Ilmiy uslub
Bilib oling. Daliliy ma’lumotlar asosida chiqarilgan ilmiy xulosalarga asoslanuvchi, har bir fan sohasining o‘ziga xos atamalariga tayanuvchi, fikrni aniq va mantiqiy izchil shaklda bayon qiluvchi uslub ilmiy uslub sanaladi. Tobe so‘zning hokim so‘z talabiga ko‘ra ma’lum kelishik qo‘shimchalari yoki ko‘makchi bilan kelishiga boshqaruv deyiladi. (G‘. Abdurahmonov).
Rasmiy uslub
Bilib oling. Adabiy tilning yozma rasmiy shakliga xos bo‘lib, muayyan nutqiy qolip, qat’iy tusga kirib qolgan shakllarga ega bo‘lgan nutq uslubi rasmiy uslub sanaladi.
Bu uslub davlat arboblari o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarda, idora, korxona, muassasalarning rasmiy ish yuritish jarayonlarida, shaxslarning ariza, tilxat, ishonch qog‘ozi singari ish yuritish qog‘ozlarida qo‘llaniladi.
Qisqalik, aniqlik, soddalik rasmiy ish qog‘ozlarining bosh belgilaridir. Ibora va jumlalar bir qolipda bo‘ladi. Davlat hujjatlarida, rasmiy uslubda so‘zlar ko‘chma ma’noda ishlatilmaydi.
Publitsistik uslub
Bilib oling. Ommaviy axborot vositalari uslubi publitsistik uslub sanaladi. Bu uslubning muhim xususiyati axborot berish va ta’sir qilish bo‘lib, soddalik, tushunarlilik, ta’sirchanlik, adabiy til me’yorlariga qat’iy amal qilishdir.
Publitsistik uslubning ham og‘zaki va yozma shakllari mavjud. Radio-televideniye uslubi publitsistik uslubning og‘zaki shakliga, gazeta, jurnal uslubi esa yozma shakliga xosdir.
Badiiy uslub
Bilib oling. Ma’lum bir voqelikni badiiy tasvir vositalari orqali obrazli ifodalovchi va shu yo‘l bilan tinglovchiga estetik ta’sir etuvchi nutq uslubi badiiy uslub sanaladi.
Obrazlilik va estetik ta’sir etish badiiy uslubning muhim belgisidir. Tollarning ko‘m-ko‘k soch popuklari qizlarning mayda o‘rilgan kokillariday selkillab tushmoqqa boshladi. Muz tagida loyqalanib oqqan suvlarning namli yuzlari kuldi. (Cho‘lpon)
AL va KHK darsligidan:
Radio, televideniye orqali taralayotgan suxandonlar nutqini har kuni eshitasiz. Gazeta-jurnallarda e’lon qilinayotgan xabarlarni o‘qiysiz. Badiiy asarlarni mutolaa qilib, tilimizning badiiy-estetik quvvatidan bahramand bo‘lasiz. Fizika, matematika singari fanlarni ham o‘zbek tilida o‘qiysiz. Shu bilan birgalikda ko‘cha-ko‘yda, oilada, mahallada turli yoshdagi kishilar bilan muloqotga kirishasiz.
Agar yuqorida bayon qilingan nutqiy jarayonlarga e’tibor bilan qarasangiz, ularning hammasi garchi o‘zbek tilining bevosita voqealanishi bo‘lsa ham, lekin ma’lum jihatlari bilan bir-biridan farqlanishining guvohi bo‘lasiz.
Demak, adabiy tilning ijtimoiy hayotning ma’lum sohasi doirasida qo‘llaniladigan bir necha ko‘rinishlari mavjud. Ana shunday ko‘rinishlari nutq uslublari hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |