Sifatlarning yasalishi
Ona tili (6-sinf)
Sifatlar tarkibiga ko‘ra tub va yasama sifatlarga bo‘linadi. Tarkibiy qismlarga bo‘linmaydigan sifatlar tub sifatlar, asos va yasovchi qismdan iborat bo‘lgan sifatlar yasama sifatlar hisoblanadi. Yasama sifatlar asosga qo‘shimchalar qo‘shish yoki so‘z qo‘shish yo‘li bilan hosil qilinadi.
-li, -ser, -dor, -siz, no-, -chan, -ma, -iy(-viy) kabi qo‘shimchalar sifat yasovchi qo‘shimchalar hisoblanadi.
-li, -dor, ba-, -ser, -mand qo‘shimchalari asosda ifodalangan belgiga egalikni bildiradi. Bu qo‘shimchalar (-mand qo‘shimchasidan tashqari asosda) ifodalangan belgiga ega emaslikni bildiruvchi no-, siz-, be- qo‘shimchalari bilan zid ma’nolidir.
-gi, (-ki, -qi) qo‘shimchasi payt va o‘rin bildiruvchi otlarga qo‘shilib, payt va o‘ringa xos belgini, -simon qo‘shimchasi o‘xshashlik belgisini, -(v)iy qo‘shimchasi xoslik belgisini bildiruvchi sifatlar yasaydi.
AL va KHK darsligidan:
Hech qanday yasovchi qo‘shimchalarsiz belgi bildiruvchi so‘zlar tub so‘zlar sanaladi. Masalan, go‘zal, xunuk, oq, qora kabi. Yasovchi qo‘shimchalar yordamida boshqa so‘z turkumlaridan hosil qilingan sifatlar yasama sifat hisoblanadi. Masalan, suv so‘ziga –li qo‘shimchasi qo‘shish orqali o‘zak ifodalagan narsaning mavjudligini, me’yordan ortiqligini (suvli) bildiradi, -siz qo‘shimchasini qo‘shish orqali esa, aksincha, o‘zak ifodalagan narsaning yo‘qligi yoki me’yordan kamligini (suvsiz) bildiradi.
Sifat yasovchi –li qo‘shimchasi –dor, -kor qo‘shimchalari va ba- old qo‘shimchasi bilan sinonimik munosabatda bo‘ladi, shuning uchun ularni birining o‘rnida ikkinchisini qo‘llash mumkin. Masalan, go‘shtli-go‘shtdor, gunohli-gunohkor, odobli – baodob kabi; lekin doimo ham ularni bir-biri bilan almashtirish mumkin emas. Masalan, yurakli, kuchli so‘zlarini bayurak, yurakdor, yurakkor, kuchdor, bakuch, kuchkor deb bo‘lmaydi.
Sifat yasovchi –siz qo‘shimchasi be-, -no old qo‘shimchalari bilan sinonimik munosabatda bo‘ladi. Shuning uchun ularni ko‘pincha birining o‘rnida ikkinchisini qo‘llash mumkin. Masalan, umidsiz, beumid – noumid; lekin ularni ham doimo bir-biri bilan almashtirib bo‘lmaydi. Masalan, aqlsizni beaql deyish mumkin, lekin noaql deb bo‘lmaydi. Shuningdek, nomard, noma’lum singari so‘zlardagi no- old qo‘shimchasini be- old qo‘shimchasi va –siz qo‘shimchasiga almashtirib bo‘lmaydi, chunki bu so‘zlar fors-tojik tilidan o‘zbek tiliga tayyor holda o‘tgan. Hozirgi o‘zbek tilida yasalgan emas.
Shunga ko‘ra sifat yasovchi qo‘shimchalardan o‘rinli foydalanish katta ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |