Ona tili (7-sinf)
So‘z yoki gaplarga so‘roq, ta’kid, ayirish-chegaralash, gumon, o‘xshatish, inkor kabi ma’nolarni yuklovchi so‘z va qo‘shimchalarga yuklamalar deyiladi.
Yuklamalarga: 1) axir, hatto, faqat, ham, xuddi, go‘yo, go‘yoki, naq, hech, sira, nahotki so‘zlari; 2) –mi, -chi, -gina (-kina, -qina), -dir, -u, -yu, -da, -a, na…, na… singari qo‘shimchalar kiradi.
Ularning birinchi guruhi so‘z – yuklamalar, ikkinchi guruhi esa qo‘shimcha – yuklamalar sanaladi.
Sof va vazifadosh yuklamalar
-u (-yu), -da yordamchisi o‘rniga va bog‘lovchisini qo‘yish mumkin bo‘lsa, bog‘lovchi vazifasida, boshqa holatlarda yuklama vazifasida keladi.
-da yordamchisi yuklama vazifasida kelganda, ko‘pincha uning o‘rniga ham yuklamasini qo‘yish mumkin bo‘ladi.
Yuklamalarning ma’no jihatdan turlari
Gapning mazmuniga so‘roq-taajjub ma’nosini yuklovchi yordamchi so‘zlarga so‘roq yuklamalari deyiladi.
Yozuvda –mi yuklamasi so‘zga qo‘shib, qolgan yuklamalar esa chiziqcha bilan ajratib yoziladi.
So‘roq-taajjub yuklamalari: -mi, -chi, -a(ya).
O‘zi qo‘shilayotgan so‘zning ma’nosini ayirib-chegaralab keluvchi faqat va –gina (-kina, -qina) yuklamalari ayiruv-chegaralov yuklamalari hisoblanadi. Bulardan faqat sof yuklama, -gina (-kina, -qina) vazifadosh yuklamadir.
Ayiruv-chegaralov yuklamalari: faqat, -gina (-kina, -qina), atigi, xolos.
Gapning ma’lum bir bo‘lagi yoki butun gap ma’nosini kuchaytirib, ta’kidlab keluvchi yuklamalar kuchaytiruv-ta’kid yuklamalari hisoblanadi.
Hatto, nahotki, ham, g‘irt singari so‘zlari, -ku, -u (-yu), -da, -oq (-yoq) qo‘shimchalari kuchaytiruv-ta’kid yuklamalaridir.
Yozuvda –ku, -u (-yu), -da yuklamalari chiziqcha bilan, -oq (-yoq) yuklamasi esa qo‘shib yoziladi.
Kuchaytiruv va ta’kid yuklamalari: –ku, -u (-yu), -da, -oq(-yoq), ham, hatto(ki), nahotki, axir, qoq.
So‘z yoki gapga o‘xshatish-qiyoslash ma’nosini yuklovchi (xuddi, go‘yo(ki) kabi yordamchi so‘zlar o‘xshatish-qiyoslash yuklamalari hisoblanadi.
O‘xshatish-qiyoslash (aniqlov) yuklamalari: xuddi, ayni, go‘yo, go‘yoki, bamisoli, naq.
Gap mazmuniga gumon ma’nosini yuklovchi –dir qo‘shimchasi gumon yuklamasi hisoblanadi.
Bu yuklama –man, -san qo‘shimchalari qatorida turuvchi uchinchi shaxs qo‘shimchasi –dir bilan shakldoshdir. -dir yuklamasi urg‘u olmaydi.
Qiyoslang: Vatanni sevmoq iymondandir. (kes. qo‘sh.) - Uyiga yеtib borgandir. (gum.yukl.)
Gap mazmunidagi inkor ma’nosini uqtiruvchi hech, sira, aslo, na…, na kabi so‘zlar inkor yuklamalari sanaladi. Bunday yuklamalar qo‘llanganda, gapning kesimi, asosan, inkor shaklida bo‘ladi.
Shunday qilib maktab darsligida: 1) so‘roq va taajjub yuklamalari; 2) ayiruv-chegaralov yuklamalari; 3) kuchaytiruv-ta’kid yuklamalari; 4) o‘xshatish-qiyoslash yuklamalari; 5) gumon yuklamalari; 6) inkor yuklamalari farqlanadi.
AL va KHK darsligidan:
Do'stlaringiz bilan baham: |