So‘z birikmasi sintaksisi
Ona tili (5-sinf)
Gap tarkibida ishtirok etgan so‘zlar bir-biri bilan bog‘lanadi. Masalan: qir va adir, Oygul bilan Baxtiyor; gulni hidlamoq, maktabga kelmoq kabi. Misollardan ko‘rinadiki, so‘zlarning bog‘lanishi bir xil emas. Ayrim so‘zlar va, ham, hamda, bilan singari bog‘lovchi va bog‘lovchi vazifasidagi so‘zlar yoki sanash ohangi yordamida bog‘lanadi.
Boshqalarida esa birinchi qism ikkinchi qismga –ni, -da, -dan, -ning kabi qo‘shimchalar, tomon, to‘g‘risida, haqida, uchun singari yordamchi so‘zlar bilan bog‘lanadi. Masalan: akasiga olmoq, akasi uchun olmoq.
So‘zlarning bog‘lanishi ikki xil bo‘ladi: teng bog‘lanish va tobe bog‘lanish.
Olma va o‘rik shaklidagi bog‘lanish teng bog‘lanish, olmani yemoq shaklidagi bog‘lanish esa tobe bog‘lanish sanaladi.
Ikki so‘zning biri tobe, ikkinchisi hokim tarzidagi bog‘lanishiga tobe bog‘lanish deyiladi.Tobe bog‘lanishda doimo ikkita qism: tobe va hokim so‘z bo‘ladi. Tobe so‘z hokim so‘zga bog‘lanadi. So‘roq hokim so‘zga qarab beriladi. So‘roqqa javob bo‘luvchi so‘z tobe qism sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |