www.ziyouz.com kutubxonasi
234
shod. Qunduzda birinchi marta boshlangan ichkilik bazmlari Samarqandda davom etib,
avjiga chiqmoqda. Erishilayotgan g‘alabalar sharafiga bek va a’yonlar navbatma-navbat
ziyofat berishib, Boburni deyarli har kuni taklif qilishadi, unga eng nodir, eng ajoyib
maylarni ichirib, xursand qilishda bir-birlaridan o‘zishga intilishadi.
Faqat Qosimbek hamon ichkilikni og‘ziga olmas, paytini topsa Boburni ham hushyorlikka
undar, mamlakat ichida qora kuchlar bosh ko‘tarayotganini, shimoldagi dashtda esa
shayboniyzodalar hayot-mamot jangiga tayyorlanayotganini takror-takror eslatar edi.
Lekin Bobur unga javoban so‘nggi paytda yozgan bir g‘azalidan to‘rt satr o‘qib berdi:
Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati.
Yoz faslida chog‘ir ichmakning o‘zgacha holi bor,
Kimga bu nash’a muyassar bo‘lsa bordir davlati.
Bu g‘azalga kuy bastalanib, qabul marosimlarida ham aytiladigan bo‘lgan edi. Shirakayf
Bobur:
— Janob Qosimbek! — dedi. — Eshitdingizmi, Samarqand maktablarida bolalar men
ixtiro qilgan xat bilan juda tez savodxon bo‘lmoqda emishlar. Mana, mudarris
janoblaridan so‘rang...
Boshida sallayu qo‘lida may to‘la qadah bilan ta’zim qilib turgan mudarris:
— Janob Qosimbek, — dedi, — xalqimizni jaholat panjasidan qutqarib olishda hazratim
ixtiro qilgan Xatti Boburiy ajoyib bir vosita bo‘lishi aniq! Qur’on xati gar-chi biz uchun
aziz, ammo zeru zabarlari, shikasta usullari savod chiqarishga behad mushkul. Xatti
Boburiy esa zeru zabarsiz, o‘rganishga oson.
Qosimbek Boburning bundan uch yil oldin Kobulda ixtiro qilgan xati Sirdaryo bo‘yidagi
Sig‘noqdan topilgan qadimiy turkiy yozuvga* asoslanganini bilar edi. Arab yozuvini
«Qur’on xati muqaddas», deb hisoblaydigan ruhoniylar islom dinidan oldin tarqalgan
qadimiy yozuvlarni qattiq qoralab, topilgan joyida o‘chirib tashlashni buyurar edilar.
Bobur esa buni jaholat hisoblar, qadim zamonda ixtiro qilingan turkiy yozuvning dinga
aloqasi yo‘qligini aytar, Xatti Boburiyni shuning uchun xalq orasida tarqatmoqchi bo‘lar
edi.
Ichkilik bazmi paytida bu murakkab mavzularda gapirishni yoqtirmaydigan Qosimbek
oradan ikki kun o‘tgach, devoni xosda o‘tirgan Boburning huzuriga mavlono Fazliddin
bilan Xatti Boburiyni tarqatib yurgan mudarrisni boshlab kirdi.
Ularning uchovi ham allanarsadan juda bezovta ekanini sezgan Bobur:
— Tinchlikmi, janoblar? — dedi.
— Hazratim, — dedi mudarris. — Xatti Boburiyni targ‘ib qilib maktab ochgan bir
maktabdorni avboshlar toshbo‘ron qilib o‘ldirmishlar.
— O‘ldirmishlar?! — deb Bobur o‘rnidan turib ketdi.— Bu ne jaholat, janob Qosimbek?
Bizga qarshi g‘ulumi?!
— Hazratim, mutaassib shayxlar bilan qalandarlar hamma joyda bizga qarshi ish olib
bormoqdalar. Rasadxonada bir usta havozadan yiqilib o‘lgandan beri ta’mir ishlariga
odam yollash mumkin bo‘lmay qoldi. Masjidda va’z aytgan mullalar Xatti Boburiyni
«Shoh Ismoil yuborgan shialar xatti» deb e’lon qilgan emishlar. Shu ovoza butun
shaharga tarqalib, oxiri haligi maktabdorning toshbo‘ron bo‘lishiga olib kelmishdir.
— Bu yolg‘on ovozani tarqatganlarni nega hibsga olmadingiz? — qahr bilan so‘radi
Bobur. — Axir bu xatning Shoh Ismoilga mutlaqo aloqasi yo‘q-ku.
— Xo‘ja Xalifa shuni masjidi jomeda minbarga chiqib aytmoqchi bo‘lgan ekan, «Yolg‘on!
Kofirlar xati harom! Qur’on ursin sen Xalifani!» deyishib, johillar uni minbardan tortib
tushirmishlar. Agar Tohirbek boshliq soqchilarimiz Xo‘ja Xalifani qutqarib qolmasalar,
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |