Farmonlar O’zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq, ularning ijrosini ta ’minlash maqsadlarida qabul qilinadi.
Farmonlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti hamda davlat boshqaruvining qonun va qonun osti hujjatlari bilan qamrab olinmagan muammolarini tez va samarali hal qilish imkonini beradi. Prezident farmoni bilan alohida sohalarni isloh qilish, davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ustuvor yo’nalishlarini belgilash, davlat organlarini tashkil etish yoki tugatishga oid muhim masalalar tartibga solinadi. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasi to’g’risida”gi PF-4947-sonli Farmoni buning yaqqol misoli bo’la oladi.
Harakatlar strategiyasi to’g’risidagi Prezident farmoni strategik va dasturiy xarakterga egaligi bilan boshqa hujjatlardan farq qiladi. Bunda vazirlik, davlat qo’mitalari va idoralar yoki boshqa organlar zimmasiga muayyan vazifalar yuklatiladi. Vazifalar qanday hal etilishi kerakligi bo’yicha aniq reja va yo’l- yo’riqlar belgilab beriladi.
Farmon va qonunlarning o’ziga xos jihatlari mavjud bo’lib, qonun va farmon o’rtasida ziddiyatlar vujudga kelganda qonun ustunlikka ega bo’ladi.
Qonun xususiyatlariga ega bo’lgan normativ-huquqiy hujjatlar parlamentda qabul qilinib, Prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi. Qonunlarni ishlab chiqilishi va kuchga kirishi farmonga qaraganda sekinroq yuz beradi. qonunlarning amal qilish muddati ham farmonga qaraganda uzoqroq davom etishi ko’zga tashlanadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari qonun bilan tartibga solinmagan ijtimoiy munosabatlar doirasida ishlab chiqiladi. Bunday munosabatlar miqyosi ancha keng bo’lib, keyinchalik ularning katta qismi qonunlar bilan tartibga solinishi ham mumkin. Hozirgi davrda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari quyidagi muhim yo’nalishlar va ijtimoiy munosabatlar bo’yicha qabul qilinadi:
soliq, pul-kredit, bojxona va valyuta siyosatining asosiy yo’nalishlari va parametrlari;
soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalari berish, tashqi iqtisodiy faoliyatni bojxona-tarif jihatdan tartibga solish masalalari;
yillik, choraklik va oylik valyuta balanslari, davlatning tashqi qarziga xizmat ko’rsatish masalalari;
qimmatli metallar bilan operasiyalar;
iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va umuman iqtisodiyotni hamda muhim soha va tarmoqlarni liberallashtirishning strategik masalalari;
O’zbekiston Respublikasining rivojlantirish kontsepsiyalari, loyihalari portfellari va davlat dasturlari, shuningdek tarmoq va hududiy rivojlanish kontsepsiyalari;
oylik ish haqlarini oshirish va aholini ijtimoiy himoya qilish, mehnatga haq to’lashning yagona tarif tizimini takomillashtirish bilan bog’liq masalalar;
ma’muriy islohotlarni chuqurlashtirish, boshqaruv tuzilmasini, ta’limni takomillashtirish, davlat va xo’jalik organlarini qayta tashkil etish va tugatish masalalari;
milliy xavfsizlik va mudofaa qobiliyati, O’zbekiston Respublikasi davlat chegarasini muhofaza qilish, davlat manfaatlarini himoya qilish, shuningdek strategik muhim ahamiyatga ega boshqa masalalar;
Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik xizmatlar faoliyati masalalari;
sud, adliya, prokuratura va ichki ishlar organlari faoliyatini isloh qilish masalalari;
fuqarolik jamiyati institutlarini, diniy tashkilotlarni isloh qilish, millatlararo munosabatlarni mustahkamlash masalalari.
Prezident farmonlari ushbu sohalardagi juda katta o’zgarishlarga olib keluvchi o’ta muhim masalalarni tartibga solish va mustahkamlash imkonini beradi. Farmon qarordan farqli ravishda institutsional tuzilmalar va davlat boshqaruvining strukturaviy tuzilishiga ham jiddiy ta’sir ko’rsata oladi. Prezident farmonlari davlat boshqaruvi tizimida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxslarning lavozim holatiga ham o’zgartirish kiritadi. Masalan, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti farmon vositasida viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini ishga tayinlashi yoki bo’shatishi mumkin. Qaror vositasida bu ish amalga oshirilmaydi.
Prezident qarorlari qonun hujjatlari va farmonlarda belgilangan vazifalarni bajarish hamda ularning ijrosini ta’minlash maqsadlarida qabul qilinadi. Qarorlarda vazifalarning bajarilish muddatlari, usullari, hududlari, aniq ijrochilari belgilab qo’yiladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari quyidagi yo’nalishlar va masalalar bo’yicha qabul qilinadi:
tegishli yilga O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlari va parametrlari prognozi;
soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalarni berish, tashqi iqtisodiy faoliyatni bojxona-tarif jihatdan tartibga solish;
qimmatli metallarni qazib olishga davlat buyurtmasi;
yoqilg’i-energetika kompleksini, iqtisodiyotni bazaviy qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish va modernizasiya qilishning uzoq muddatli istiqbollari va dasturlari;
ma’muriy islohotlarni chuqurlashtirish, davlat boshqaruv organlari va ularning boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish;
xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlik qilish dasturlari;
davlat safarbarlik va strategik zahiralarini shakllantirish va foydalanish masalalari;
eksport potentsialini rivojlantirish dasturlari parametrlari va tovarlar (ishlar, xizmatlarni) eksporti istiqbollari;
davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni;
alohida mahsulotlar, xom ashyo va materiallarning material balanslari (O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 maydagi F-4926-sonli “Mahsulotlar, xom ashyo va materiallarning asosiy turlarining ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan material balanslari ro’yxatini tasdiqlash to’g’risida”gi Farmoyishiga muvofiq);
Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik xizmatlar faoliyati;
sudlar, adliya, prokuratura va ichki ishlar organlari faoliyatini isloh qilish masalalari;
O’zbekiston Respublikasining oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini shakllantirish masalalari.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti boshqa masalalar bo’yicha ham normativ - huquqiy asosga ega bo’lgan farmon va qarorlar qabul qilishi mumkin. Bunday qonun osti hujjatlari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |