Narx o‘zida faqatgina naflilik yoki ijtimoiy mehnat sarflarining birini emas, balki har ikkalasining bir vaqtda puldagi ko‘rinishini ifoda etadi. Demak, narx – real bozor iqtisodiyoti sharoitida tovar va xizmatlarning ijtimoiy qiymati va ijtimoiy nafliligining puldagi ifodasidir.
Narxning darajasiga ta’sir etuvchi omillarni bilish muhim ahamiyatga egadir. Bulardan asosiylari bo‘lib qiymat yoki ishlab chiqarish sarflari; tovarning naflilik darajasi; mazkur tovarga talab va taklif nisbati; raqobat holati; davlatning iqtisodiy siyosati, pulning qalr-qimmati va h.k. hisoblanadi. Bu omillar ichida tovar qiymati va nafliligi uning narxini belgilovchi asos bo‘lib xizmat qiladi.
Narx quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi: muvozanatlikni ta’minlash vazifasi; qiymat va naflilikni hisobga olish vazifasi; tartibga solish vazifasi; raqobat vositasi vazifasi; ijtimoiy himoya vazifasi.
Narxning juda ko‘p turlari mavjud bo‘lsada, ularning barchasi bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan, Chunki ularda jamiyatdagi iqtisodiy resurslarning ishlatilish samarasi o‘z ifodasini topadi.
Buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan barcha mamlakatlarda davlatning narx sohasidagi siyosati ko‘p jihatdan narxlarni erkinlashtirish, milliy bozor narxlarini jahon bozori narxlariga yaqinlashtirishga qaratiladi.
O‘zbekistonda iqtisodiyotni isloh qilishning o‘ziga xos tamoyillari, mamlakatdagi vaziyat va aholining turmush darajasi hisobga olinib, narxlarni asta-sekinlik bilan va bosqichma-bosqich erkinlashtirish yo‘li tanlab olindi.
Respublikada narxlarni bosqichma-bosqich erkinlashtirish aholini ishonchli iqtisodiy va ijtimoiy himoyalash tadbirlari bilan birga olib borildi.
Asosiy tayanch tushunchalar:
Narx – bozor iqtisodiyoti sharoitida tovar va xizmatlarning ijtimoiy qiymati va ijtimoiy nafliligining puldagi ifodasidir.
Ulgurji narxlar – ishlab chiqaruvchilar tomonidan tovarlar katta partiyalarda bir yo‘la ko‘tarasiga sotilganda mavjud bo‘ladi.
CHakana narxlar – tovarlar bevosita iste’molchilarga sotiladigan narxlardir.
Dotatsiyalashgan narx – davlat byudjeti hisobidan maxsus arzonlashtirilgan narxdir.
Demping narx – bozorda o‘z mavqeini mustahkamlash va raqiblarini siqib chiqarish uchun foydalanilib, bozorga kirib olish narxi deb ham ataladi.
Nufuzli narx – aholining Yuqori daromad oluvchi qatlami xarid qiladigan tovarlarni sotishda qo‘llaniladi.
Narx diapazoni – narxlar oralig‘idagi farqning puldagi ifodasi.
Erkin narxlar – talab va taklif ta’sirida shakllanadigan bozor narxlaridir.
Ommaviy talab bo‘yicha narxning o‘zgarishi - taklifga nisbatan xaridorlarning ommaviy talabi qanchalik katta bo‘lsa, bozor narxi darajasi Shunchalik Yuqori bo‘lishi va aksincha, talabning kamayishi bilan bozor narxi pasayib borishi o‘rtasidagi miqdoriy bog‘liqlik.
Ommaviy taklif bo‘yicha narxning o‘zgarishi - talabga nisbatan tovarlar taklifi qanchalik Yuqori bo‘lsa, bozor narxi darajasi Shunchalik past bo‘lishi va aksincha, taklif kamayishi bilan narx oshib borishi o‘rtasidagi miqdoriy bog‘liqlik.