BOSHLANG’ICH SINFDA O`QUVCHILAR BILIMI VA XOTIRASINI KUCHAYTIRISHDA O`YINLI DARSLARNI TASHKIL ETISH.
Asatova Dilfuza Olimjon qizi .Buxoro viloyati Qorako’l tumani 42-maktabning boshlang’ich sinf o’qituvchisi
Annotatsiya: Ushbu maqolada Boshlang'ich sinflarda o'quvchilar bilimi va xotirasini kuchaytirishda o`yinli darslarni tashkil etish haqida so‘z boradi
Ta`lim tizimining asosiy vazifalaridan biri-mustaqil O`zbekistonning munosib farzandlari bo`lgan aql-zakovatli, ijodkor va teran fikrli shaxslarni tarbiyalash hisoblanadi. Boshlang`ich ta`lim yo`nalishi esa ta`limiy maqsadlarni amalga oshiruvchi muhim bosqich sifatida ahamiyatli. Chunki, mazkur davrda shaxsning barcha psixologik xususiyatlari, jarayonlari va holatlarining shakllanishi, nutqiy, hissiy-idoraviy rivojlanish darajasi, erishish, tafakkur qilish, narsa va hodisalarni to`g`ri idrok eta olish, xotira taraqqiyoti, matematik tasavvur kabilar kuzatiladi.
O`quvchilarga ta`lim-tarbiya berish jarayonida turli xil o`yinlardan foydalanilar ekan, ularni o`rgatishda muayyan ta`limiy maqsad nazarda tutiladi. Uning eng muhim ahamiyati ham ana shu bilan belgilanadi. O`yinlarni o`tkazilish shakllari va usullari jihatidan ta`limda mavjud bo`lgan turli o`yinlar keng farqlanadi. O`quv-tarbiyaviy jarayonda ulardan to`g`ri foydalana bilish lozim. Masalan, o`yinlarni tanlash va tashkil etishda quyidagi omillarni hisobga olmoq zarurligi e`tirof etiladi.
Ishtirokchilar yoshi.
O`quvchilar uchun eng asosiy o`yin tanlanadi, unga yangi qo`shimchalar va qoidalar kiritish hisobiga murakkablashtirilib boriladi. Harakatlar, albatta, murabbiy-o`qituvchilar ishtirokida amalga oshirilishi kerak. Ya`ni, kattalar bolalarga namuna sifatida ishtirok etishlari darkor.
O`tkaziladigan joy.
Zalda, xonada, ochiq havoda o`tkazilishi mumkin.
Ishtirokchilarning soni.
O`yinni birdaniga butun sinf yoki guruh bilan o`tkazish shart emas, ayniqsa, xonalar katta bo`lmaganda. Ishtirokchi bolalarni guruhlarga-o`g`il bolalar va qiz bolalarga, o`yinchilarga hamda hakamlarga ajratilishi mumkin. Unda ishtirok etish barcha uchun qiziqarli bo`lishi lozim.
Ko`rgazmali qurollar, jixozlar.
To`plar, bayroqchalar, cho`plar oldindan yetarli miqdorda tayyorlab qo`yilmog`i darkor bo`ladi.
Barcha harakatlar jarayonida kichik maktab yoshidagi o`quvchilar psixikasining o`ziga xos xususiyatlari, ularda reflekslarning paydo bo`lish tezligi va ularning mustahkamligi yanada yaqollroq ko`zga tashlanadi. O`quvchilarning intellektual rivojlanishi nafaqat o`qish vaqtida, balki o`yin jarayonida ham mustahkamlanib boradi. Dars vaqtida qo`llaniladigan turli o`yinlar o`quvchilarda ma`suliyatlilik, mehnatkashlik, izlanuvchanlik, topqirlik kabi sifatlarning taraqqiy etishiga ham yordam beradi. O`yinlarda tirishqoqlik, sabr-toqatli, matonatli, boshlagan ishni oxiriga yetkaza bilish singari eng kerakli irodaviy sifatlar tarbiyalanib boriladi. Ushbu jarayonda o`quvchilarda tevarak-atrof, narsa va xodisalar haqida to`g`ri tushuncha paydo bo`ladi. Ularning sifatini, og`irlik o`lchovlari, narx-navolar va boshqalarni bilib oladilar, hattoki fazoviy tasavvururlari ham mustahkamlanib boradi Bunda dars davomida o`quvchilar g`olib chiqish maqsadida kuch-quvvatlari bilan mashq qiladilar, berilgan har bir topshiriqni albatta, bajarishga odatlanadilar, natijada olib boriladigan har bir darsning, har bir mashqning maqsad va vazifalarni yaxshiroq tushinib olishga intiladilar. Tadqiqotimiz davomida olib borgan tajribalardan ham ma`lum bo`ldiki, boshlang`ich sinf o`quvchilari orasida o`tkazilgan “”Eng zo`r hisobchi””, “”Kim chaqqon”” kabi didaktik o`yinlarda deyarli barcha sinf o`quvchilari hohish-istak asosida matematik masalalarni tajriba-sinov olib borilmagan guruhga nisbatan faol va osonroq tarzda bajardilar. Mashg`ulot olib borilar ekan, o`yinning ahamiyati orqali ularga berilgan topshiriqlarni diqqat-e`tibor bilan idrok qilish, xotirada yaxshi saqlay bilish, tasavvur qila olish hamda fikrlash jarayonlarining shakllanib borishini kuzatish mumkin bo`ldi.
Boshlang`ich sinf ona tili darslarida o`rganilgan mavzular xususiyatiga qarab metodlar tanlashi, o`quvchilarda mavzular yuzasidan mulohaza yurita olish, o`z fikrini erkin bayon etish imkoniyatini tug`diradi. Quyida 4-sinflarda sintaktik mavzularini o`rganishga doir bir nechta ta`limiy o`yinlarni e`tiboringizga havola etaman.
QARAB OL VA ESLAB QOL
O`quvchilarga bir lahzaga rasmlar ko`rsatiladi va olib qo`yiladi. Ular shu rasmlarga qarab gap tuzadilar, o`yin bola xotirasini mustahkamlashga hizmat qiladi.
O`XSHASHINI TOPING.
O`qituvchi tomonidan guruxlarga ikkitadan gap beriladi. O`quvchilar gaplarning o`xshash tomonlarini topishlari kerak. O`yin o`quvchilarni o`tgan mavzudagi bilimlarini mustahkamlashga zamin bo`ladi.
Masalan: Do`stim, boshlab qo`ygan asarimni o`n kundan buyon o`qishni davom ettiryapman. Oyijon, bu nechanchi kitobni o`qishim ekan o`zim ham bilmayman.
Bu gapning o`xshash tomonlari:
Mazmuniga ko`ra darak gap; fikr tugallanganligi sababli oxiriga nuqta qo`yilgan.
Har ikkala gapda undalmalar mavjud.
Gapning mazmuni kitob o`qish haqida.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yhati.
1. Boshlang'ich ta'lim jurnali 2018-yil 5-7-sonlari.
2. Boshlang'ich ta'lim jurnali. 2019-yil . 2 - 4 - sonlari.
3. Matematika o'qitish metodikasi. M.E.Jumayev. "O‘QITUVCHI" Toshkent 2004.
Do'stlaringiz bilan baham: |