Bo’salari hamon betimda Issig’i bor hali etimda.
Bu o’rinda shuni aytish kerakki, tarjimon birinchidan ko’proq xalq dostonlari an’analariga xos tempda misralar tuzadi. Bundagi jo’shqin hayajonli satrlar oqimida mantiqqa xos satrlarning quyilib kelishi tabiiy. Usmon Nosirning tarjimonlik faoliyatida xalqimiz og’zaki ijodining roli benihoya katta ekanligi ham bu asar tarjimasida namoyon bo’lib turibdi. Bu xil xususiyat tarjimon poetik dunyosining bir tomoni bo’lsa, ikkinchidan Pushkinning asarida ham rus xalqi og’zaki ijodining ruhi ustunligidadir.Bu xususiyatlarning bir-biriga yaqinligi tufayli Usmon Noeir tarjimaning ba’zi o’rinlardagi juda erkin qo’yib yuborilgani original ruhiga zid tushmagan. Aksincha effekt bergan. Yuqoridag’i «Issig’i bor hali etimda» satrisiz
ham tarjimon asl nusxa mazmunini saqlagan bo’lardi. Qahramon nutqidagi yonib gapirishlar boshqacha aytganda qo’lidan ketgan saodatni qaytarib olish uchun raqibi sanalmish bir kimsa oldida bunday so’zlarni "kuyunib aytishi tabiiy bir holdir. Shuning uchun ham bu satrlar tarjimon tomonidan faqat asar ruhini to’ldirish, yoki qofiya uchun o’zicha to’qilgan bo’lmasdan, mantiq talabi bilan tarjimonning o’ziga xos badiiy kashfiyotidir.
Asarda Mariya obraziga muallif ko’p o’rin ajratmaydi. Zaremaning unga qarata aytgan gaplari tufayli bu mahsuma qizni to’laroq anglaymiz. Asarda Mariya tasviriga ajratilgan parchalardagi mubham bo’lib qolgan o’rinlarni Zaremadagi harakat to’ldiradi, oydinlashtiradi, natijada kitobxon ko’z oldida bu qizning go’zal surati gavdalanadi. Bu tasvirlar o’zbekchada ko’p va zap me’yorida berilgan.
Garoyda muhabbat ezgulik, yaxshilik uyg’otdi. Undagi uyg’ongan odamiylik Mariyaga bo’lgan muhabbatidir. Yovvoyi qalbli bir shaxsda insonga bo’lgan muhabbatning uyg’onishi, uni qadrlashi, muallifning masalani bu tariqa qo’yishi o’z davri uchun muhim masala edi. Asardagi masala bugungi kunda ham ibratomuzdir. Garoy ruscha nusxasida qanday harakat qilgan bo’lsa o’zbekcha variantda ham shunday harakat qiladi. Garoyning xatti-harakatlari borligicha kitobxon ko’z oldida gavdalanadi. «Dvorets ugryumq» iborasini Usmon Nosir «tumraygan saroy» deb oladi. Shunday bitta ibora tarjimasining o’zida tarjimonning topqirligi namoyon bo’ladi. Garoy Mariya o’limidan keyin yana talon-tarojlikni boshlaydi va shu bilan ovunmoqchi bo’ladi. Lekin qilayotgan xunrezliklar ham Garoyni ovuntira olmaydi.
«Но в сердце хана чувств иных, Таится пламень безотрадный». Shoir uning bu holatini shunday ifodalaydi. Jang-jadalning ayni qizigan chog’ida ham u Mariyani o’ylaydi, urushlarda o’lib ketishni afzal ko’radi. Lekin tarjimada bu hol «Ammo, uning yuragi qora, olovlanar unda boshqa his» shaklida o’zbekchalashtirilganki, bu yerda muallif aytmoqchi bo’lgan fikr mubham qolgan, biroq parchaning umum ruhi asosiy maqsadni ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |