Predmet miqdorini donalab ifodalaydigan sonlar dona son deyiladi. Dona sonlar sanoq songa –ta qoshimchasini qo‘shish orqali yasaladi. Masalan, besh – beshta, o‘n – o‘nta. Bu qo‘shimcha faqat donalab sanalishi mumkin bo‘lgan predmetlarni sanash uchun qo‘llaniladi. Masalan, o‘nta kitob, beshta daftar, lekin o‘nta kerosin, beshta benzin deb bo‘lmaydi. O‘nta suv deyilishi mumkin, lekin bu vaqtda o‘nta soni shisha ma’nosini ham o‘z ichiga oladi. O‘nta suv “o‘n shisha suv” ma’nosida qo‘llaniladi. Shuningdek, mashinaga quyilgan benzin haqida gap ketganda, o‘nta quy, o‘ttizta quydim degan jumlalarni eshitamiz. Bunday vaqtda dona son “litr” ma’nosini ham o‘z ichiga oladi. O‘nta quydim jumlasi “o‘n litr quydim” ma’nosini ifodalaydi.
Predmet miqdorini taqsimlab ifodalaydigan sonlarga taqsim son deyiladi. Taqsim sonlar sanoq songa –tadan qo‘shimchasini qo‘shish orqali hosil bo‘ladi va ikkitadan ortiq predmetlarning bo‘laklarga teng ajratilganini bildiradi. Masalan, ikkitadan, o‘ntadan kabi.
Predmetning taxminiy miqdorini bildirgan sonlar chama son deyiladi. Chama sonlar son asosiga –tacha, -lab qo‘shimchalari qo‘shishi orqali hosil bo‘ladi. Masalan: o‘ntacha, minglab kabi.
Eslatma: o‘zbek tili tarixida miqdorni ifodalash uchun lak (yuz ming), tuman (o‘n ming) sonlari ham ishlatilgan.
Uch, yetti, to‘qqiz, qirq kabi sonlar sehrli sonlar sifatida ham talqin qilinadi.
Sonlarning uslubiy xususiyatlari
Sonlar predmetlarning aniq miqdoriy belgilarini bildiradi. Ana shu xususiyati bilan miqdor bildiruvchi so‘zlardan farq qiladi. Solishtiring: Magazindan kitob oldim.(Miqdori bittami, undan ortiqmi, noma’lum.) Magazindan ko‘p kitob oldim.(miqdori bittadan ortiq, lekin nechtaligi noma’lum.) Magazindan o‘nta kitob oldim.(Miqdorning nechtaligi aniq.)
Birdan boshqa sonlarning barchasi predmet bildiruvchi so‘zlarga qo‘shilib, uning bittadan ortiqligini, ko‘pligini ifodalaganligi uchun son bilan birga kelgan otlar ko‘plik shaklini olmaydi. Masalan, olma – olmalar. Lekin ikkita olma, o‘nta olmani, ikkita olmalar, o‘nta olmalar deb bo‘lmaydi. Bu o‘zbek adabiy tili uchun me’yorning buzilishi bo‘ladi.
Sonlarga –ov, -ala qo‘shimchalari qo‘shilib jamlik ma’nosi anglashiladi. Bu qo‘shimchalar jamlik ma’nosini ifodalar ekan, demak, ular bir sonidan boshqa sonlarga qo‘shiladi. Masalan, ikkovimiz deyish mumkin, lekin biralamiz deyilmaydi. –ov bir soniga qo‘shilib jamlikni emas, balki gumon-taxmin ma’nosini bildiradi va olmosh turkumiga o‘tadi: Birov (kimdir) keldi.
-ov,-ala qo‘shimchalari ikki sonidan yigirma sonigacha qo‘shiladi, lekin yigirma soni bu qo‘shimchalar bilan qo‘llanilmaydi. O‘n-o‘novi deyish mumkin, biroq yigirma-yigirmovi-yigirmalasi deyilmaydi.
Yuqorida keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, sonlar tuzilishiga ko‘ra ikki turli bo‘ladi: 1. Sodda sonlar; 2. Qo‘shma sonlar. Faqat bir tarkibdan (bitta sondan) tashkil topgan sonlar sodda sonlar deyiladi. Masalan, ikki, uch, o‘n, yigirma va boshqalar. Ikki va undan ortiq tarkibdan (sondan) tashkil topgan sonlar qo‘shma sonlar deyiladi. Masalan, o‘n ikki, bir yuz yigirma, bir million, ikki ming uch yuz o‘n. Hozirgi o‘zbek tilida qo‘shma son tarkibiy qismlarining qat’iy joylashish o‘rni bor: yuzgacha bo‘lgan sonlardan oldin katta son, undan so‘ng kichik son keladi. Masalan, o‘n bir,o‘ttiz besh kabi.Yuzlikdan keyingi sonlarda birlik va o‘nlik sonlar ulardan oldin kelishi ham, keyin kelishi ham mumkin. Birlik va o‘nlik sonlar yuzlik, minglik sonlarning qayerida kelishiga ko‘ra ma’no juda kuchli farqlanadi:
Birlik va o‘nlik sonlar, yuzlik va undan ortiq sonlarning oldida kelsa, yuzlik va undan ortiq sonlarning oldida kelgan son qancha bo‘lsa yuzlik va undan ortiq sonlar shuncha barobar ortiq ekanligi anglashiladi. Masalan, ikki yuz degani ikkita yuz deganidir. Aksincha, birlik va o‘nlik sonlar yuzlik hamda undan ortiq sonlardan keyin kelsa, yuzlik va undan ortiq sonlarning birlik o‘nlik sonlar bilan ortganligini bildiradi. Masalan, ikki yuz uch degani ikkita yuz-u va unga uchning qo‘shiluv deganidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |