UMUMIY XULOSALAR
Isajon Sulton ijodini o’rganish menga katta mas’uliyat va zavq bag’ishlaydi, fikrlash, mulohaza qilish uchun boy material beradi. Uning asarlarini o’qigan sayin yozuvchi mahoratining yangi-yangi qirralarini, o’ziga xos tomonlarini topaverish mumkin. Biz bu ishimizda Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” roman ing ayrim tomonlarini – asarning g’oyasini, asarning badiiy til xususiyatlarini, yozuvchining obraz yaratishdagi mahoratini, badiiy-tasviriy vositalarni qo’llashi kabilarni tahlil qildik. Yozuvchi ijodida qo’llagan badiiy-tasviriy vositalar o’zaro birikib asar qimmatini belgilaydi. Biz tahlil qilgan Isajon Sultonovning “Boqiy darbadar” romanida jamiyatdagi muammolar, inson xarakteridagi kamchiliklar, salbiy holatlar aks ettiriladi. Inson har doim ilm izlashi, bilishi, anglashi, yaxshini yomondan farqlashi va, eng muhimi, ilmga, fahm-farosatiga asoslanib, o’zini topishi lozim. Buningsiz uning bu dunyoda turishidan ma’no yo’q. ammo ilmiy salohiyati va shu salohiyatdan g’ururlanish asnosida paydo bo’lgan maqsad-muddaosi iymoni, vijdoni, bandaligi, bu yorug’ olamdan shunchaki o’tib ketmasin, hayot karvonidan olislab ketib, adashib-yanglishib, daydi-darbadar holiga tushmasin. Azaliyat qonunlarini ularning yaratuvchisidan boshqa hech kim va hech vaqt o’zgartira olmasligini vaqtida tushunib yetsin. Kechikkan pushaymondan, xatolarni juda kech, bo’ron avjiga minib, yer-u ko’kni chirpirak qilib aylantirayotgan, yo’lida duch kelgan narsani – odammi, hayvonmi, qurt-qumursqami, o’t-o’lanmi, rizq-nasibami – farqlamay mijiqlab-majaqlayotgan, hayot o’rmonida ho’l-u quruq baravar yonayotganida afsus nadomatdan foyda yo’q. Asar qahramoni, mukammal sun’iy insonni yaratish formulasini yaratib qo’yib, endi boshini qay bir devorga urishni bilmagan professor Ziyoning vijdon azobidan, o’g’ilning olim otaga maktubidan, bemor yozuvchi Markesning vido xitobidan, ezgu niyatda safarga chiqqan lo’lilar karvoni haqidagi rivoyatdan va, bunisi juda muhim, ilmiy mahsul bo’lmish sun’iy jonzotning olam ahliga murojaatidan mana shu buyuk xulosa kelib chiqadi. Etikdo’z muborak zotga qo’pollik qilgani uchun boqiylik balosiga duchor bo’lgan edi. Xo’sh, bugungi insoniyatni kim qarg’ishga duchor etyapti. Nega, nima uchun insoniyat Xudo yaratgan azaliy qonunlarni buzgani holda boqiy hayotga intilyapti. Isajon Sultonning asaridagi muhim bir xulosa shuki, insonning biologik va ijtimoiy tabiatiga zid qonunlarning hayotga tadbiq etilishi muqarrar ravishda halokatga duchor etadi. Hozirgi kunda zamonaviy ilm o’simliklari, hayvonlar va insonlarning genini o’zgartirishni boshladi, zarralarning alohida sifatlaridagi qobiliyat (nanotexnologiya) yordamida butun insoniyatning miyasi, tafakkuriga egalik qilishga urinyapti. Bu esa xudolikka da’vo qilinyapti degan gap. Bu behuda urinishlarning oqibati “Boqiy darbadar”da o’z aksini topgan. Bizning adabiyotimizda ham shunday baquvvat, o’qiladigan va o’ylantiradigan, bugungi kun yoshlari uchun zarur bo’lgan asar paydo bo’lganidan xursandman.
Umuman olganda “Boqiy darbadar ” romani menda juda katta taassurot qoldirdi. Ushbu romanda bugungi kundagi juda dolzarb muammolar tilga olingan. Nafaqat bugungi kungi muammolar, balki bir necha ming yillik muammolar ko’tarilganiga guvoh bo’lamiz. Biz bitiruv malakaviy ishimizda quyidagi xulosalarga keldik:
Isajon Sulton istiqlol davri yozuvchilarining yorqin vakillaridan biri.
Isajon Sulton o’zbek romanchiligi taraqqiyotida muhim o’rin egallagan yozuvchi hisoblanadi.
“Boqiy darbadar” romanning muhim xususiyatlaridan biri uning chuqur zamonaviyligi va hozirjavobligidir. Adib kitobxon dilidagi gaplarni, uning orzu va istaklarini ifodalay olgan va eng muhimi, zarur hodisalar haqida kitobxon istaganidek obrazli so’zlay olgan.
Isajon Sulton ijodining mavzu ko’lami keng va rang-barang.
Isajon Sulton Farg’ona badiiy tafakkurining ko’zga ko’ringan namoyondalaridan biri.
6. Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romani xalq qalbidan munosib joy oladi va bu asar yosh avlodni komil inson qilib shakllanishida muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |