Eslatma. Urg‘u olmaydigan qo‘shimchalar: 1. Shaxs-son shaklini yasovchi: -man,-miz,-san,-siz,-di. 2. Dona va chama son yasovchi –ta, -tacha. 3. Ravish yasovchi –cha, -dek, -day. 4. Fe’lning bo‘lishsiz shaklini yasovchi –ma. 5. Familiya qo‘shimchalari: -ov, -ova, -yev, -yeva. Shuningdek, yuklamalar: -u (-yu), -ku, -mi, -chi, -oq (-yoq), -da, -gina (-kina, -qina); sof ko‘makchilar: bilan, uchun, sari, sayin, kabi.
Bo‘g‘in va uning turlari
Ona tili (5-sinf)
Bir havo zarbi bilan aytilgan tovush yoki tovushlar birikmasiga bo‘g‘in deyiladi. Bo‘g‘in unli tovushlar asosida hosil bo‘ladi. Har bir bo‘g‘inda bitta unli qatnashadi, shuning uchun so‘zda nechta unli bo‘lsa shuncha bo‘g‘in bo‘ladi. So‘zning o‘zak va qo‘shimchalariga ajralishi bilan bo‘g‘inlarga ajralishi teng emas go‘sht-ni, barg-ga so‘zlarida o‘zak va qo‘shimchalar bilan bo‘g‘inlar teng kelayotgan bo‘lsa, go‘sh-ti, bar-gi so‘zlarida teng emas. Bo‘g‘inlar ikki turli bo‘ladi: ochiq bo‘g‘in va yopiq bo‘g‘in. Unli bilan tugagan bo‘g‘in ochiq, undosh bilan tugagan bo‘g‘in esa yopiq bo‘g‘in hisoblanadi. Masalan: o-na, bo-la so‘zlaridagi har ikki bo‘g‘in ochiq, tosh-lar so‘zidagi har ikki bo‘g‘in yopiq bo‘g‘indir.
So‘zlar qatorga sig‘may qolganda bo‘g‘in ko‘chirish qoidalari asosida keyingi qatorga olib o‘tiladi. Birinchi yoki oxirgi bo‘g‘in bir tovushdan iborat bo‘lsa, ular yakka holatda qoldirilmaydi. Keyingi qatorga ibo-li, uka-si, ata-ma tarzida ko‘chiriladi. Sh, ch, ng harflar birikmalari birgalikda ko‘chiriladi: pe-shana, Chir-chiq, ko‘-ngil kabi.
2005, XXI, 5-“b”-sinf, “Navro‘z-2002”, BMT kabi so‘zlar qatordan-qatorga bo‘linib ko‘chirilmaydi.
AL va KHK darsligidan:
Biz so‘zlarni talaffuz qilayotganimizda, o‘pkadan chiqayotgan havo oqimi bo‘linib-bo‘linib chiqadi. Bu bo‘linish tovush yoki tovushlar yig‘indisi shaklida bo‘ladi. Ana shu hodisa tilda bo‘g‘in deb yuritiladi.
Bir havo zarbi bilan aytilgan tovush yoki tovushlar yig‘indisiga bo‘g‘in deyiladi.
Savod chiqarishda va yozuvda bo‘gin juda katta amaliy ahamiyatga ega. Bo‘g‘inni tashkil qilishda unli va undosh tovushlar xilma-xil kombinatsiyalarda bir-birlariga qo‘shiladilar.
Masalan:
unli – undosh: ol, uy, il…
undosh – unli: ha, ma, na…
unli – undosh – unli: ola, una, ura…
undosh – unli – undosh: bir, til, kir…
undosh – unli – undosh – unli: vafo, qora, bola…
undosh – unli – undosh – unli – undosh: bodom, g‘azab, lobar va hokazo.
O‘zbek tilidagi so‘zlar kel, bur, suv kabi bir bo‘g‘inli, osmon, qadrdon, iqbol so‘zlaridek ikki bo‘g‘inli, kelajak, xayolot, muhabbat singari uch bo‘g‘inli, yotoqxona, gumburlamoq, xoinona kabi to‘rt bo‘g‘inli, radiokarnay, gultojixo‘roz, abadiylashtirmoq, qurolsizlantirish, aytolmaganliklaringizdandir - da kabi besh va undan ortiq bo‘g‘inli bo‘ladi.
So‘zlar unli tovush bilan tugasa, bunday bo‘g‘inga ochiq bo‘g‘in, undosh tovush bilan tugasa, yopiq bo‘g‘in deb ataladi.
Masalan: a) dala, tabaqa, havo, …; b) turp, qor, shayton, …
Do'stlaringiz bilan baham: |