6.2-jadval Innovatsion texnologiyalarga asoslangan ta’limni rivojlantirish yo‘nalishlari
An’anaviy ta’lim
Innovatsion ta’lim
Mavjud darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va boshqa chop etilgan materiallar
elektron o‘quv adabiyotlari va boshqa chop etilgan materiallar
audio va video materiallar
Kompyuter yordamida o‘qitiladigan dasturlar
elektron jurnallar
Interaktiv ma’lumotlar bazasi
Kompyuter tizimi orqali beriladigan boshqa o‘quv materiallari
Ma’ruza o‘qishga asoslangan o‘qitish. An’anaviy ta’lim tizimida ayrim talabalar jarayonda ko‘pincha faol ishtirok etmaydilar. Innovatsion texnologiyalar qo‘llanilganda ta’lim jarayoni yangi sifat bosqichiga ko‘tariladi. Audio va videodisklarga yozilgan ma’ruzalar texnik vositalar orqali o‘qitilib, innovatsion ta’lim jarayonida «elektron darsliklar», ya’ni kompyuter tarmog‘i orqali yetkaziladigan ma’ruza materiallari bilan boyitiladi.
O‘quv jarayonining barcha ishtirokchilari o‘rtasida faol o‘zaro aloqadorlik o‘rnatadigan pedagogik uslublar. Ushbu uslublarning ahamiyati va ulardan foydalanish intensivligi telekommunikatsion ta’lim texnologiyalari rivojlangani sari sezilarli darajada o‘sib boradi. Faqat o‘qituvchi va talabalar o‘rtasidagi emas, balki talabalarning o‘zlari o‘rtasidagi interfaol muloqot bilim olishning muhim manbaiga aylanadi. O‘quv jarayonining texnologik va pedagogik tarkibiy qismlarini innovatsion asosda tezlik bilan rivojlantirish yangicha ta’lim muhitining shakllanishiga olib keladi. Innovatsion ta’lim muhitini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni ajratib ko‘rsatishimiz mumkin:
yangi axborot texnologiyalarini rivojlantirish;
ta’lim muhitini rivojlantirish;
o‘quv jarayoniga talabaning faolligini rag‘batlantirish;
moslashuvchan (adaptiv) o‘quv jarayonini tashkil etish.
Bu borada «Buxgalteriya hisobi, tahlil va audit» kafedrasida «Innovatsion hamkorlik guruhi» va uning ish rejasi tuzilib, ma’lum ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, «XXI asr darsliklari» rukni «Buxgalteriya hisobi nazariyasi», «Audit», «Moliyaviy hisob», «Boshqaruv hisobi» kabi mutaxassislik fanlaridan o‘zbek va rus tillarida 7 ta elektron darsliklar yaratilmoqda va o‘quv jarayonida foydalanilmoqda. Bundan tashqari, kafedra qoshida «Yosh buxgalterlar klubi» deb nomlangan talabalar ilmiy jamiyati (TIJ) faoliyati milliy va xalqaro standartlar hamda innovatsion pedagogik texnologiyalar negizida takomillashtirildi, bir necha yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, Zangiota tumani «Hasanboy Agro nur» agrofirmasi bazasida kafedraning filiali va «Ilmiy tadqiqotlar va kasbiy amaliyotlar markazi» tashkil etildi.
«Yosh buxgalterlar klubi» TIJ ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi asosida hamkorlik o‘rnatgan.
Shunday qilib, innovatsion ta’lim jarayonini tashkil etish natijasida pedagogik faoliyatning mazmuni an’anaviy pedagogik faoliyatdan tubdan o‘zgarmoqda.
Birinchidan, o‘quv kurslarini ishlab chiqishga oid faoliyat sezilarli darajada murakkablashadi. Bu o‘z navbatida, maxsus ko‘nikmalar va pedagogik uslublarni rivojlantirishni talab qiladi. Bundan tashqari, zamonaviy axborot texnologiyalari ishlab chiqiladigan o‘quv materiallarining sifatiga qo‘shimcha talablarni keltirib chiqaradi. Bu asosan o‘quv materiallariga talabalarning ham, o‘qituvchilar va ekspertlarning ham ochiqdan-ochiq kira olishida namoyon bo‘lib, materiallarning sifati ustidan mas’uliyatni hamda nazoratni kuchaytiradi.
Ikkinchidan, o‘qituvchi markaziy figura hisoblangan an’anaviy ta’limdan innovatsion pedagogik jarayonning xususiyati shundan iboratki, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanilganda mas’uliyat markazi talaba hisoblanib, u rivojlangan ta’lim muhitida ma’lum yo‘lni tanlaydi va o‘quv jarayoniga faol yondashadi. O‘qituvchining asosiy funksiyasi talabani qo‘llab-quvvatlab, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, uning axborotlar ummonida muvaffaqiyatli yo‘l topishiga yordam berish va vujudga keladigan muammolarni hal etishini osonlashtirish hamda katta hajmdagi va xilma-xil axborotlarni o‘zlashtirishda yordam berishdan iborat.
Uchinchidan, o‘qituvchi va talabaning ochiq muloqatini ta’minlaydigan o‘quv materiallarini taqdim etish innovatsion ta’limda ular o‘rtasida faolroq va intensiv o‘zaro aloqadorlikni talab etadi. An’anaviy o‘quv auditoriyasida esa o‘qituvchining guruh bilan uzviy aloqadorligi butun guruh(lar) bilan umumlashgan holda bo‘lib, har bir talaba bilan alohida muloqot qilish qiyin kechadi. Zamonaviy kommunikatsion texnologiyalar bunday aloqadorlikni ancha faollashtiradi, ammo bu o‘qituvchidan maxsus qo‘shimcha kuch talab etadi. An’anaviy ta’limga nisbatan innovatsion ta’limga asoslangan pedagogik faoliyatning asosiy afzalliklari quyidagilar:
ta’limning texnologik asosi tez rivojlanishi munosabati bilan o‘quv kurslarini ishlab chiqishga doir faoliyatning rivojlanishi;
o‘quv kurslarini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus bilim, uslub va tajriba zarurligi;
o‘quv materiallari hamma uchun ochiq (oshkor) bo‘lishi munosabati bilan ularga talabning kuchayishi;
o‘quv materiallari sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;
o‘quv jarayonida talabaning faolligi oshib, o‘quv jarayoni mas’uliyat markazining o‘qituvchidan talabaga o‘tishi;
talabani qo‘llab-quvvatlash, individual o‘quv jarayonini tashkil etishda unga yordam ko‘rsatish funksiyasining kuchayishi;
an’anaviy o‘qitish jarayonidagi o‘qituvchining guruh bilan umumiy muloqotidan farqli, yangi kommunikatsion texnologiyalardan foydalanilganda har bir talaba bilan uzviy aloqa o‘rnatish imkoniyati.
Shunday qilib, ta’lim sohasida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni qo‘llash munosabati bilan pedagogik faoliyatda, o‘qituvchining o‘quv jarayonidagi o‘rni va roli, uning asosiy funksiyalarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.
Agar an’anaviy o‘qitish jarayonida o‘qituvchi ko‘p vaqtini ma’ruza o‘qish, amaliy mashg‘ulotga sarflasa, innovatsion ta’limda uning faoliyat mazmuni tubdan o‘zgaradi. Endi o‘qituvchi, birinchidan, o‘quv kursi mazmunini yangi texnologiya asosida ishlab chiqishi lozim. Ikkinchidan, talabaning keng va xilma-xil axborotlar ichida to‘g‘ri yo‘l topishiga va aynan unga mos keladigan ta’lim traektoriyasini topishga yordam berishi, uchinchidan, o‘quv kursiga oid masalalarni muhokama qilish chog‘ida talabaning o‘qituvchi bilan hamda boshqa talabalar bilan faol o‘zaro munosabatini ta’minlashi lozim.
Ta’lim sohasida o‘qitishning inertligi, tashkiliy innovatsiyalarning yomon o‘zlashtirilishi va yoyilishi-o‘quv jarayonida yangi texnologiyalarni qo‘llashda to‘siqv bo‘lishi mumkin. Tashkiliy innovatsiyalarni ishlab chiqish va ularni faol amalga oshirish, ta’limda yangi texnologiyalarni qo‘llash sohasida tizimli tadbirlarni amalga oshirish-o‘quv jarayoni samaradorligini oshirishning asosiy yo‘li hisoblanadi.
Ta’lim sohasida bozor munosabatlarining rivojlanishi sharoitida zamonaviy kompyuter va telekommunikatsiya texnologiyalari ta’siri ostida yangi, innovatsion ta’lim texnologiyalariga asoslangan universitet modeli shakllanib, unda an’anaviy va innovatsion ta’lim institutsional shakllarining bir qancha asosiy tiplari birlashadi. Ularni innovatsion universitet ta’limi modelining komponentlari sifatida qarash mumkin.
Zamonaviy kompyuter va telekommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan universitet yangi modelining vujudga kelishi quyidagilarni nazarda tutadi:
an’anaviy universitetda zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan yangi ta’lim muhiti rivojlanadi;
an’anaviy universitet akadem jamoasining yangi ta’lim texnologiyalarini joriy etishga befarqligi bartaraf etiladi;
an’anaviy universitet tuzilmasida maxsus masofaviy o‘qitish bo‘linmalari shakllantiriladi;
ushbu bo‘linmalarni va masofaviy ta’limga aloqador boshqa tashkiliy tuzilmalar bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida rivojlantiriladi;
va nihoyat, teleuniversitetlar konsorsiumi, virtual sinflar va universitetlar shakllanadi.