob bermasa, ushbu modda bo‘yicha xarajatlar ular amalga oshirilgan davrning xarajatlari sifatida tan olinadi.
Aktivni nomoddiy aktiv sifatida aniqlash imkoniyati bo‘lmagan holda (ba’zi nomoddiy aktivlar jismoniy substansiyada yoki uning ichida madjud bo‘lishi mumkin) elementning muhimligidan kelib chiqish lozim (misol uchun, dasturiy ta’minot holatida — kompakt-disk, litsenziya yoki patent bo‘lganda — huquqiy hujjatlar).
Do'stlaringiz bilan baham: |