B uxgalterlik kasbining axloqiy jihatlari
Har bir kishi kasb-korini mukammal bilmog‘i, yaxshi tarbiya olmog‘i va yaxshi xulq – odob,
fazilatlarga ega bo‘lmog‘i kerak.
Abu Nasr Forobiy
Buxgalter etikasi (axloqi). Yuzaki qaraganda unchalik tanish va odatiy bo‘lmagan so‘z birikmasi. Masalan, pedagog yoki vrach etikasi, odatda, hammaga tanish va hech kimni hayratlantirmaydi. Bular kasb etikasining turlari bo‘lib, kishilarning kasbiy faoliyatlaridan kelib chiqadi va ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning ma’naviy-axloqiy jihatlarini tavsiflaydi.
Buxgalterlarning kasb etikasi konsepsiyasini ishlab chiqish amerika buxgalterlar maktabiga mansub deb e’tirof etiladi. Etika Kodeksi g‘oyasi birinchi marta R.X.Montgomeri8 tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, uning mazmun jihatlari Dj.Djeni tomonidan ishlab chiqilgan. Amerika buxgalterlari Etika Kodeksining so‘zboshisida keltirilgan Mark Avreliyning quyidagi so‘zlari uning asosiy g‘oyasini ifodalaydi: «Odam o‘zini vijdonli qilib ko‘rsatishi emas, vijdonli bo‘lishi lozim».
Vijdon bilan tuzilgan bitim notariusda tasdiqlanmaydi
B uxgalter uchun vijdon muammosi shundan iboratki, u ko‘pincha bir vaqtning o‘zida mulkdor, davlat va shaxsiy manfaatlar to‘qnashadigan ziddiyatli nuqtalarda faoliyat ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi. Buxgalterlik faoliyatida kasb etikasi serqirra tushunchadir. Bu tushuncha buxgalterlik kasbining axloqiy asoslarini, buxgalterlarning professional tayyorgarligi, buxgalteriya hisobining tarixi va an’analarini, taraqqiy etgan davrlari, mamlakatlar va xorijdagi namoyondalari, ular o‘rtasidagi aloqadorlik, buxgalteriya hisobining xalqaro integratsiyalashuvi, buxgalterning korxona rahbariyati, mehnat jamoasi va mulkdorlari bilan munosabatlari, bank, soliq va huquqni muhofaza qilish organlari bilan munosabatlari, axborot olish huquqi va tijorat sirini saqlash kabilarni qamrab oladi.
Buxgalter ayni vaqtda o‘zi yashab turgan jamiyat, ishlayotgan jamoasining bitta a’zosi va shuning uchun unga nisbatan barcha umuminsoniy axloq talablari ham qo‘llaniladi. Barcha axloqiy talablar umuminsoniy negizga ega bo‘lishiga qaramasdan, ayrim kasb turlari uchun ularning o‘ziga xos axloqiy me’yorlari shakllangan. Buxgalterning oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomi uning zimmasiga juda ko‘p majburiyatlarni yuklaydi. Oliy ma’lumotli degan so‘z nafaqat maxsus malakaviy darajani, balki umumiy madaniyat, ma’naviy dunyoqarash, muomala madaniyati, notiqlik san’ati, sog‘lom turmush tarzi va tarbiya ko‘rgan ziyoli insonlarga xos bo‘lgan boshqa ko‘plab fazilatlarni o‘zida mujassam etishi lozim. Bu kasb egalari sohani ham nazariy, ham uslubiy, ham amaliy jihatdan yuksak professional darajada bilishlari bilan birga, shakllangan, me’yoriy-huquqiy asosga ega axloqiy jihatlari bilan ham boshqalardan ajralib turadi. Buxgalterlik mana shunday murakkab kasblar qatoriga kiradi.
Buxgalterlik kasbining axloqiy me’yorlari uning tarixiy taraqqiyoti yo‘lida shakllangan bo‘lib, eng asosiylari buxgalterlarning xalqaro gerbida ham aks ettirilgan: ilm, ishonch va mustaqillik. Shu boisdan, ularga batafsilroq to‘xtalib o‘tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |