O’zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’limga oid farmon va
qarorlari
O’zbekiston Respublikasida ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Prezidentining ko’plab qonun osti hujjatlari qabul qilingan. Ulaming orasida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 6 oktabrdagi PF-1869-sonli “Ta’lim-tarbiya va kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish, barkamol avlodni voyaga yetkazish to’g’risida”gi farmoni muhim ahamiyatga ega. Farmonda ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish, uni zamon talablari darajasiga ko’tarish, milliy kadrlar tayyorlashning yangi tizimini barpo etish, kelajak uchun barkamol, salohiyatli avlodni tarbiyalash asoslari ko’zda tutilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 31 mayda PQ-362-sonli “Umumta’lim maktablari o’quvchilarini darsliklar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori qabul qilingan. Ushbu qaror umumta’lim maktablari o’quvchilarini darsliklar bilan ta’minlash tizimini yanada rivojlantirish, ularni nashr etishga buyurtmanomalarni shakllantirish mexanizmi hamda ijara tizimini, shuningdek darsliklar chakana savdosi keng tarmog’ini tashkil qilishni takomillashtirish maqsadlarini ko’zlab qabul qilingan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 28 iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi farmoni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag’batlantirish, yoshlarni, avvalambor kasb - hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish asoslarini belgilagan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1533-sonli “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori 2011 yil 20 mayda qabul qilingan. Qaror oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizasiyalash, ularni zamonaviy o’quv va ilmiy-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo’nalishlari va mutaxassisliklarini maqbullashtirish, ta’lim standartlarini takomillashtirish hisobiga ta’lim jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko’tarish, ilg’or pedagogik texnologiyalar va o’qitish shakllarini joriy etish, o’qituvchi kadrlar mehnatini rag’batlantirishni kuchaytirish asosida iqtisodiyot soha va tarmoqlarida talab qilinadigan oliy ma’lumotga ega mutaxassislarni tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadlarini ko’zlagan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 28 iyundagi PQ-1990-sonli “Yuridik kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori mamlakatda o’tkazilayotgan demokratik va huquqiy islohotlar, fuqarolik jamiyati shakllantirishning yuksak talablari va zamonaviy xalqaro standartlariga javob beradigan yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga yo’naltirilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 12 iyundagi PF -4732-sonli “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni oliy o’quv yurtlari professor-o’qituvchilarining kasb darajasi va malakasini muttasil oshirib borish, ularni zamonaviy talablarga muvofiq muntazam qayta tayyorlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish asosida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan oshirishni ko’zda tutadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 fevraldagi PF-4958-sonli “Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi farmoni O’zbekiston Respublikasida ilmiy-tadqiqot faoliyati, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestasiyadan o’tkazish tizimining sifati va samaradorligini oshirish, oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim sohasini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatida yoshlarning intellektual salohiyatini har tomonlama namoyon etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadlarida qabul qilindi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentabrdagi PF-5198- sonli “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora- tadbirlari to’g’risida”gi farmoni qabul qilinib, u maktabgacha ta’lim sohasiga yangiliklar olib kirdi. Farmon uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo’g’ini bo’lgan maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog’ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonama intellektual, ma’naviy- estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi PF-5313-sonli “Umumiy o’rta, o’rta maxsus va kasb hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni uzluksiz ta’limga jiddiy o’zgartirish kiritdi. Farmonda belgilangan tartibga ko’ra, 2018-2019 o’quv yilidan boshlab majburiy umumiy o’rta va o’rta maxsus ta’lim umumta’lim maktablarida, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablarda, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktab- internatlarida, ixtisoslashtirilgan olimpiya zahiralari maktab-internatlarida hamda akademik litseylarda uzluksiz va 11 yillik ta’lim amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentabrdagi PF-5538-sonli “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora - tadbirlar to’g’risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon o’quv-tarbiya jarayoniga boshqaruvning yangi mexanizmlarini va sifat standartlarini joriy etish, jamiyatda o’qituvchi kasbining nufuzini oshirish, umumta’lim muassasalarining moddiy- texnik holatini yaxshilash orqali xalq ta’limi tizimini yanada takomillashtirish maqsadiga ega.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentabrdagi PQ-3931-sonli “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda davlat organl ari va boshqa tashkilotlarning xalq ta’limi muassasalari faoliyatiga asossiz aralashuviga, pedagog kadrlarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning mehnatga majburlanishiga, ta’lim-tarbiya jarayoniga to’sqinlik qilishning har qanday shakllariga, o’qituvchi va o’quvchilarning huquqlari buzilishiga yo’l qo’ymaslik bo’yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko’rish kabi masalalar o’z ifodasini topgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 avgustdagi PF-5789-sonli “Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish to’g’risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonda rahbar va pedagog kadrlarning malakasini oshirish tizimini yangi bosqichga ko’tarish, ularning kasbiy malakasini oshirishning zamonaviy shakllarini hamda ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat natijalarini inobatga oladigan tabaqalashtirilgan va muqobil uzluksiz malaka oshirish tizimini amaliyotga keng joriy etish maqsadlari belgilandi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 iyuldagi PF-5763-sonli “Oliy va o’rta maxsus ta’lim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, sohada davlat boshqaruvi samaradorligini yanada oshirish, tizimdagi muassasalarning sifatli faoliyat yuritishini ta’minlash orqali yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish maqsadlariga asoslandi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentabrdagi PF-5812-sonli “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo’shimcha chora- tadbirlar to’g’risida”gi farmoni professional ta’lim tizimini ilg’or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlang’ich, o’rta va o’rta maxsus professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda mazkur jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilish maqsadlarida qabul qilingan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 apreldagi PF-5987-sonli “O’zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi farmoni yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish, ularning xalqaro ta’lim maydonidagi raqobatbardoshligini ta’minlash, yuridik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, shuningdek O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Kontsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 sentabrdagi PQ-3955- sonli “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi, 2019 yil 30 sentabrdagi PQ-4467-sonli “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi, 2020 yil 30 yanvardagi PQ-4581-sonli “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi, 2020 yil 27 fevraldagi PQ-4623-sonli “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorlari ham ta’lim-tarbiya sohasiga yo’naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlar hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etishga oid qonun osti hujjatlari ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etishda muhim ahamiyatga ega bo’lmoqda. Mazkur qonun osti hujjatlari yordamida ta’lim tizimidagi muammo va kamchiliklarni tezlik bilan bartaraf etish yo’lga qo’yilmoqda. Prezident farmon va qarorlari mamlakatimiz ta’lim taraqqiyotidagi yuksalishga o’z ijobiy ta’sirini ko’rsatmoqda.
Mavzuga oid nazorat savollari
Qonun osti hujjati deganda nimani tushunasiz? Qonun osti hujjatlariga nimalar kiradi?
Farmon, qaror, buyruqning farqli jihatlarini ajrating.
Qonun osti hujjatlarining yuridik kuchi bo’yicha tasniflang.
Prezident qarorlari, farmonlarining xususiyatlarini tushuntirib bering.
Vazirlar Mahkamasining vakolatlariga nimalar kiradi?
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qanday normativ-huquqiy hujjatlarini bilasiz?