15 – MAVZU. ENERGETIK GAZ TURBINALI QURILMALARNING O'QLI KOMPRESSORLARI
Reja:
1. O'qli kompressorlarning konstruktiv sxemalari. Ko'p pog'onali kompressorlar.
2. Ko'p pog'onali o'qli kompressorlarning xarakteristikalari va ish rejimlari.
3. O'qli kompressorlar uchun pompaj chegarasi
Adabiyotlar: 1,2,3,4,6,10.
Tayanch iboralar: Yonish kameralari, regenerator, kompressor.
1. O'qli kompressorlarning konstruktiv sxemalari. Ko'p pog'onali kompressorlar.
Gaz va havoning bosimini ko'tarish va ko'chirish uchun mo'ljallangan mashinalar kompressorlar deb ataladi. 1537 yilda kimyogar olim Parasels tomonidan ventilyatorning tajriba modeli yasab sinaldi. Parasels ventilyatori dastlabki texnik ventilyator bo'lganligi bilan e'tiborga molik. Ushbu ventilyatordan metall eritish tigeli ichidagi ko'mirni puflash uchun foydalanilgan.
Zamonaviy turbokompressorlarning asosiy ishlash uslubi – dinamik bo'lib, gazlarni siqilish uzluksizligini va kurak aylanishi hamda gaz oqimi o'rtasidagi kuch ta'sirida uni bir joydan ikkinchisiga ko'chishini ta'minlaydi. Kompressor zamonaviy energetik GTQlarning texnologik sxemasini muhim elementi sanaladi, unda siqiladigan havo esa yonish kamerasiga va keyin qaynoq gaz shaklida qurilmaning gaz turbinasiga kiradi.
Konstruksiyasiga ko'ra kompressorlar o'qli va radial (markazdan qochma) turlarga bo'linadi. GTQda o'qli kompressorlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Ularda bosim ko'tarilishi 2 MPa va undan yuqori bo'ladi.
O'qli kompressorning konstruktiv sxemasi 46-rasmda tasvirlangan. Undagi asosiy elementlar sifatida kompressor ishini ta'minlaydigan qismlarni ko'rsatish mumkin. Atmosfera havosi havo tozalash va shovqin so'ndirish kompleks moslamasi orqali kirish quvuriga 1 so'rib olinadi va aylanasimon konfuzordan 2 o'tadi. Bu havo kompressor ichida to'g'rilash apparati 3, diffuzor 7 va chiqish quvuri 6 orqali tashqariga chiqarib yuboriladi. Bu qo'zg'almas elementlarning asosiy vazifasi kompressorning ishchi pog'onasiga havoni so'rib kiritish, keyin esa uni minimal sarf ko'rsatkichiga, teng taqsimlangan tezliklar maydoniga va zaruriy bosimga ega holatda chiqarib yuborishdan iborat. Zamonaviy o'qli kompressorlarda havoning harakat yo'li juda murakkab.
Diffuzordan keyin kirishdagi yo'naltiruvchi apparat 8 o'rnatiladi, uning vazifasi havoni rotorning aylanish tomoniga burib havo sarfini o'zgartirishdan iborat bo'lib, butun GTQning ish rejimiga ta'sir ko'rsatadi.
Undan keyin kompressorning I, II, … z ishchi pog'onalari joylashtiriladi, pog'onalarning har biri o'zining ishchi kurak apparatiga va qo'zg'almas yo'naltiruvchi apparatiga ega. O'qli kompressorlarning ayrim konstruksiyalarida birinchi pog'onasi buriluvchan yo'naltiruvchi apparatga ega bo'ladi.
46 – rasm. GTQ o'qli kompressorining konstruktiv sxemasi: NK-NK kesma – kompressorga kirish; KK-KK – kompressordan chiqish; A-A va B-B – kompressorning oqim qismiga kirish va chiqish; 1 – kirish quvuri; 2 – konfuzor; 3 – to'g'rilovchi apparat; 4-zichlama tizimiga ega kompressor vali; 5-podshipnik; 6-kompressordan havoning chiqishi; 7-diffuzor; 8-kirishdagi yo'naltiruvchi apparat.
Ishchi kuraklari disk orqali valga mahkamlanib qurilma rotorini tashkil qiladi.
Korpus, ichki yo'nilgan iz va unga biriktirilgan yo'naltiruvchi kuraklar birgalikda kompressor statorini tashkil qiladi.
Ma'lum holatlarda o'qli kompressor orqali havo sarfini ko'tarilishini hisobga olib uni ortiqcha aylanishlar soniga ega (5000 va undan yuqori) qilib loyihalanadi. Bu holatda elektrogenerator va turbokompressor ulanishi reduktor orqali amalga oshiriladi (masalan, Siemens firmasining V64.3, General Electric firmasinig MS5001M GTQ lari va h.k.). Bu kompressorning kirish diametriini kattalashishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |