Jihozlar va ularning tarkibiga bo‘lgan texnika xavfsizligi talablari
5. Bolalar maydonchalari bolalarning o‘z vaqtini mazmunli o‘tkazishi, jismoniy va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qiladigan, shuningdek bolalar uchun qiziqarli bo‘lgan jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
6. Bolalar maydonchalarining qulay, ko‘rkam va tekis joylarda tashkil etilishi, ularning atrofida sersoya daraxtlar va o‘tirib dam olinadigan hordiq o‘rindiqlar bo‘lishi, jihozlar bolalarning yoshi va qiziqishlariga mos zamonaviy va sodda tuzilishga ega bo‘lishi hamda ularning sanitariya va xavfsizlik texnikasi talablariga javob beradigan turlarini o‘rnatish lozim.
7. Bolalar maydonchalarida jihozlar Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 22-dekabrdagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan Bolalar maydonchalariga qo‘yiladigan talablarga muvofiq bo‘lishi lozim.
8. Bolalarning jihozlardan yiqilib tushishlarini oldini olish uchun qo‘l bilan ushlab yurish moslamasi va to‘siqlar, shu bilan birga yiqilganda jarohatlanishni oldini olish uchun zarbani yumshatuvchi qoplamalar ko‘zda tutilishi kerak.
9. Bolalarning yuqoriga chiqishi va sirg‘anib tushishida, uzunligi 2 m, balandligi 2,5 m dan baland bo‘lmagan qo‘l bilan ushlab chiqish uchun moslangan sirpanchiqlar bilan jihozlanishi kerak.
10. Sirpanchiqlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
sirpanchiqqa chiqishda narvon, tirmashib chiqish uchun seksiya yoki boshqa moslamalar bo‘lishi;
alohida turgan sirpanchiqning balandligi, unga chiqish yo‘llaridan qat’i nazar, 2,5 m dan baland bo‘lmasligi;
ochiq va to‘g‘ri sirpanchiqning eni 0,7 m dan kam va 0,95 m dan katta bo‘lmasligi;
start maydonchasi uzunligi kamida 0,3 m va qiyaligi 5° gacha, eni — sirpanib tushish uchastkasining gorizontal proyeksiyasi eniga teng bo‘lishi;
alohida turgan sirpanchiqlarda start maydonchasi yon tomonining to‘siqlari balandligi 0,75 m dan kam bo‘lmasligi;
sirpanchiqning sirpanib tushish qismi qiyaligi, uning istalgan nuqtasida 60° dan oshmasligi;
sirpanchiqning sirpanib tushish qismi yakuniy bo‘lagida o‘rtacha qiyalik 10° dan oshmasligi;
sirpanchiqning yakuniy qismi kamida 0,5 m radius va kamida 100° burchak bilan yer yo‘nalishida aylanma shakliga ega bo‘lishi;
sirpanchiqning sirpanib tushish yakuniy qismi chetidan yer yuzasigacha bo‘lgan masofa 0,10 m dan ko‘p bo‘lmasligi;
sirpanib tushish yakuniy qismining yon tomonlarini to‘sib turuvchi moslamalarning balandligi, sirpanib tushish uchastkasining uzunligi 1,5 m dan kam bo‘lganida — 0,20 m dan ko‘p, shuningdek sirpanib tushish uchastkasining uzunligi 1,5 m dan ko‘p bo‘lganida — 0,35 m dan ko‘p bo‘lmasligi;
tunnel shaklidagi sirpanchiqning minimal balandligi va eni 0,75 m bo‘lishi;
sirpanchiqlar bolalar maydonchalarida joylashtirilganda yon konstruksiyalardan kamida 1 m va sirpanchiq qiya sirtining pastki qirrasidan oldingi tomonga kamida 2 m xavfsizlik masofalari ko‘zda tutilishi shart.
11. Bolalar maydonchalari bolalarning kuchini va ularning egiluvchanligini rivojlantirish maqsadida balandligi 3 m, eni kamida 1 m, ko‘ndalang yog‘ochlar diametri 22 mm, ko‘ndalang yog‘ochlar orasidagi masofa 0,25 m bo‘lgan gimnastika devori hamda gimnastika ustunchalari bilan jihozlanishi lozim.
12. Bolalar maydonchalaridagi osma arg‘imchoqlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
osma arg‘imchoq o‘rindig‘i, tinch turgan holatda, yer yuzasidan 0,35 m dan kam va 0,63 m dan ko‘p bo‘lmagan balandlikda joylashtirilishi;
osma arg‘imchoqlar bolalar maydonchalarida joylashtirilganda yon konstruksiyalardan kamida 1,0 m va ular qiya turganida eng chekka nuqtalaridan oldinda (orqasida) kamida 1,5 m lik xavfsizlik masofalari ko‘zda tutilishi shart.
13. Uchoqlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
o‘rindiqlar bolalar uchun qulay bo‘lishi va ular oldida ushlagichlari bo‘lishi;
o‘rindiqlar muvozanat holatida yer yuzasidan 0,55-0,75 m balandlikda bo‘lishi lozim;
o‘rindiqlar yuqoriga va pastga harakatlanish vaqtidagi qiyaligi ko‘pi bilan 20° dan oshmasligi zarur;
uchoqning konstruksiyasi unda o‘tirgan bolaning oyoqlarini uchoqning tayanch qismlari tagiga tushib qolmasligini ta’minlashi va o‘tkir qirralar bo‘lmasligi;
uchoqlar podshipnik orqali asosga birlashtirilishi shart. Chunki harakatlarning silliq va ravon bo‘lishiga podshipniklar vositasidagina erishilishi mumkin. Vertikal uchoq atrofida ma’lum masofagacha xavfsizlik zonasi tashkil etilishi va boshqa jihozlar joylashtirilmasligi talab etiladi.
14. Karusellar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
bolalar maydonchalariga o‘rnatiladigan karusellar o‘zining sodda konstruksiyasi va hajmining kichikligi bilan bog‘larda o‘rnatiladigan karusellardan farqlanishi;
karusellarda o‘tirgichlar bo‘lmasligi va bolalar unda tik turgan holda aylanishlariga moslashgan bo‘lishi, shu bilan birga karusellar elektr quvvati bilan emas, kattalarning yoki bolalarning jismoniy harakatlari evaziga harakatlanishi;
er yuzasidan pastki aylanuvchi qismgacha 6 sm dan kam va 11 sm dan ko‘p bo‘lmagan masofada bo‘lishi;
aylanuvchi platformaning pastki yuzasi silliq bo‘lishi;
karuselning pastki qismidan yuqori nuqtasining balandligi ko‘pi bilan 1 m bo‘lishi;
karusellar bolalar maydonchalarida joylashtirilganda yon konstruksiyalardan kamida 2 m va pastki aylanuvchi yuzadan kamida 3 m balandlikdagi xavfsizlik masofalari ko‘zda tutilishi.
15. Bolalar maydonchalaridagi jihozlarning materiallari va ularga ishlov berishda qo‘yiladigan talablar:
yog‘ochdan ishlangan jihozlar qattiq daraxt turlaridan tayyorlangan bo‘lishi va chirish, yonish hamda sinishlarni oldini oluvchi maxsus ishlov berilgan bo‘lishi, shuningdek polirovkalangan va uchli qirralari yumaloqlangan bo‘lishi lozim;
jihozlarning ko‘tarib turuvchi qismlarida metalldan foydalanganda, ular ishonchli birikmalarga ega bo‘lishi va tegishli ishlov berilgan (korroziyaga qarshi qoplamaga ega) bo‘lishi zarur;
jihozlarning beton va temir beton elementlari silliq yuzalarga ega bo‘lishi zarur;
plastik va polimerlardan tayyorlangan jihozlar silliq, yorqin va toza rang, iqlimiy omillar ta’sirida rangini yo‘qotmaydigan yuzaga ega bo‘lishi shart.
16. Bolalar maydonchalarida jihozlarni o‘rnatishda belgilangan xavfsizlik masofalari inobatga olinishi lozim.
17. Jihozlarga bolalarning boshlari, bo‘yinlari va tananing boshqa qismlarini hamda kiyimlarini tiqilib qolishini imkon qadar oldini olgan holda o‘rnatilishi lozim.
18. Jihozlarda o‘tkir qirrali chiqib turuvchi qismlar bo‘lmasligi va bolalar kira oladigan joylardagi barcha burchaklar yumaloqlashtirilgan bo‘lishi shart.
19. Bolalar maydonchalarida bolalar sog‘lig‘i va xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi jihozlarni o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
20. Jihozlar nosoz holga kelgan taqdirda, bolalar maydonchasida xavfsizlik ta’minlanishi uchun jihozning o‘sha qismining atrofi o‘rab qo‘yilishi yoki usti yopib qo‘yilishi shart.
21. Atrofi o‘ralgan bolalar maydonchalarining asosiy va zaxira kirish-chiqish yo‘llari doim bo‘sh bo‘lishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |