Budjetdan tashqari jamg`armalar.
Byudjetdan tashqari jamg‘armalar turli darajadagi davlat organlari tasarrufida bo‘lib, muayyan faoliyatni moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan maxsus jamg‘armalarda to‘plangan. SHunday qilib, byudjetdan tashqari jamg‘armalar davlat moliyaviy resurslarini shakllantirishning bir usuli sanaladi.
Moliya tizimining boshqa bo‘g‘inlari kabi byudjetdan tashqari jamg‘armalarning moddiy manbai ham milliy daromad hisoblanadi. Jamg‘armaning asosiy qismi uni qayta taqsimlash jarayonida vujudga keltiriladi. Jamg‘armalarni shakllantirishdagi qayta taqsimot jarayonida milliy daromadni safarbar etishning asosiy metodlari quyidagilardir:
– maxsus soliqlar va yig‘imlar;
– byudjet mablag‘lari;
– zayomlar;
– yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari.
Davlat byudjetdan tashqari jamg‘armalarining salmoqli qismi markaziy va mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi. Byudjet mablag‘lari beg‘araz subsidiyalar yoki soliq tushumlaridan muayyan ajratmalar shaklida kelib tushadi. Byudjetdan tashqari jamg‘armalarning daromadlari sifatida qarz mablag‘lari ham namoyon bo‘lishi mumkin. Byudjetdan tashqari jamg‘armalar ijobiy saldoga ega bo‘lgan hollarda, u qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va dividendlar yoki foizlar shaklida foyda olish uchun foydalanilishi mumkin. Bundan tashqari, byudjetdan tashqari jamg‘armalarning daromad qismi homiylik mablag‘lari, ko‘ngilli xayriya, yuridik va jismoniy shaxslarning hadyalaridan tashkil topishi mumkin
Davlat moliya tizimining tarkibiy qismi bo‘lgan davlat byudjetdan tashqari jamg‘armalari quyidagi kabi qator xususiyatlarga ega:
– hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan rejalashtirilgan va aniq maqsadli yo‘nalishlarga ega;
– jamg‘armalarning pul mablag‘lari byudjetga kiritilmagan davlat xarajatlarini moliyalashtirish uchun ishlatiladi;
– asosan yuridik va jismoniy shaxslarning majburiy ajratmalari hisobiga shakllantiriladi;
– jamg‘armalarga sug‘urta badallari va ularni to‘lash natijasida kelib chiqadigan o‘zaro munosabatlar soliq tabiatiga ega bo‘ladi, badallar tariflari davlat tomonidan belgilanadi va majburiy sanaladi;
– jamg‘armaning pul mablag‘lari davlat mulki hisoblanadi, ular byudjet tarkibiga, shuningdek, boshqa jamg‘armalarga kiritilmaydi va qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilmagan biron-bir maqsad uchun olib qo‘yilmaydi;
– jamg‘armalardan mablag‘larni sarflash Hukumat yoki maxsus vakolatli organ (Jamg‘arma boshqaruvi) buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
Amal qilish muddatiga ko‘ra jamg‘armalar vaqtincha va doimiy turga bo‘linadi. SHuningdek, byudjetga munosabati bo‘yicha ham byudjetdan tashqari jamg‘armalarni quyidagi turlarga ajratish mumkin:
– byudjetga kiritiladigan byudjetdan tashqari jamg‘armalar;
– mustaqil byudjetdan tashqari jamg‘armalar;
– qisman mustaqillikka ega jamg‘armalar.
Iqtisodiy jamg‘armalar iqtisodiy hayotni tartibga solishga qaratilgan. Iqtisodiy jamg‘armalarga quyidagi jamg‘armalar kiradi:
– investitsiyaviy;
– kredit;
– zaxira;
– kon’yunkturaviy va boshqalar.
Ijtimoiy jamg‘armalar – bu resurslari jamoatchilikka xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan jamg‘armalardir. Davlat ijtimoiy byudjetdan tashqari jamg‘armalari majburiy to‘lovlar va yuridik hamda jismoniy shaxslarning ajratmalari hisobidan shakllantiriladigan hamda pensiya ta’minoti, ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy ta’minot, sog‘liqni saqlash va tibbiy yordam olish uchun fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan moliyaviy resurslarning markazlashgan maqsadli jamg‘armalari sanaladi.
Respublikada bozor munosabatlarini rivojlantirish jarayoni juda salbiy sharoitda boshlandi (inqiroz iqtisodiyotning deyarli barcha soha va tarmoqlariga kuchli ta’sir ko‘rsatdi, aholining turmush darajasiga pasaydi) va moliyaviy resurslar cheklanganligi bilan murakkab tus olgan edi. SHunga bog‘liq ravishda davlat tomonidan O‘zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni barqarorlashtirish bo‘yicha eng muhim vazifalar bajarilishini ta’minlash uchun maqsadli byudjetdan tashqari jamg‘armalar tuzila boshlandi.
O‘zbekistonda 1992 yilda aniq pirovard vazifalarni hal etish uchun oltita byudjetdan tashqari davlat maqsadli jamg‘armalari tashkil etildi:
• Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi – ish bilan band ishchi kuchlarining ishdan bo‘shatilishi va ishsizlikning o‘sishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun;
• Mineral resurslarni tiklash jamg‘armasi – o‘z mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish uchun;
• Respublika yo‘l jamg‘armasi – O‘zbekiston hududida avtotransport kommunikatsiyalarini saqlash va rivojlantirish muammolarini hal qilish uchun;
• O‘zbekiston davlat jamg‘armasi – makroiqtisodiy masalalarni hal qilish uchun;
• Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi – ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy sug‘urta uchun;
• Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi jamg‘armasi – mehnat qiluvchilarning huquqlarini himoyalash masalalarini hal qilish uchun.
1995 yildan buyon byudjetdan tashqari davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘laridan maqsadga yo‘naltirilgan tarzda foydalanish davom etilgan holda ularning mablag‘lari davlat byudjetida konsolidatsiyalanadi. Ushbu chora davlatning fiskal organlari nazorati ostida barcha davlat mablag‘larini konsolidatsiyalash imkonini beradi.
1998 yilda mablag‘lari davlat byudjetining “Maqsadli jamg‘armalar xarajatlari” va “Maqsadli jamg‘armalar daromadlari” nomli maxsus bo‘limlarida aks ettirilgan holda davlat byudjetida konsolidatsiyalanadigan byudjetdan tashqari jamg‘armalarning soni to‘rttagacha kamaydi.
O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 25 dekabrdagi “Byudjet kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni bilan ularga davlat byudjeti tarkibida konsolidatsiyalanadigan davlat maqsadli jamg‘armalari maqomi berilib, ular quyidagilardir:
• O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi; • O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasining maxsus hisob raqamlari;
• Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi;
• O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi. Ularning har biri uchun mablag‘lar manbalari, har bir manbadan mablag‘lar kelib tushish me’yorlari va shartlari, shuningdek, ushbu mablag‘lardan foydalanish maqsadlari qonunchilik tomonidan belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga binoan bugungi kunda alohidaligi va maqsadga yo‘naltirilganligi saqlangan holda davlat byudjetida quyidagi byudjet va byudjetdan tashqari davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari jamlanadi:
• O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti, ijtimoiy nafaqa, kompensatsiya va boshqa to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha xarajatlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladigan majburiy to‘lovlar, badallar va boshqa manbalardan kelib tushayotgan pul mablag‘larini jamg‘aradi. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining yuqori boshqaruv organi Jamg‘arma kuzatuv kengashi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |