bolalarda moddalar almashinuvi kasalligi
Moddalar almashinuvi buzilishi kasalliklari (raxit, spazmofiliya, gipotrofiya, ekssudativ diatez). allergiya. Terining zamburug`li va qichima kasalliklari. Gelmintozlar
Reja:
1.Moddalar almashinuvi kasalliklari:
- raxit;
- spazmofiliya;
- gipotrofiya;
- ekssudativ diatez.
2.Allergiya.
3.Terining zamburug`li kasalliklari.
4.Terining qichima (qo`tir) kasalligi.
5.Gelmintozlar.
Moddalar almashinuvi buzilishi kasalliklari.
Bola organizmida oqsil, yog`, uglevod, mineral tuzlar, vitaminlar almashinuvi buzilishi tufayli bir qator kasalliklar va kasallikka yaqin holatlar yuzaga kelishi mumkin.Shulardan eng ko`p uchraydiganlari quyidagilar: raxit, spazmofiliya, gipotrofiya, ekssudativ diatez.
Raxit - organizmda vitamin “D” yetishmasligi tufayli kalsiy va fosfor almashinuvining buzilishi natijasida kelib chiqadigan kasallik.
Sababi.Onaning homiladorlik davrida ovqat ratsionining buzilishi, bolaning chala tug‘ilishi, sun`iy ovqatlantirish, quyosh nuridan to‘liq foydalanmaslik va hokazo.
Belgilari. Kasallikning ilk belgilari bola 1-2 oylik bo‘lganda, chala tug‘ilgan bolalarda 2-3 haftalik davridayoq paydo bo‘la boshlaydi. Bola bezovtalanadi, uyqusi notinch, injiq bo‘lib qoladi, ko‘p terlaydi. Boshini yostiqqa ishqalashi tufayli, ensa sohasidagi sochlari to‘kiladi. Tishlarining chiqishi kechikadi. Odatda sut tishlari 6-7 oylikda chiqa boshlashi kerak: 1 yoshlik bolada 8 ta, 2 yoshda 20 ta sut tishi bo‘lishi kerak. Raxit bo`lgan bolaning bosh suyaklarining shakli o‘zgaradi. Peshonasi do‘ng, tepa suyaklari bo‘rtib chiqadi, ensa sohasi yassilanadi, liqildoqlarning bitishi kechikadi. Sog‘lom bolada kichik liqildoqlar 2-3 oylikda, katta liqildoq 1 yoshda suyaklanib bitadi.
Suyaklar yumshashi tufayli ko‘krak qafasi, umurtqa pog‘onasi, oyoq-chanoq suyaklarida egrilanishlar yuzaga keladi. O‘z vaqtida davolanmasa, suyaklardagi egrilanishlar doimiy bo‘lib qolishi mumkin. Qovurg‘alarning suyak va tog‘aysimon qismi birlashgan joyda bo‘rtiqlar paydo bo‘ladi («raxit tasbehlari»), ko‘krak qafasi yon tomonlari botiq bo‘lib qoladi, old tomoni to‘sh suyagi bilan birgalikda tovuq ko‘kragiga o‘xshab bo‘rtib chiqadi, yoki aksincha ichiga botadi (yapaloqlashadi).
Umurtqa pog‘onasi ko‘krak qismini orqaga egrilanishi «raxitik kifoz», oldinga egrilanishi raxitik «lordoz», yon tomonga egrilanishi raxitik «skolioz», holatlarini yuzaga keltiradi. Oyoq suyaklari, xususan boldir suyaklari egrilanishi oyoqlarini “O” simon yoki “X” simon shaklda bo‘lib qolishiga olib keladi. Chanoq suyaklaridagi o‘zgarishlar «tor chanoq» hosil bo‘lishiga, bu holat esa bo‘lajak onalarda tug‘ish jarayonida qiyinchiliklarga sabab bo‘ladi. Raxit kasalligida oyoq tovon - kaft suyaklari shakli o‘zgarishi tufayli yassioyoqlik vujudga kelishi mumkin.
Qorin old devori va ichak muskullarining tarangligi pasayib, bolaning qorni kattalashadi («qurbaqa qorin»). Ko‘krak qafasi suyaklarining egrilanishi va diafragma muskuli tonusining pasayishi natijasida bolaning nafas olishi qiyinlashadi, u hansirab nafas oladi. Shu bois bunday bolalarda o‘pkaning yallig‘lanish kasalliklari ko‘p uchraydi.Yurak-tomir faoliyati kuchsizlanadi, jigar va taloq kattalashadi, kamqonlik yuzaga keladi.
Yuqoridagi belgilarning rivojlanganligiga qarab, raxit kasalligining kechishi 3 darajaga bo‘linadi: I daraja (engil), II daraja (o‘rtacha og‘ir), III daraja (og‘ir).
Suyak-muskul to‘qimasi va ichki a`zolarning yuqorida bayon etilgan o‘zgarishlari kelajakda bolaning jisminiy rivojlanishiga salbiy ta`sir ko‘rsatadi. Bu uchinchi darajali raxit bilan xastalangan bolalarda ayniqsa sezilarli bo‘ladi.
Raxit tufayli suyak - muskul tizimida yuzaga kelgan o`zgarishlar kelajakda bola qad-qomatini buzilishiga ham sabab bo`ladi.
Tibbiy yordam. Raxitni davolash uning og‘irlik darajasiga, kasallikning kechishiga asoslangan bo‘lishi kerak. Bola ovqatining tarkibida kalsiy, fosfor moddalari yetarli bo‘lishi kerak. Buning uchun bolaga qirilgan olma, sabzi, ilitilgan tuxum, tvorog, kefir berilishi lozim. Toza havoda sayr qilish, massaj va gimnastika muolijalari muhim ahamiyatga ega.
Raxit asosan “D” vitamini bilan davolanadi.
- I darajali raxitni davolash kursiga 500000-600000 TB vitamin “D” tavsiya qilinadi.
- II darajali raxitni davolash kursiga 600000-800000 TB.
- III darajali raxitni davolash kursiga 800000-1200000 TB vitamin “D” berish tavsiya qilinadi. Vitamin “D” bilan davolash tugagandan so‘ng ultrabinafsha nurlar bilan nurlantirish (1 kursiga 10 seans). Sitratli aralashma bir choy qoshiqdan 3 mahal ichiriladi. Vitamin B2, B6, B15, askorbin kislota qo‘llaniladi.
Izoh: Raxitning 1,2,3 darajalarini davolash uchun D vitaminning moyli yoki spirtli eritmasining bir tomchisida qancha TB da vitamin bo`lishi va har kuni necha tomchidan, necha kun davomida berilishi, flakonga taqalgan instruksiyasida batafsil yozilgan bo‘ladi.
Oldini olish. Raxitning oldini olish 2 davrda amalga oshiriladi.
1.Antinatal davr (bola tug‘ilmasdan oldin). Homilador ayol oqsilga boy mahsulotlar: sut, qatiq, tvorog, tuxum, go`sht, shuningdek, vitaminlarga boy meva sabzavotlarni ko`proq iste`mol qilishi lozim. Homiladorlikning 32-34 haftaligidan to chaqaloq tug‘ilguncha kuniga 500 TB vitamin “D” qabul qilishi tavsiya etiladi.
2. Bola tug‘ilgandan keyin raxitning oldini olish, umumiy va maxsus tadbirlardan iborat bo‘ladi:
- bolani ona suti bilan oziqlantirish;
- bir oyligidan boshlab meva sharbatlari, uch oylikdan olma pyuresi, to‘rt oylikdan yarimta ilitilgan tuxum berish muhimdir.Toza havoda sayr qildirish;
- gavda, qo`l-oyoq muskullarini massaj qilish;
- gimnastika bilan shug`ullantirish;
Raxitning oldini olishning maxsus tadbirlari:
1.Bolaga bir oylikdan (chala tug‘ilganlarga ikki haftalikdan) vitamin “D” ning moyli eritmasi kuniga 500 TB (1 tomchi) dan 1 yoshga to‘lguncha berib boriladi;
2.Kuz va qish faslida 10-15 seans ultrabinafsha nurlar bilan nurlantirish tavsiya etiladi.
Spazmofiliya-(shaytonlash). Bola organizmida kalsiy-fosfor tuzlari almashuvining buzilishi va qonda kalsiy miqdorining kamayishi natijasida yuzaga keladi.
Sababi.1. Sun’iy ovqatlantirish.
2. Raxit bilan kasallanishi.
Belgilari. Spazmofiliya yashirin va oshkora turlarda namoyon bo‘ladi.
Yashirin turida bola salgina shovqindan uchib tushadi, qotib-qotib yig‘laydi va yig‘lagan paytda, nafasi qisqa muddatga to‘xtashi, lablari ko`karishi mumkin.
Spazmofiliyaning oshkora turida vaqt-vaqti bilan bolada tirishish yuzaga keladi. Tirishish xuruji paytida bola boshini orqaga tashlab, ko‘zlari olayadi, rangi ko‘karadi, nafas olishi qiyinlashadi, og‘zidan ko‘pikli so‘lak oqadi, qo‘l-oyoqlari tarashadek qotadi, hushini yo‘qotadi. Tirishish bir necha minut davom etadi, so‘ng bolaning hushi joyiga kelib, nafas olishi tiklanadi, tirishish belgilari yo‘qoladi.
K asallik og‘ir kechganda tirishish holati nafas a’zolari va yurak muskullariga tarqalishi, bir necha soatgacha davom etishi va bir necha kun davomida tez-tez takrorlanib turishi mumkin.
Tirishish paytida shoshilinch yordam ko‘rsatilmasa bolaning tili orqaga tortilib, nafas yo‘llariga so`lak tiqilib qolishi, nafas olish qiyinlashuvi tufayli, yoki yurak muskullari tirishishi natijasida bola halok bo‘lishi mumkin.
Tibbiy yordam. Spazmofiliyaning yaqqol turi belgilarining yuzaga kelishi favqulotda holat bo‘lib, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni talab etadi.
Tirishish holatida. 1. Bolaning yoqa tugmalari yechilib, boshi baland qilib yotqiziladi, og‘zi, burni rezina balloncha yordamida ko‘pikdan tozalanadi.
2.Boshi yonbosh qilinib, jag‘lari orasiga doka o‘ralgan temir qoshiq dastasi qo‘yiladi va u bilan tili bosib turiladi.
3. Iloji bo‘lsa, magniy sulfatning 25 % li eritmasidan (bolaning har kg vazniga 0,2 ml dan), 0,5 %-1-2 ml novokain qo‘shib, dumbaning tashqi yuqori sohasiga muskul orasiga yuboriladi.
4. Xloralgidratning 1-2 % li eritmasidan 10-20 ml rezina ballonchaga olinib, klizma qilinadi.
Tirishish to‘xtagandan so‘ng, uni yana takrorlanishining oldini olish uchun:
1.Tinchlantiruvchi dorilar: natriy bromidning 1% eritmasi bir choy qoshiq kuniga 2 marta, fenobarbitol (lyu-minal, yoshiga qarab 0,001-0,005-0,01) kuniga 2 mahal uxlatish oldidan peshin va kechda ichirish.
2.Kalsiy xloridning 5 % li eritmasidan 1 choy qoshiqdan kuniga 3 mahal ichiriladi yoki 10 % li eritmasidan 2-3 ml kuniga 1 marta vena tomiriga yuboriladi (5 kun davomida).
3.Bolada raxitning belgilari bo‘lsa raxit mavzusida ko‘rsatilgan tartibda davolanadi.
Gipotrofiya – bola tana vaznining kamayishi (oriqlanishi), jismoniy rivojlanishining normadan orqada qolishi.
Sababi. Onaning homiladorlik davrida turli kasalliklarga chalinishi tufayli homilaning chala, yaxshi rivojlanmagan holatda tug`ilishi;
- bola ovqatining miqdori kam, sifat jihati past bo`lishi;
- bolaning uzoq davom etgan kasalliklari, ayniqsa, ichak kasalliklari.
Belgilari. Gipotrofiyada bolaning tana vazni kamayib, jismoniy rivojlanishi orqada qoladi.
Gipotropiya 3 darajada kechishi mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |