Bojxona qoidalari: Qaysi holatlarda deklaratsiya to’ldirish kerak?
Xorijga chiqishni rejalashtirgan fuqaro borki, deklaratsiya degan so’zga duch keladi. Bojxona tizimida keng qo’llanadigan bu tushuncha haqida ayniqsa chet mamlakatga tez-tez chiqib turadigan fuqarolarimiz to’liqroq ma’lumotga ega bo’lishlari foydadan xoli emas. Bu – bilmagan holda qonunbuzarlik sodir etib qo’yishning oldini oladi.
Kun.uz va Davlat bojxona qo’mitasi hamkorligida tayyorlanayotgan «Bojxona qoidalari» ko’rsatuvining bugungi sonida bojxona deklaratsiyasi haqida so’z boradi. Mavzu yuzasidan qo’mita katta inspektori Mardon Sobirov ma’lumot beradi.
Bojxona nazorati maqsadlari uchun zarur bo’lgan ma’lumotlar ko’rsatilgan hujjat bojxona deklaratsiyasi hisoblanadi va uch turga bo’linadi:
1. Transport vositasi uchun deklaratsiya – transport vositasi, uning yo’nalishi, tashilayotgan tovarlar, ekipaj va yo’lovchilar to’g’risidagi ma’lumotlar ko’rsatilgan, tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasining kelishi yoki ketishi to’g’risidagi hujjat;
2. Bojxona yuk deklaratsiyasi – deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan bojxona organiga taqdim etiladigan va muayyan bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarlar haqidagi to’g’ri ma’lumotlar ko’rsatilgan hujjat;
3. Yo’lovchi bojxona deklaratsiyasi – notijorat maqsadlar uchun mo’ljallangan, deklaratsiyalanadigan tovarlarni va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib o’tayotgan jismoniy shaxs tomonidan to’ldiriladigan va bojxona organiga taqdim etiladigan hujjat.
Deklaratsiyalashning qanday usullari bor? Deklaratsiyalash og’zaki, yozma hamda elektron shaklda amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi, qiymati va miqdori qonunchilikda belgilangan bojsiz olib kirish normalaridan va aktsiz solig’i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normalaridan oshmaydigan tovarlarni deklaratsiyalashda og’zaki deklaratsiyalash qo’llaniladi.
Yo’lovchi bojxona deklaratsiyasidan foydalanilgan holda, quyidagilar yozma deklaratsiyalanadi:
jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi, qiymati va miqdori qonunchilikda belgilangan bojsiz olib kirish normalaridan va aktsiz solig’i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normalaridan oshadigan tovarlari;
jismoniy shaxsning yashash joyi o’zgarganda uning shaxsiy mol-mulki bo’lgan tovarlar (avtotransport vositalari mustasno);
chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bojxona hududida bo’lish davriga vaqtincha olib kirilayotgan yoki O’zbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari tomonidan bojxona hududidan tashqarida bo’lish muddatiga olib chiqilayotgan notijorat maqsadlardagi transport vositalari;
O’zbekiston Respublikasi milliy valyutasi va valyuta boyliklari. Bunda, olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan milliy va xorijiy valyuta miqdori 70 mln so’mdan ortiq bo’lmasa, yo’lovchi bojxona deklaratsiyasi to’ldirish talab etilmaydi. Albatta, jismoniy shaxsning xohishiga ko’ra, istalgan qiymatdagi naqd valyuta mablag’lari ham deklaratsiya qilinishi mumkin.
Elektron (yozma) shaklda – bojxona yuk deklaratsiyasidan foydalanilgan holda esa:
yuridik shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar tomonidan olib o’tilayotgan tovarlar (qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o’n baravarigacha bo’lgan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o’tish holatlari mustasno);
jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi transport vositalari (chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bojxona hududida bo’lish davriga vaqtincha olib kirilayotgan yoki O’zbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari tomonidan bojxona hududidan tashqarida bo’lish muddatiga olib chiqilayotgan notijorat maqsadlardagi transport vositalari bundan mustasno);
jismoniy shaxs kirib kelishidan yoki chiqib ketishidan oldin yoki keyin olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan, alohida kuzatib kelinayotgan bagajda bojxona chegarasi orqali olib o’tiladigan tovarlar elektron tarzda yoki yozma deklaratsiyalanadi.
Quyidagi holatlarda tovarning kuzatuv hujjatlaridan foydalangan holda bojxona deklaratsiyasi to’ldirmasdan tovarlarni olib chiqishga ruxsat beriladi:
yuridik shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar tomonidan qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha bo’lgan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o’tish;
xorijdagi ko’rgazma va yarmarkalarda namoyish etish uchun mo’ljallangan, 5 ming AQSH dollarigacha bo’lgan ekvivalentdagi tovarlarni olib chiqishda;
jismoniy shaxslarga umumiy qiymati 5 ming AQSH dollaridan ko’p bo’lmagan tovarlarni olib chiqishda.
Quyidagi tovarlar esa mustasno:
Eslatma: ushbu normalar O’zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlari orqali bojxona chegarasini kesib o’tishda tatbiq etilmaydi.
Ta’kidlash kerak, bojxona deklaratsiyalarini to’ldirish yoki to’ldirmaslik bojsiz va aktsiz solig’i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normalariga bog’liq.