Gapda so‘zlarning bog‘lanishi
Gap odatda bir so‘zdan yoki bir necha so‘zlarning o‘zaro grammatik va mazmuniy bog‘lanishidan ham tashkil topishi mumkin. Masalan: Kuz... Bog‘larda mevalar qiyg‘os pishgan. Yuqoridagi gaplarning birinchisi faqat bir so‘zdan tashkil topgan bo‘lsa, ikkinchisi bitta so‘zning o‘zaro grammatik va mazmuniy bog‘lanishi natijasida hosil bo‘lgan.
Gap ikki va undan ortiq so‘zlardan iborat bo‘lganda, bu so‘zlar o‘zaro grammatik va mazmun tomondan bog‘lanadi.
Eslab qoling. Bir so‘zning boshqa so‘zga ma’lum grammatik vositalar (grammatik qo‘shimchalar, yordamchi so‘zlar) yordamida bog‘lanishi grammatik bog‘lanish hisoblanadi.
Masalan, yuqorida keltirilgan ikkinchi misolda bog‘larda so‘zi pishgan so‘ziga –da kelishik qo‘shimchasi yordamida bog‘lanyapti.
Gapda so‘zlarning bog‘lanishi faqat grammatik bog‘lanish bilan cheklanib qolmaydi. Bog‘lanayotgan so‘zlar mazmun tomondan ham o‘zaro muvofiq bo‘ladi.
Masalan: gullamoq so‘zi gul chiqarmoq ma’nosi bilan gullash xususiyatiga ega bo‘lgan narsalarni bildiruvchi so‘zlarga bog‘lanadi: o‘rik gulladi, jiyda gulladi kabi lekin, tosh, loy suv kabi so‘zlar bilan bog‘lana olmaydi.
Yashnadi, rivojlandi ma’nosi bilan yashnashi mumkin bo‘lgan turli jamoa, tashkilot, mahalla nomlarini bildiruvchi so‘zlarga ham bog‘lanadi: qishloq gulladi, litsey gulladi kabi. Ko‘rinadiki, o‘zaro bog‘lanayotgan so‘zlarda mazmuniy uyg‘unlik bo‘ladi.
Juda muhim. Gapda so‘zlarning bog‘lanishi ikki xil bo‘ladi: a) teng bog‘lanish; b) tobe bog‘lanish.
Masalan, Kalila va Dimna, Kitobni o‘qitmoq. Bularning birinchisida Kalila so‘zi bilan Dimna so‘zi va teng bog‘lovchisi yordamida kitobni so‘zi esa o‘qimoq so‘ziga -ni tushum kelishigi yordamida bog‘lanyapti. Birinchi bog‘lanish teng bog‘lanish, ikkinchi bog‘lanish esa tobe bog‘lanish sanaladi.
Teng bog‘lanish
Ular Hofiz, Navoiy, Bedil va Fuzuliy baytlarini tahlil qilib... o‘tirishardi. (E.Vohidov)
Yuqoridagi gapda ishtirok etgan mustaqil so‘zlar, o‘zaro ikki xil bog‘langan:
Tobe bog‘lanish:
ular tahlil qilib o‘tirishardi.
baytlarini tahlil qilib.
d) Hofiz – Navoiy – Bedil – Fuzuliy baytlari(ni)
Teng bog‘lanish: Hofiz, Navoiy, Bedil va Fuzuliy.
O‘zaro teng bog‘langan bo‘laklar bir xil gap bo‘lagi vazifasida keladi va ko‘pincha bir xil so‘roqqa javob bo‘ladi. Ularni bir – biri bilan bog‘lovchi vosita sifatida teng bog‘lovchilar yoki sanash ohangi ishtirok etadi. Xususan, yuqoridagi o‘zaro teng bog‘langan bo‘laklarning hammasi qaratqich aniqlovchi vazifasida kelgan, kimning? so‘rog‘iga javob bo‘ladi. Hofiz, Navoiy, Bedil bo‘laklari bir – biri bilan sanash ohangi yordamida, Bedil esa Fuzuliy bilan va bog‘lovchisi yordamida bog‘langan.
Eslab qoling. Bir xil gap bo‘lagi vazifasida kelib, ko‘pincha bir xil so‘roqqa javob bo‘luvchi bo‘laklarning o‘zaro teng bog‘lovchilar yoki sanash ohangi yordamida bog‘lanishi teng bog‘lanish sanaladi.
Teng bog‘lanishni quyidagi ishoralar bilan ifodalash mumkin:
, - sanash ohangi yordamida hosil bo‘lgan teng bog‘lanish
ammo,lekin,va,bilan, hamda, -u(yu),-da - teng bog‘lovchilar yordamida hosil bo‘lgan teng bog‘lanish
Juda muhim. Quyidagi vositalar teng bog‘lovchi vazifasini bajaradi.
I. a) biriktiruvchi bog‘lovchilar: va, hamda (ko‘pincha va o‘rnida bilan ko‘makchisi ham qo‘llanadi.) Masalan, Oygul va Baxtiyor; Oygul bilan Baxtiyor.
b) zidlov bog‘lovchilari: ammo, lekin, biroq.
c) ayiruv bog‘lovchilari: yo, yoki, yo-yo, goh-goh, dam-dam.
II. Bog‘lovchi vazifasidagi yuklamalar;
a) inkor yuklamasi: na...na...
b) kuchaytiruv va ta’kid yuklamasi: -u (-yu), -da
Do'stlaringiz bilan baham: |