Bronza davri yodgorliklari
Mehnat qurollarini yasashda bronzadan foydalanish ibtidoiy jamoa xo’jaligida buyuk o’zgarishlarga olib keldi. Bu insoniyatning iqtisodiy hayotigagina emas, balki siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy hayotida ham tub o’zgarishlar yasadi.
Bronzaning tarkibi mis va qalay qotishmasidan iborat bo’lgan.Eng yaxshi bronzaning tarkibida 90 % mis va 10 % qalay bo’lgan. U dastlab miloddan avvalgi III ming yillik oxirlarida Mesopotamiyada (ikki daryo oralig’ida) kashf etilgan . Bronza misga nisbatan o’z xususiyati jihatdan ustun bo’lganligi sababli ham sof misning qo’llanilishi barham topdi. Lekin tabiatda mis va qalayning juda kam miqdorda mavjudligi sababli tosh qurollarni siqib chiqara olmadi. Bronzaga ishlov berish misga nisbatan ancha qulay bo’lgan, birinchidan: pishiq, qattiq; ikkinchidan: u misga nisbatan past haroratda erigan. Mis 1084 gradus haroratda erisa, bronza 700-900 gradusda erigan. Unga bunday past haroratda ishlov berila olinishi, uning har bir xo’jalikda qurollar yasash imkonini bergan. Bu esa mehnat, jangovor qurollarning turi ko’payishiga va samaradorligining oshishiga olib kelgan.
Bronza maxsus qalin sopol idish—tigellarda eritilib, sopol qoshiqlar orqali tosh va sopoldan yasalgan qoliplarga solingan. Bronza qoliplarga yopishib qolmasligi uchun qoliplarga mumiyo surtilgan, bu esa bronza qotgach qolipdan oson ajralishiga olib kelgan Jahon tarixida bronza davri miloddan avvalgi III ming yillik oxirlaridan boshlanadi . Bu davrda Qadimgi Misr , Mesoptamiya, Kichik Osiyo va Eronning janubi-g’arbida davlatlar shakllanib, quldorlik jamiyati keng ravnaq topgan edi. O’zbekiston hududida esa bu davr miloddan avvalgi II ming yillikning I choragida boshlanib, miloddan avvalgi VIII asrlargacha davom etadi. SHuningdek jamiyat taraqqiyoti ham o’ziga xos tarzda davom etadi. O’rta Osiyoning janubiy hududlarida. dehqonchilik madaniyati ravnaq topib, ilk shahar madaniyati tarkib topdi. O’zbekistonning janubiy—sharqiy va markaziy hududlarida, ya’ni Farg’ona, Toshkent, Qarshi hududlarida o’troq dehqonchilik madaniyati, ilk shahar madaniyati izlari so’nggi bronza bosqichiga kelganda vujudga keldi. Ilk va o’rta bosqichlarida bu hududlarda ko’chmanchi chorvadorlar madaniyati, ya’ni dasht qabilalari madaniyati–Tozabog’yob madaniyati izlarini ko’ramiz. O’zbekistonning shimoliy hududlarida cho’l va dasht chorvachilik xo’jaligi yetakchi o’rinni egallagan. Zarafshon, Sirdaryo va Amudaryo etaklarida so’nggi bronza davrida chorvador qabilalar o’troqlashib, sug’orma dehqonchilik bilan shug’ullanadilar va uning bazasida qishloqlarni tashkil etadilar
Bronza davri xo’jaligining eng katta yutug’i bu dehqonchilik madaniyatining keng yoyilishi va uning chorvachilikdan ajralib chiqishidir. Bu jarayon fanda birinchi ijtimoiy mehnat taqsimoti deb nomlanib, miloddan avvalgi II ming yillikning 2 chi yarmida sodir bo’lgan. Ijtimoiy mehnat taqsimoti birinchi navbatda tabiiy sharoit muhitidan kelib chiqib ixtisoslashdi, ya’ni cho’l va dasht zonalarida chorvachilar, dehqonchilik uchun qulay bo’lgan janubiy-sharqiy, markaziy hududlar va daryo bo’yida dehqonchilik madaniyati yetakchi o’rinni egalladi. Ikkinchidan bronza davrida qo’lga kiritilgan yutuqlar, ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirdi, natijada dehqonchilik yoki chorvachilikni rivojlantirish uchun alohida keng hududlar va ma’sul odamlar zarur bo’lib qoldi. Dehqonchilikdan chorvachilikning alohida soha bo’lib ajralib chiqishi qonuniy zaruriyat edi.
Bronza davri yutuqlarini quyidagilar qilib ko’rsatishimiz mumkin: bronzadan yasalgan qurollar mehnat unumdorligini oshirdi, sug’orma dehqonchilik asosida doimiy qishloqlar ko’paydi, yangi yerlar o’zlashtirildi, hunarmandchilikning yangi sohalari—metallurgiya, zargarlik rivojlandi, kulolchilikda charxdan foydalanishga o’tildi, uy-joy qurilishida g’ishtdan foydalanildi, mustahkam mudofaa devorlari shaklandi. Ot eshakdan transport sifatida foydalanildi, g’ildirakli aravalar kashf etildi, jamiyat hayotida monogam oila tarkib topib, hayotda otalar yetakchi bo’la boshladilar, patriarxat davri boshlanib, urug’ jamoasi yemirila boshladi va ilk davlatchilik elementlari shakllandi. Qo’shni mamlakatlar, ayniqsa chorvadorlar bilan dehqonlar o’rtasida tovar ayirboshlash jonlandi. Qabilalararo munosabatlarda bir – biri bilan aralashib, yangi yuqoriroq rivojlanish darajasidagi madaniyatlar vujudga kela boshladi. Masalan, hozirgi Qirg’iziston va undan naridagi cho’llarda yashagan Andronova madaniyati chorvadorlari miloddan avvalgi II ming yillik o’rtalarida O’zbekistonning shimoliy va janubiy hududlariga kirib borib, mahalliy aholi bilan aralashib ketgan va Tozabog’yob, Qayroqqum kabi madaniyatlar shakllangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |