AL va KHK darsligidan:
Sanaluvchi predmetlarning miqdorini, son-sanog‘ini, tartibini bildirgan so‘z turkumlari son deyiladi. Sonlar necha?, qancha?, nechta?, nechanchi? so‘roqlariga javob bo‘ladi. Masalan, o‘n, ikki, besh; o‘nta kitob, o‘ninchi sinf, o‘ntadan olma, uchala kishi kabi.
Hozirgi o‘zbek tilida predmetlarning miqdorini, son-sanog‘ini ifodalash uchun ko‘proq yigirma uchta sondan foydalaniladi. Bulardan to‘qqiztasi birlik sonlar: bir, ikki, uch,to‘rt, besh, olti, yetti, sakkiz, to‘qqiz; to‘qqiztasi o‘nlik sonlar: o‘n, yigirma, o‘ttiz, qirq, ellik, oltmish, yetmish, sakson, to‘qson; beshtasi yuzlik, minglik va yuqori sonlarni bildiradi: yuz, ming, million, milliard. Bu sonlarning barchasi miqdorga egalik ma’nosini ifodalovchilar sifatida “nol”ga zidlanadi. Nol son miqdorga ega emaslikni bildiradi. Qolgan sonlar birlik sonlarning o‘nlik songa qo‘shiluvidan (o‘n bir, yigirma besh, to‘qson to‘qqiz), shuningdek,yuzlik va o‘ndan yuqori son oldidan birlik, o‘nlik sonlarning keltirilishidan (bir yuz ellik ming, to‘qqiz milliard ikki yuz million, o‘n bir ming besh yuz) hosil bo‘ladi.
Sonlar ma’nosiga ko‘ra sanoq sonlar, tartib sonlar, jamlovchi sonlar, dona sonlar, taqsim sonlar, chama sonlarga bo‘linadi.
Bu ko‘rsatilgan son turlaridan har qaysisining o‘z shakllari mavjud. Bosh shakl orqali ifodalangan miqdor nomlariga sanoq sonlar deyiladi. Masalan, bir, o‘n, yigirma, ming, million kabi.
Predmetning tartibini bildirgan sonlarga tartib son deyiladi.
Tartib sonlar sanoq sonlarga –nchi, -inchi qo‘shimchalarini qo‘shish yo‘li bilan hosil bo‘ladi. Bulardan –nchi unli bilan tugagan, -inchi undosh bilan tugagan so‘zlarga qo‘shiladi. Masalan, besh –beshinchi, o‘n – o‘ninchi, ikki – ikkinchi.
Predmet miqdorini jamlab ko‘rsatgan sonlarga jamlovchi sonlar deyiladi. Jamlovchi sonlar sanoq songa –ov, -ala, ba’zan –ovlon (eski shakl) qo‘shimchalarini qo‘shish bilan hosil bo‘ladi. Jamlovchi sonlar otlashgan xususiyatga ega bo‘ladi. Shuning uchun jamlovchi son qo‘shimchalari ko‘plik va uch shaxsdagi egalik qo‘shimchalaridan birini olib keladi. Masalan, besh – beshovi –beshovlari, uch – uchalasi – uchalalari, ikki – ikkovlon –ikkalasi kabi. Misol: To‘rtovlon tugal bo‘lsa, ko‘kdagini undirar, oltovlon ola bo‘lsa, og‘zidagin oldirar. Ko‘rinb turibdiki, -ov, -ovlon birlik sonlarga , ikkidan yuqorisiga qo‘shiladi. Bir soniga –ov qo‘shimchasi qo‘shilib jamlovchi “kimdir” degan ma’noda qo‘llanadigan birov so‘zi son ma’nosini yo‘qotib, olmosh turkumiga o‘tgan.
-ala qo‘shimchasini olgan son egalik qo‘shimchasini ham olmasligi mumkin. U vaqtda son otlashmagan bo‘ladi. Masalan, ikkala kishi.
Jamlovchi son qo‘shimchalari unli bilan tugagan sonlarga qo‘shilganda, son oxiridagi unli tushib qoladi. Masalan: ikki – ikkovi, ikkalasi; yetti – yettovi, yettalasi kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |