Eslatma: To‘rtta so‘z turkumidan (ot,sifat,fe’l,ravish) so‘z yasaladi.
INSHO HAQIDA UMUMIY MA’LUMOT
Ona tili (8-sinf)
Ma’lumotnoma matnida bo‘lib o‘tgan voqea-hodisa yoki mavjud holat haqida oddiy axborot beriladi.
Bunday matnda so‘zlarning ko‘chma ma’nolaridan, tilning badiiy-tasviriy vositalaridan deyarli foydalanilmaydi, voqea-hodisa oddiy va aniq bayon qilinadi.
Ijodiy-tavsifiy matn so‘zlovchi yoki yozuvchi tomonidan ijodiy ravishda bayon etilgan voqea-hodisa, narsa yoki shaxsning tasviri yoki xabar, ma’lumotning ijodiy-tavsifiy bayonidir.
Ma’lum voqea-hodisalarga, narsa va shaxslarga oid fikr-mulohaza bildirish, ularni badiiy-tasviriy vositalar, dalillar bilan ta’riflash, izohlash ijodiy-tavsifiy matnga xos xususiyatlardandir.
Ilmiy, publitsistik va badiiy uslublar, shuningdek, insho ham ijodiy tavsifiy matnning ko‘rinishlaridir.
Insho o‘quvchining ma’lum bir mavzuni mustaqil ravishda ochib bera olish, o‘z fikrlarini yozma shaklda to‘g‘ri, ravon, savodli bayon qila olish ko‘nikma va malakalarini, shu mavzu bo‘yicha bilimlarini namoyish etuvchi ijodiy matn - kichik bir asardir. Yozuvchi va shoir, olim va muxbir o‘zi yozadigan asar, ilmiy ish, maqolaga katta mas’uliyat bilan qaragani kabi o‘quvchi ham insho yozishdan oldin unga har tomonlama tayyorlanishi lozim. Zero, insho o‘quvchi ma’naviyati va ma’rifati ko‘zgusidir. Unda o‘quvchining bilimlari, his-tuyg‘ulari, fikrlarini bayon etish ko‘nikma va malakalari o‘z aksini topadi.
Inshoning har bir turi o‘z shakliy va mazmuniy xususiyatlariga ega.
Insho - ijodiy mehnatning oliy ko‘rinishi, murakkab aqliy mehnat jarayonidir. U muallifdan o‘z fikrlarini zarur dalillar asosida mantiqan izchil va badiiy tarzda, grammatik va uslubiy jihatdan to‘g‘ri izhor etishni talab qiladi. Shuning uchun ma’lum mavzuda insho yozishdan oldin shu mavzuga oid badiiy yoki hayotiy manbani, unga oid ilmiy adabiyotlarni chuqur o‘rganib chiqish, tezis (qisqa ifoda) yaratish, dalillash uchun ko‘chirmalarni yig‘ish, xomaki rejani shakllantirib olish talab qilinadi.
Didaktik maqsadlarga ko‘ra insholar ikki xil bo‘ladi: a) ta’limiy insholar; b) sinov insholari.
Ta’limiy insholar sinfda yoki uyda o‘quvchi tomonidan yozilib, ijodiy fikr yuritishga, mavzuni to‘g‘ri bayon qilishga qaratiladi.
Sinov insholari o‘rganilgan mavzularga doir bilimlarni, insho yozish ko‘nikma va malakalarni sinash uchun yirik mavzular tugagandan so‘ng, choraklar yoki o‘quv yili oxirida, olimpiadalarda o‘tkaziladi.
Insho turlari
Insho arabcha so‘z bo‘lib, «yaratish», «bino qilish», «qurish» ma’nosini beradi. Hozirgi tilimizda bu so‘zning ma’nosi ancha torayib, asosan, o‘quvchi va talabalar tomonidan yoziladigan «ijodiy yozma ish» ma’nosida qo‘llanadi.
Insho muallifning ma’lum bir mavzu asosida o‘z fikrlarini yozma shaklda bayon qiluvchi kichik bir asardir. Inshoda muallifning so‘z qo‘llash mahorati, fikriy, tafakkuriy ko‘nikmasi, bilim va dunyoqarashi, savodi namoyon bo‘ladi.
Insho mazmun-mohiyatiga ko‘ra 3 turga bo‘linadi:
1. Adabiy mavzudagi insholar.
2. Adabiy-ijodiy mavzudagi insholar.
3. Erkin mavzudagi insholar.
Adabiy mavzudagi insholarga adabiyot darsligida qayd qilingan, o‘qituvchi tomonidan tushuntirilgan mavzular asosida yoziladigan insholar kiradi.
Adabiy-ijodiy mavzulardagi insholarga adabiyot darslarida o‘tilgan ma’lumotlarga o‘quvchining ijodiy munosabati (shaxsiy fikrlari) qo‘shib ifodalanadigan insholar kiradi.
Erkin mavzulardagi insholar adabiyot fani dasturida qayd etilmagan mavzularda yoziladi. Boshqacha aytganda, o‘quvchining ma’lum bir mavzuga oid bilimlari, axloqiy-tarbiyaviy, ijtimoiy-siyosiy dunyoqarashi, fikr va mulohazalarini aks ettiruvchi insholar erkin mavzudagi insholardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |