418
ko‘rsatiladi. Ana shu fazalarning har biri rivojlanishi jaryonida navbatdagi fazaga
o‘tish uchun sharoit yuzaga keladi.
3. Iqtisodiy sikllarni tashqi omillarning mavjudligi bilan tushuntiruvchi
nazariyani eksternal nazariya deb atash qabul qilingan.
Tashqi omillarga iqtisodiy tizimdan tashqarida yotuvchi va iqtisodiy
hodisalarning davriy takrorlanishini keltirib chiqaradigan omillar kiritiladi, ya'ni:
urushlar, inqilobiy o‘zgarishlar va boshqa siyosiy larzalar; oltin, uran, neft va
boshqa qimmatli resurslar yirik konlarining ochilishi; yangi hududlarning ochilishi
va bu bilan bog‘liq
ravishda aholi migratsiyasi, er shari aholisi sonining o‘zgarib
turishi; ijtimoy ishlab chiqarish tarkibini tubdan o‘zgartirishga qodir bo‘lgan
texnologiya, tadqiqotlar va innovatsiyalardagi qudratli o‘zgarishlar.
4. Internal nazariya iqtisodiy sikllarni iqtisodiy tizimning o‘ziga xos ichki
omillar tug‘diradi deb hisoblaydi va quyidagi omillarni ajratib ko‘rsatadi: asosiy
kapitalning jismoniy xizmat muddati; shaxsiy iste'molning o‘zgarishi (qisqarishi
yoki kengayishi); investitsiyalar, ya'ni ishlab chiqarishni kengaytirish, uni
yangilash va yangi ish joylarini vujudga keltirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar
hajmi; ishlab chiqarish, talab va takliflar hajmiga ta'sir ko‘rsatishga qaratilgan
davlat iqtisodiy siyosatining o‘zgarishi.
5. Iqtisodiyotning siklli rivojlanishi sabablarini
izohlashda shuningdek sof
monetar nazariya, nomonetar nazariya, etarlicha iste'mol qilmaslik nazariyasi,
jamg‘arish nazariyasi, psixologik nazariya kabilar ham ilgari suriladi.
6. Hozirgi zamon iqtisodiy fanida iqtisodiy siklning 1380 dan ortiq turlari
mavjudligi ta'kidlanadi. Ularning ko‘pchilik iqtisodchilar tomonidan tan olingan
eng asosiy turlari sifatida Kitchin, Juglar, Kuznets, Kondratev sikllarini keltirish
mumkin.
7. Iqtisodiy inqiroz deb ishlab chiqarish hajmining
keskin tushib ketishiga
aytiladi. Inqirozlar turli-tuman tarzda ro‘y bersada, ularni umumiy, o‘xshash
tomonlarini nazarda tutib, quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: xo‘jalik tizimida
muvozanatning buzilishi miqyosiga ko‘ra umumiy hamda ayrim sohalarda yuz
beradigan inqirozlar; iqtisodiyotda muvozanatning buzilishini muntazam yoki
aksincha tarzda yuz berishiga ko‘ra davriy, oraliq, nomuntazam inqirozlar;
takror
ishlab chiqarish nisbatlarining buzilishi tavsifiga ko‘ra ortiqcha ishlab chiqarish va
taqchil ishlab chiqarish inqirozlari.
8. 2008 yilda dastlab AQSH ipoteka bozorlarida namoyon bo‘lgan jahon
moliyaviy-iqtisodiy inqirozi etarlicha to‘lov layoqatiga ega bo‘lmagan, qarzlarni
qaytarish qobiliyati shubhali bo‘lgan qarzdorlarga ipoteka kreditlari berish
amaliyotining jadallashuvi natijasida ro‘y berdi.
9. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining asosiy sabablari bo‘lib rivojlangan
mamlakatlarda iqtisodiyotni haddan ziyod ortiqcha erkinlashtirish siyosati, ya'ni
«o‘z-o‘zini boshqaruvchi bozor» g‘oyasini ilgari surish orqali davlatning milliy
iqtisodiyotga va xususan moliyaviy bozorlarga aralashuvini cheklanganligi;
moliyaviy resurslar bilan real ishlab chiqarish hajmi o‘rtasidagi
mutanosiblikning
keskin buzilishi; noratsional pul-kredit siyosatini, hamda qayta moliyalash
stavkasini surunkali ravishda past darajada ushlab turilishi natijasida qarzga
yashashning odatga va kundalik holatga aylanishi; moliyaviy institutlarning
419
majburiyatlari bilan ustav mablag‘lari o‘rtasidagi mutanosiblikning keskin
buzilishi; qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha reyting tashkilotlari
tomonidan soxta
xulosalar berilishi va boshqalar hisoblanadi.
10. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining respublikamiz iqtisodiyotiga ta'siri
boshqa rivojlangan va ayrim qo‘shni davlatlardagiga qaraganda mazmunan farq
qiladi. Agar boshqa mamlakatlarda bu jarayonlar bevosita moliya tizimining izdan
chiqishi va ishlab chiqarish hajmlarining keskin qisqarib ketishi, ko‘plab yirik
korxonalarning yopilishi orqali namoyon bo‘lsa, O‘zbekistonda inqirozning
iqtisodiyotga ta'siri jahon xomashyo bozorlarida eksport mahsulotlariga talabning
susayishi tufayli narxlarning keskin pasayishi hamda buning oqibatida eksport
daromadlarining sezilarli kamayishi, asosiy savdo hamkorlar
xarid qobiliyatining
pasayishi natijasida tashqi savdo aylanmasining qisqarishi orqali namoyon bo‘ladi.
11. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining O‘zbekistonga ta'sirini jiddiy
bo‘lmaganligi quyidagi yumshatuvchi omillarning mavjudligi bilan izohlanadi:
ma'muriy-buyruqbozlik tizimidan bozor iqtisodiyotiga o‘tishning bosqichma-
bosqich amalga oshirish yo‘lini tanlanganligi; davlat bosh islohotchi sifatida
mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishi zarurligini aniq belgilab olinganligi;
O‘zbekistonda moliyaviy-iqtisodiy, byudjet, bank-kredit tizimi,
shuningdek,
iqtisodiyotning real sektori korxonalari va tarmoqlarining barqaror hamda uzluksiz
ishlashini ta'minlash uchun etarli darajada mustahkam zaxiralar yaratilganligi va
zarur resurslar bazasining mavjudligi; oqilona tashqi qarz siyosati olib borilganligi;
aholining ish haqi va daromadlarini izchil va oldindan oshirib borish hamda
iste'mol bozorida narxlar indeksining asossiz tarzda o‘sishining oldini olishga doir
chora-tadbirlarning izchillik bilan amalga oshirilganligi; davlatning moliyaviy-
iqtisodiy va bank tizimlarining nechog‘liq barqaror va ishonchli ekani, ularning
himoya mexanizmlari qanchalik kuchliligi.
Do'stlaringiz bilan baham: