Mikroo'g'itlar
Ta'sir etuvchi moddasi mikroelement bo'lgan mineral o'g'itlarga mikroo'g'itlar deyiladi. Davriy sistemadagi 107 ta elementlarning 80 %i shu jumladan, og'ir metallarning barchasi (temir bundan mustasno) mikroelementlardir. Ular o'simlik va hayvonlar organizmida (quruq holdagisiga nisbatan hisoblanadi) 0,01 % dan oshmaydi. Har erga solinadigan normasi 0,1—3 kg atrofida bo'ladi. Hozirga qadar 14 ta mikroelementning hayotiy jarayonlardagi muhim roli, ahamiyati aniqlangan. Shular jumlasiga B, Mn, Cu, Zn, Co, Mo va boshqalar kiradi. Ular hayotiy jarayonga ta'sir ko'rsatuvchi muhim moddalar, fermentlar, gormonlar, pigmentlar va boshqalar tarkibiga kiradi. Ular o'simliklar organizmida turli fiziologik va biokimyoviy jarayonlarga ta'sir ko'rsatadi.
Masalan, ular fermentlar aktivligini oshirish orqali, uglevodorodlar almashinuviga ta'sir o'tkazadi, fotosintez jarayonida nurni o'zlashtirishni kuchaytiradi, oqsil sintezini tezlatadi. Ayrim mikro-elementlar o'simliklarning ba'zi foydali xossalarini kuchaytiradi. Masalan, qurg'oqchilikka, sovuqqa chidamliligini oshiradi, urug'ning rivojlanishini va pishishini tezlashtiradi, kasalliklarga chidamliligini oshiradi va hokazo.
Zarur mikroelementlarning yetishmasligi esa o'simlik va hayvonlarda modda almashinuvini buzilishiga, ularni turli kasalliklarga chalinishiga olib keladi. Masalan, borning yetishmasligi bahorgi bug'doy, kanop va qand lavlagini kasalliklarga chidamliligini kamaytiradi, marganes yetishmasligi fotosintez jadalligini kamaytiradi, molibden yetishmasligi barglarda nitratlarning to'planishiga va hosilida oqsilning kamayishiga, temirning yetishmasligi esa barglar xloroziga sabab bo'ladi.
Biroq mikroelementlarning ko'pi ham o'simlik va hayvonlarga zaharli ta'sir etadi. Ayniqsa, ko'pgina og'ir metallar (masalan, qo'rg'oshin va simob) zaharli ta'sir etadi. Shuning uchun ham tuproqda mikroelementlar miqdori va sifati aniqlanishi va unga ekiladigan ekinlarning ularga bo'lgan talabi o'rganilmog'i lozim va shu ma'lumotlar asosida u yoki bu mikroelement turi va miqdoridan, foydalanish kerak bo'ladi.
Keyingi yillarda mikroelementlardan foydalanish (tarkibida mikroelementlar saqlovchi yangi tur o'g'itlarniiig yaratilishi va ishlab chiqarilishi ayniqsa, kengayib bormoqda) tez sur'at bilan o'sib bormoqda. Mikroo'g'it sifatida tarkibida mikroelementlar saqlovchi tabiiy ruda minerallari, ba'zi sanoat ishlab chiqarish chiqindilari, texnik tuzlar, maxsus tayyorlangan moddalar va aralashmalar, masalan, kompleksonatlar (ichki kompleks birikmalar); firitlar (qattiq aralashmalar suyuqlanmasidan olinadigan shishasimon yoki metalsimon donachalar) va boshqalar ishlatiladi.
Mikroo'g'itlar ekishdan oldin tuproqqa solish yoki o'simlikka changlantirish (sepish) va purkash hamda urug'larga ishlov berish yo'li bilan ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |