www.ziyouz.com kutubxonasi
231
Shayboniyxon o‘limidan uch-to‘rt yil burun Hirotdan to Toshkent va Turkistongacha
bo‘lgan viloyatlarda pul islohoti o‘tkazgan, raqiblaridan moliya sohasida ham ustun
kelish uchun o‘z tangalarining og‘irligini temuriylar chiqargan tangalarning vazniga
nisbatan bir dang* oshirgan edi. Shuning uchun hozirgacha butun Xuroson va
Movarounnahr bozorlarida Shayboniyxon tangalarining xaridori ko‘proq edi. Lekin bazzoz
g‘azabi kelib turgan qizilbosh navkariga buni ochiq aytmadi.
— Shayboniyxon yo‘q, o‘lgan, — dedi.
Shu payt kimdir uzoqdan:
— Samarqandni bo‘shat, kelgindi! — dedi-yu, do‘kon oldida turgan qizilboshga kesak
otdi. Kesak uning telpagiga tegib ushaldi-da, changi yuziga tushdi. Xaloyiq orasidan
allakimlarning kulgani eshitildi. Qizilbosh navkar egri qilichini qinidan sug‘urib, kesak
otgan odamni ko‘zlari bilan qidirdi, ammo topolmadi. So‘ng yana semiz bazzozga
yuzlandi. So‘zining oxirgi bo‘g‘inini cho‘zib so‘radi:
— Shoh Ismoilni aqchasin almas-san?
Bazzoz uning qilichidan qo‘rqib, titrab gapirdi:
— Men olsam baloga qolamen.
Qizilbosh yana bir marta:
— Almassa-an?! — deb cho‘zib so‘radi-yu, keyin chetdan otilgan tosh va kesaklarning
alamini ham bazzozdan olib uning yelkasiga bor kuchi bilan qilich urdi. O‘tkir qilich
bazzozning go‘shtdor yelkasini bo‘ynining oldidan kindigigacha kesib tushdi. Shunda
ikkinchi qizilbosh ham qilichini yalang‘ochladi-yu, cho‘kkalab qolgan bazzozning boshini
bir zarb bilan tanasidan judo qildi. Semiz bazzozning boshsiz bo‘ynidan sharillab otilgan
qon do‘kon ichidagi atlaslar va ipak matolarga sachradi.
Buni ko‘rgan odamlar qiy-chuv ko‘tarib, vahima ichida qocha boshladilar.
_______________
* B i r d a n g — «oltidan bir» demakdir. Temuriylar tangasining vazni 4,6 gramm bo‘lsa, Shayboniyxonning tangasi 5,2 gramm bo‘lgan.
6
Shia-sunniy nizolari bunday qonli to‘qnashuvlarni tobora ko‘p keltirib chiqarayotgani
qizilbosh beklarni ham tashvishga solib qo‘ydi. Bobur o‘zining Shoh Ismoil bilan tuzgan
ittifoqiga sodiq ekanini ularga qayta-qayta uqtirib, nufuzli beklarga qimmatbaho
sarupolar, otlar, oltin-kumush pullar in’om berib, nihoyat, qish chillasi chiqqanda o‘ttiz
ming qo‘shinni Movarounnahrdan Eronga jo‘natib yubordi.
Shundan so‘ng Samarqand ancha tinchib qoldi. Toshkent, Xo‘jand, O‘ratepa ham
shayboniylar hukmidan chiqib, Bobur tomoniga o‘tganligi haqida xushxabarlar keldi.
Qizilboshlarni uch oy davomida boqish va qimmatbaho sovg‘alar bilan kuzatish paytida
ancha bo‘shab qolgan xazina o‘sha shaharlardan kelgan peshkashlar bilan yana ancha
to‘ldi.
Samarqand bog‘lari oq-pushti bodom gullari bilan bezana boshlagan ilk bahor kunlarida
Bobur bir to‘p yaqinlari bilan otlanib, Ulug‘bek rasadxonasi tomonga sayrga chiqdi.
O‘ntacha qo‘rchi navkarlarni to‘riq qashqa ot mingan Tohir boshqarib bormoqda edi. Oq
otliq Boburning ikki yonida Qosimbek bilan marg‘ilonlik Xo‘ja Kalonbek. Ulardan
orqaroqda o‘tgan hafta Hirotdan kelgan mavlono Fazliddin yuvosh qora otga minib
o‘ychan kelmoqda. Ichki beklar orasida munshi ham, maktab-madrasa ishlari bilan
shug‘ullanuvchi bir mudarris ham bor. Otliqlar Obirahmat arig‘iga yetmay Bog‘i Maydon
tomonga burildilar. Ulug‘bek zamonida juda obod va mashhur bo‘lgan, bundan o‘n besh
yil oldin ham fayzlik turgan Bog‘i Maydon shayboniylar davrida qarovsiz qolib, ichki
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |