6-MAVZU. OLIY O‘QUV YURTIDA TA’LIM JARAYONI
6.1. Oliy ta’lim muassasasida ta’lim jarayonining xususiyatlari
6.2.Tolibi ilm va uning faoliyatini samarali tashkil etish
6.3. Ma’ruza, amaliy, seminar mashg‘ulotlar hamda mustaqil ishlarni tashkil etish
6.1. Oliy ta’lim muassasasida ta’lim jarayonining xususiyatlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan oliy ta’limni modernizatsiyalash, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish borasida ulkan vazifalar belgilandi. Jumladan: albatta, fan va ta’lim tizimida sodir bo‘layotgan bunday jiddiy o‘zgarishlar agrar soha iqtisodiyoti uchun malakali mutaxassislar va ta’limi uchun ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimiga ham bevosita taalluqlidir.
Hozircha agroiqtisodiyot sohasi bakalavriatura yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash ta’lim jarayoni ko‘proq iqtisodiyotga oid nazariy tushunchalar va statistik ko‘rsatkichlar to‘plamini taqdim etishga yo‘naltirilgan. Bu holat ta’lim jarayonining an’anaviy o‘quv fanlari asosida tashkil etilganligi bilan izohlanadi. Bunda talabalar bir qancha o‘quv fanlarini o‘rganadi, nazariy tushunchalar, ta’riflar, qoidalar va statistik ko‘rsatkichlarni yodlab, «fanlarni yopish» bilan band bo‘ladilar. Go‘yoki, keyinchalik talaba bu bilimlardan o‘zining kasb faoliyatida foydalanadigandek tuyuladi. Ammo, haqiqatda ob’ektiv sabablarga ko‘ra darslik va boshqa o‘quv adabiyotlaridagi nazariy ta’riflar, qoidalar tez eskirib qolmoqda hamda me’yoriy mezonlar va ko‘rsatkichlar qisqa vaqt ichida o‘zgarmoqda. Buning ustiga iqtisodiyotda sodir bo‘layotgan muammolarni hal etish uchun qachondir auditoriyada o‘qitiladigan tayyor «retsept» yetarli emas. Hozirgi kunda hukm surayotgan katta kamchiligimiz fan va ta’lim jarayoni iqtisodiy makonda sodir bo‘layotgan hodisalar, vujudga kelayotgan muammolarning «orqasidan yeta olmayapti». Shuning uchun ham amaliyot, kengroq ma’noda hayot vujudga keltirayotgan muammolar ilmiy yechim asosida professional hal etilmasdan, ma’muriy, imperativ yo‘l bilan hal etiladi. Achinarlisi shundaki, ko‘pchilik bitiruvchilarimiz, xususan magistrlar ham bunday vaziyatlarga tayyor emas. Buning oqibatida bitiruvchi amaliyotda yana nazariy bilimlarni qayta o‘zlashtirish, amaliyot bilan bog‘lab qayta o‘rganishga majbur bo‘ladi. Bular esa kadrlar siyosiy-huquqiy madaniyati, moliyaviy-iqtisodiy savodxonligi, bir so‘z bilan aytganda professionalligini oshirishga to‘sqinlik qiladi. Ta’limdagi mana shunga o‘xshash uzilish, tarqoqlik va nomuvofiqliklar oqibatida «nazariya boshqa, amaliyot boshqa» qabilidagi siyqasi chiqqan «qoida»lar davom etib kelmoqda. Albatta, o‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq korxonalarda o‘tkaziladigan ishlab chiqarish amaliyoti va bitiruv oldi malakaviy amaliyotlari hisobiga yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etishga harakat qilinadi. Lekin bular vaziyatni tubdan o‘nglash va sifat darajasini yaxshilashga to‘la imkon bermaydi. Albatta, faqat tanqid bilan ish bitmaydi. Muammo nima? Sababi qaerda? Muqobil yechimlari bormi? Zero, kasallikning sababini topish, uni davosini (davolashning muqobil usullarini va ulardan eng maqbulini) topish bilan barobar.
Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakat Prezidenti va Hukumatining samarali siyosati oliy ta’limdagi muammolar tahliliga tizimli yondashuvni ularni hal etishning muqobil yo‘llarini aniqlash va nihoyat yaxlit kontseptual yondashuvlarni yanada rivojlantirishni nazarda tutadi. Bu masala bilan esa «Oliy ta’limni rivojlantirish markazi» mutaxassislari, albatta oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari bilan yo‘nalishlar va mutaxassisliklar kesimida ishchi guruhlar tuzgan holda shug‘ullanmoqda. Bunda ishchi guruh a’zosi o‘z vazifalarini sifatli bajarishlari uchun mazkur ta’lim yo‘nalishi yoki mutaxassislik bo‘yicha muammolarni yaxlit tasavvur etadigan, tizimli mantiqiy fikr yurita oladigan va o‘quv rejasidagi barcha fanlar predmetini uyg‘unlashtirgan holda murakkab amaliy muammoni hal etishga yo‘naltira olish layoqatiga ega tajribali ham mutaxassis, ham pedagog bo‘lishi lozim.
Bayon qilinganlardan ayon-ki, iqtisodiyotga oid bakalavriatura ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim jarayonining asosiy kamchiliklaridan yana biri - talabada mustaqil ish yurita oladigan, sohaga oid muammoni iqtisodiy dastaklar orqali hal eta oladigan bilim va ko‘nikmalarni to‘liq shakllantira olinmasligidir. Amaldagi o‘quv rejasiga muvofiq talabalarga har xil o‘quv fanlaridan yaxlit bir tizimga keltirilmagan, uzviy (funktsional) aloqadorlik va izchillik to‘liq ta’minlanmagan, tarqoq mavzular hamda ko‘rsatkichlar to‘plami taqdim etiladi. Talabalar esa ulardan o‘zlari mustaqil ravishda yaxlit, kreativ bilim va tasavvur shakllantira olmaydi. Shuningdek, o‘quv jarayoni shunday tuzilganki, talaba ma’ruza matnini, test javoblarini «suv qilib ichadi», fanni «yopadi» va bahosini oladi, lekin unda mazkur fan predmeti (o‘rganiladigan va hal etiladigan muammo) ustida mantiqiy fikrlash ko‘nikmasi to‘liq shakllanmaydi. Talabalarni katta miqdordagi axborotlarni yod olish va xotirada saqlashni majburlab o‘qitish umuman yaramaydigan tajriba. Ular zarur ma’lumotlarni internet tizimi orqali tegishli ma’lumotlar bazasidan osongina topadilar. Lekin, talabada iqtisodiy mushohada yuritish algoritmini shakllantirishi uchun tajribali ustoz yordami albatta kerak.
Bo‘lg‘usi iqtisodchida tadbirkorlik, mantiqiy izchil va tahliliy mushohada yuritish layoqatini shakllantirish, bir so‘z bilan aytganda, bozor iqtisodiyoti makonida erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun butun o‘quv jarayonini qayta ko‘rib chiqishimiz zarur.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, hozirgi globallashuv sharoitida ma’lum hajmdagi nazariy bilimlarni, statistik va me’yoriy ma’lumotlarni yodlash faqat fanni yuqori bahoga «yopish» uchun kerak, keyin esa «talabalik sindromi» o‘tadi va ma’lum davrdan so‘ng yod olingan «bilimlar» unutiladi. Faqat talabada ta’lim jarayonida hosil bo‘lgan fikr yuritish layoqati va ko‘nikmasigina bo‘lg‘usi mutaxassis «portretiga chizgilar» sifatida saqlanib qoladi.
Agrar sohada ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkiliy va moliyaviy-iqtisodiy jihatdan mustahkamlash, ularning o‘zini o‘zi boshqarish ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatlarini shakllantirishi hamda integratsiyalashuv va kooperatsiyalashuv jarayonlarini rivojlantirish uchun agrar sohaga kelgusida samarali moliyaviy iqtisodiy qarorlarni mustaqil qabul qila oladigan buxgalter-iqtisodchilar zarur. Demak, agroiqtisodiyot, qishloq xo‘jaligida menejment va buxgalteriya hisobi ta’limini modernizatsiyalashning ustuvor yo‘nalishi bu o‘quv jarayonidayoq talabalarda iqtisodiy-huquqiy, tahliliy mushohada va tafakkur hamda biznesni samarali boshqarishda mustaqil qaror qabul qilish layoqatini shakllantirishdan iborat. Buning muhim shartlaridan biri ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha fanlarning tarkibi va mazmunini takomillashtirishdir. O‘quv fani ta’limda e’tirof etilishi uchun uning predmeti (o‘rganadigan sohasi, undagi muammolar), metodi (o‘rganish usullari va qo‘llaniladigan amallarning ilmiy asoslangan majmui), ob’ekti, funksiyalari va prinsiplari kabi muhim elementlari shakllangan bo‘lishi lozim. Afsuski, ayrim fanlar mazmunan eskirgan, ayrimlarining metodologik jihatlari sobiq iqtisodiy makon ya’ni industrlashtirish davri uchun o‘z xizmatini o‘tab bo‘lgan, ayrim fanlarning tarkibiy elementlari esa bir-birlarini ham mazmunan, ham tarkiban takrorlaydi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha barcha o‘quv fanlari, eng avvalo mutaxassislik fanlarining tarkibi va mazmunini tahlil qilish tavsiya etiladi (6.1-jadval). Shuningdek, butun o‘quv rejadagi fanlarning uzviy va izchil aloqadorligini ham takomillashtirish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |