4. Hudud atrofini o‘rash. Bolalar maydonchalari alohida to‘siq yoki panjara bilan o‘ralishi lozim. Bu to‘siqlar yog‘och yoki metalldan tayyorlanishi, ularning bo‘yi 70 santimetr bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. To‘siqlar bolalar maydonchasida yer transportlarining harakatlanishi, uy hayvonlarini sayr qildirishning oldini olish hamda ular xavfidan saqlash maqsadida, shuningdek, bolalarning harakatli o‘yinlari davomida maydoncha chegarasidan chiqib boshqalarga xalaqit bermasligini ta’minlaydi.
5. Dizayn. Bolalar maydonchalarini loyihalashtirishda dizayn masalalariga alohida e’tibor qaratilishi kerak. Bunda, birinchi navbatda, bolalarni jalb etadigan darajada qiziqarli va yorqin ranglardan foydalanish, u yerdagi sport jihozlarini tartibli, biri ikkinchisiga xalaqit bermaydigan, agar zarur bo‘lsa, bir jihozdan keyin ikkinchisiga o‘tib o‘ynash qiziqarli bo‘lishini ta’minlaydigan bo‘lishi kerak.
O‘yin jihozlari
6. Bolalar maydonchalariga joylashtiriladigan o‘yin jihozlari, birinchi navbatda, xavfsiz, bolalarga jarohat yetkazmaydigan, o‘tkir qirralarsiz bo‘lishi lozim. Ularning asosiy turlari quyidagilardir.
Qo‘ziqorin. Bolalar maydonchalari mavjudligini yaqqol bildiruvchi bu jihoz alohida holda ham, qum to‘kilgan joy tepasida yoki dam olib o‘tiriladigan aylana skameyka tepasida ham o‘rnatilishi mumkin. Bu qo‘ziqorin qalpoqsimon ko‘rinishdagi metall yoki taxta qoplamaning yog‘och ustunga o‘rnatilganidir. Qo‘ziqorinning tepasi odatda bir xil rangdagi bo‘yoq ustiga qo‘ziqorin dog‘lari singari dumaloq shakldagi boshqa rangi bilan ajralib turadi.
Ayvoncha. 4-5 nafar bola aylana shaklida yoki bir-biriga qarama-qarshi tomonda o‘tiradigan skameykalar bilan jihozlangan, usti metall yoki taxta bilan to‘rtburchak shaklida qoplangan dam olish joyi. Bu joy bolalarning harakatli o‘yinlardan charchagan davrida muloqot qilishlari va passiv hordiq chiqarish uchun xizmat qiladi. Yomg‘irli kunlarda esa u yerda o‘tirib, suhbatlashish imkoniyati bo‘ladi.
Uchoqlar. Uchoqlarga ikki kishilik va to‘rt kishilik gorizontal uchoqlar hamda bir kishilik va ikki kishilik vertikal uchoqlar va boshqa turli uchoqlar kiradi. Ular o‘rindiqlarda o‘tirgan holda ikki tomonga tebranish qoidalariga asoslanadi. O‘rindiqlar bolalar uchun qulay bo‘lishi va ular oldida ushlagichlari bo‘lishi lozim. Uchoqlar podshipnik orqali asosga birlashtirilishi shart. Chunki harakatlarning silliq va ravon bo‘lishiga podshipniklar vositasidagina erishilishi mumkin. Vertikal uchoq atrofida ma’lum masofagacha xavfsizlik zonasi tashkil etilishi va boshqa jihozlar joylashtirilmasligi talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |