Mirzo Ulug‘bekning asl ismi Muhammad Tarag‘ay bo’lib, u 1394 yilda
Sultoniyada tavallud topgan. Bobosi Amir Temur unga katta mehr bilan qarab
yoshligidan o’z tarbiyasiga olgan. Ulkan tug’ma iste’dod, aql-zakovat sohibi bo’lgan
Ulug’bek (Sohibqiron xonadonida uni shunday nom bilan erkalashgan) davlat
boshqaruvini puxta egallashdan tashqari diniy va dunyoviy bilimlarni ham etuk darajada
o’zlashtirgan. U Movarounnahr taxtini egallaganida endi 15 yoshga to’lgan edi. Mirzo
Ulug’bek hukmronligi (1409-1449) temuriylar saltanatining an’anaviy rivoji va muhim
ijtimoiy o’zgarishlar yo’lidan ilgarilab berishida alohida davrni tashkil etadi. Negaki,
bunda donishmand hukmdorning katta sa’y-harakatlari, to’g’ri yo’naltirilgan siyosati
tufayli mamlakat daxlsizligi, tinchligi va osoyishtaligi nisbatan ta’minlandi. Bu esa uning
iqtisodiy, madaniy va ma’naviy ravnaqiga sezilarli ijobiy ta’sir ko’rsatdi. O’sha davr
tarixchilarining yakdil fikricha, Ulug’bek bobosi davridagi boshqaruv tizimini, barcha
tartib-qoidalarni to’la saqlashga harakat qilgan. Soliq va moliya siyosatida ham bunga
amal qilgan. To’g’ri, Ulug’bek Amir Temur singari jangu jadallarga qiziqmadi. Bu
sohaga uning ortiqcha rag’bati ham bo’lmagan. Faqat zaruriyat taqoza qilgandagina u
harbiy yurishlarga otlangan. Masalan, 1414 yilda Farg’ona hukmdori shahzoda Ahmad
itoatdan bosh tortishga uringan paytda u katta qo’shin tortgan va bu yurishi bilan nafaqat
Ahmadni itoatga keltirib qolmay, ayni chog’da sharqiy Turkiston erlarini ham o’z davlati
tarkibiga qo’shib olishga muvaffaq bo’lgan. 1425 yilga kelib Ulug’bek Mirzo Issiqko’l
tarafga yurish qilib, u erdagi isyon ko’targan mahalliy muxolifatchi kuchlarni bartaraf
etib, mamlakatning sharqiy chegaralarini ancha mustahkamlashga erishadi. Biroq
hukmdorning 1427 yilda Sirdaryoning quyi oqimidagi Sig’noq va uning atrofida hududiy
da’volar bilan bosh ko’targan Dashti Qipchoq aslzodalaridan sanalgan Baroqxonga qarshi
yurishi uning uchun kutilmaganda muvaffaqiyatsiz yakun topdi. Bu mag’lubiyat
Ulug’bekni hokimiyatdan mahrum bo’lishiga ham olib kelayozgandi. Otasi Shohruxning
katta qo’shin bilan etib kelishigina uni yana o’z hukmronligini qayta tiklashiga imkon
berdi. Shundan so’ng Ulug’bek Mirzo urush harakatlaridan ko’ra ko’proq o’z faoliyatini
mamlakat ishlari, uning ichki siyosati masalalari bilan shug’ullanishga qaratadi. Shu
boisdan ham endilikda uning faoliyatida mamlakat obodonchiligi, yurt tinchligi,
farovonligi, ilm-fan ravnaqiga oid masalalar asosiy o’rin egallaydi. Mamlakatda savdosotiq, hunarmandchilik va ziroatchilik avvalgidek rivojlanishda davom etadi. Ko’plab
sun’iy sug’orish inshootlari barpo etiladi. Mamlakat Buyuk ipak yo’li orqali halqaro
karvon savdosida faol ishtirok etadi. Samarqand, Buxoro, Shaxrisabz, Shosh va boshqa
shaharlarda ko’plab hashamatli madrasalar, masjidu maqbaralar, karvonsaroylar qad
rostlaydi. Uning bevosita rahnamoligida qurilgan tenggi yo’q me’moriy inshoot -
rasadxona o’sha davr ilm-fani va texnikasining eng so’nggi yutuqlarini o’zida mujassam
etgan edi.
Ulug’bekning 1428 yilda o’tkazgan pul islohoti ham mamlakatda savdo-sotiq va
pul muomalasini, moliya siyosatini yo’lga qo’yishda muhim voqea bo’lgan. Ulug’bek
muomalaga chiqargan yangi vazndagi tanga pullar o’z qadri, qimmati bilan iqtisodiy hayotni jonlantirish, savdo-sotiqni rivojlantirishda alohida rol o’ynadi. Uning davrida ham
yuqori tabaqa vakillariga, harbiy sarkardalar, oliy ruhoniylarga avvalgidek alohida
imtiyozlar berish tartibi hukm surdi. Bundan tashqari davlatning katta ma’naviy tayanchi
hisoblangan diniy muassasalar ixtiyorida ham ulkan miqyosdagi vaqf erlari to’plangan
edi.
Temuriylar davrida aholi to’laydigan turli-tuman soliqlar orasida xiroj (er solig’i)
alohida ajralib turardi. Dehqonlar etishtirgan hosilning kamida uchdan bir qismi xiroj
solig’iga to’langan. Bundan tashqari ushr (daromadning o’ndan bir qismi), tamg’a (savdosotiq, hunarmand ahlidan olinadigan soliq), zakot, tutun solig’i, bog’ solig’i, uloq (davlat
xizmatidagilar uchun), dorug’ona (harbiy qo’riqchilar uchun), mirobona (suv etkazib
beruvchilar uchun), yasoq (chorva mollari uchun), begor (davlat hisobiga ishlab berish:
saroy qurilishi, ariq, kanallar qazish uchun) va boshqa soliq va majburiyatlar joriy
etilgandi.
Ulug’bek o’z davlat siyosatida qanchalik oqil va izchil siyosat yuritishga, ilm-fan
ahliga, din peshvolariga homiylik qilish, savdo-tijorat va hunarmand ahliga rag’bat
ko’rsatishga harakat qilmasin, unga qarshi muxolifatchi kuchlar ham anchagina bor edi.
Ulug’bek katta er egalarining oddiy fuqarolarga nisbatan suiiste’molchiliklarini cheklash
tadbirlarini ko’rganda, ular «taxtdagi olim»ga qarshi chiqdilar. Ruhoniylar orasidagi
jaholatparast unsurlar Ulug’bekni islom diniga zarar keltiruvchi «betavfiq hukmdor» deb
tashviqot yuritdilar. Shu tariqa, jaholatparastlar ilmga, o’z manfaatini xalq manfaatidan
ustun qo’yyuchilar taraqqiyotga qarshi chiqdilar. Ulug’bek mamlakatdagi turli ijtimoiysiyosiy guruhlar o’rtasidagi ichki ziddiyatlarni, mutaassib, reaktsion kuchlar
muxolifatchiligini oxirigacha bartaraf eta olmadi. Bu esa XV asrning 40-yillari oxirlariga
kelib Movarounnahr davlatini beqarorlik va chuqur ijtimoiy larzalarga duchor etdi.
Mamlakat qo’shinining jangovor holatda bo’lmaganligi va turli joylarga sochilganligi esa
Dashti Qipchoq ko’chmanchilarining bu erlarga tez-tez bostirib kelib, yurtni talashi uchun
keng yo’l ochib bergandi. Xususan, 1447 yilda Shohruh Mirzo vafoti munosabati bilan
Ulug’bekning ota taxtiga da’vogarlik qilib Xurosonga yurishi, jiyani Aloudovla va boshqa
merosxo’rlar bilan hokimiyat talashishi, uning yo’qligida Abulxayrxon boshliq Dashti
Qipchoqliklarning Movorounnahr erlarini g’orat qilishi va nihoyat, qora kuchlar ig’vosi
tufayli o’z o’g’li Abdullatif bilan boshlangan nizoning katta jangga aylanib, unda
Ulug’bekning mag’lub bo’lishi - bular nafaqat uning fojiali o’limi bilan yakun topib
qolmay, ayni paytda Temuriylar sulolasi inqirozini yanada chuqurlashtirishga olib keldi.
Ulug’bek akademiyasi tarqalib ketdi, kutubxonadagi kitoblar yondirildi, olimlar boshi
oqqan tomonga ketishga majbur bo’ldi.
Ulug’bek o’limidan so’ng tez orada oqpadar Abdullatifning o’ldirilishi, undan
keyin Samarqand hokimiyati tepasiga kelgan Abusaid Mirzo (1451-1468)ning davlatni
boshqarish o’rniga asosiy vaqtini Eron va Xuroson hududlarida harbiy yurishlar bilan
o’tkazishi, vafotidan so’ng Movarounnahrda hukmronlik qilgan avlodlari - Sulton
Ahmad (1468-1493), Sulton Mahmud (1493-1494) va Sulton Ali Mirzo (1494-1501)
davrida yurtning yanada ichki ziddiyatlaru tanazzullikka yuz tutishi pirovard oqibatda
Temuriylar hukmronligining barham topishiga olib keldi. XV asrning 90-yillari
boshlarida Farg’ona mulkida Umarshayx Mirzo vafotidan so’ng hokimiyat jilovini qo’lgan olgan uning o’g’li navqiron va shijoatli Bobur Mirzo1 (1482-1530)ning
Temuriylar saltanatini tiklash va saqlab qolish yo’lida Muhammad Shayboniyxonga
qarshi olib borgan bir necha yillik jangu jadal harakatlari ham natijasiz tugadi. Buyuk
orzulari sarobga aylangan, vujudini umidsizlik qoplagan Bobur Mirzoning shundan so’ng
Afg’on va Hind erlari sari bosh olib ketishga majbur bo’lganligi boisi ham mana
shundandir.
Xurosonda XV asrning ikkinchi yarmida Abusaid Mirzo o’limidan so’ng (1469)
hokimiyatga kelgan Husayn Boyqaro (1438-1506) davrida bu o’lkaning ijtimoiyiqtisodiy va madaniy hayotida ko’plab muhim o’zgarishlaru siljishlar yuz berdi. Buning
boisi shundaki, Temuriy shahzodalar ichida ja’sur va tadbirkor, salohiyatli va ma’rifatli
hukmdor bo’lgan Husayn Boyqaro o’zining salkam 40 yillik hukmronligi davrida
Xurosonda katta xayrli ishlarni amalga oshirish, saltanat qudratini ko’tarishga muvaffaq
bo’ldi. Bu ulug’vor ishlar va sa’y-harakatlarda uning maktabdosh do’sti, buyuk
donishmand siymo, o’zbek mumtoz adabiyotining asoschisi Alisher Navoiy hazratlari
(1441-1501)ning roli beqiyosdir.
Ulug’ Navoiyning Boyqaro saroyida birinchi vazir sifatida katta mavqe va nufuzga
ega bo’lishi, albatta, ko’plab muhim davlat masalalarini oqilona, raiyat foydasiga hal
etishda qo’l kelgan. Ayniqsa poytaxt Hirot va uning tevarak-atroflarida qanchalab
obodonchilik ishlarini ro’yobga chiqarishda, ko’plab salobatli me’morchilik obidalari,
xalq xo’jalik inshootlarini barpo etishda bu ikki ulug’ zotning bahamjihat sa’y-harakatlari
hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lgan. Tarixchi Xondamirning ma’lumoticha, Husayn
Boyqaro davrida bunyod etilgan yirik inshootlarning soni 40 dan ortadi. Hirotda bunyod
etilgan o’nlab ko’rkam masjidu madrasalar (shu jumladan 403 gumbazi, 130 ta ravoqi va
44 ta ustuni bo’lgan ulkan jome’ masjidi), shifoxonayu hammomlar, ilm maskanlari, suv
inshootlari - bular Xuroson davlatida kechgan katta bunyodkorlik ishlaridan yaqqol
nishonadir.
Choshmag’ul mavzesida A.Navoiy tashabbusi bilan Turuqband suv omborining
qurilishi Mashhad va uning atroflarini ob-hayot bilan ta’minlashda benazir ahamiyatga
ega bo’lgan. Biroq neajib holki, Husayn Boyqaro davrida Xurosonda ham ichki
ziddiyatlarning kuchayib borishi, bek-amaldorlarning fitna-fasodi, sotqinligining avj
olishi, yosh shahzodalar o’rtasida nizolarning kelib chiqishi, gazak olib borishi davomida
XV asr oxirlariga kelib inqiroz sari yuz tutib bordi. Ayniqsa Husayn Boyqaroning sevimli
nabirasi shahzoda Mo’min Mirzoning fojiali o’limidan keyin podsho bilan uning o’g’illari
o’rtasidagi nizolar to’xtovsiz kuchayib bordiki, uni bartaraf etishning sira iloji ko’rinmay
bordi. Hatto bu ishga qo’l urib, ota-bolalar o’rtasidagi dushmanlikka nuqta qo’yish, ularni
murosaga keltirib, saltanat birligi, tinchligi va osoyishtaligini qaror toptirishga uringan
Alisher Navoiydek buyuk zotning sa’y-harakatlari ham behuda ketdi. Bu esa
Movarounnahr hududlarini egallab, Xuroson sarhadlariga ko’z tikib turgan Muhammad
Shayboniyxon beklari va amirlari uchun qo’l keldi. XVI asr boshlariga kelib, ya’ni
Husayn Boyqaro vafotidan so’ng (1506) Xuroson erlari tomon yurish boshlagan Shayboniyxon qo’shini Badiuzamon va Muzaffar Mirzo qo’shinlarini birin-ketin engib,
tez orada butun Xuroson o’lkasini o’z qo’l ostiga kiritib oladi.
Xuddi shu o’rinda tarixiy asosga qurilgan bir ibratli jonli lavhani muhtaram
talabalarimiz e’tiboriga havola etmoqchimiz: Bu 1497 yilda sodir bo’lgan edi. Mo’min
Mirzo zanjirband holda Xirotning Ixtiyoriddin qal’asida maxbuslikda edi. U Qur’oni
Karimning «Yosin» surasini qiroat qilardi. Bobosi Husayn Boyqaroning o’z nabirasi
Mqmin Mirzoni bo’g’ib o’ldirish to’g’risida muhri bosilgan farmonni (uni shohning
sarmastligidan foydalanib Hadichabegim boshliq fitnachilar qo’lga kiritgan edilar)
ko’tarib xonaga 4 jallod yarim tunda kirib keladi.
Mo’min Mirzo bobosi farmonini o’zi o’qib ko’rishini, muhrini o’zi aniqlashini
amirona talab qiladi. Jallodlar rozilik berishadi. Shahzoda «Bobom muhri chekilgan bul
farmon men uchun tabarrukdir» deya farmonni avval ko’ziga surtadi, o’padi va keyin esa
o’qiydi. Farmonda, jumladan, shunday mudhish satrlar bor edi:
«Nishon etishi ila paysalga solmay Muhammad Mo’min Mirzoni kamon ipiga
tortib, yo’qlik chillaxonasiga jo’natilsin». Mo’min Mirzo o’zini dadil, mardona tutib,
jallodlarga bunday deydi: «ishingiz bitgach, bobomning bul farmonini o’sha kamon
ipining bir qarichi ila bog’lab o’zlariga qaytarib bering. Bul mening so’nggi vasiyatimdir.
Ularga aytingki, o’z avlodi ila murosaga kelolmay, jallod xizmatiga muhtoj podshoh
saltanati uzoq cho’zilmaydi. Bobo, ehtiyot bo’ling! Al-qasosu minal haq!». Shu so’zlarni
aytish asnosida u erdan kishan zanjirini olib boshi uzra aylantiradi, ikki jallodni yaralaydi,
biroq kuchlar nisbati teng emasdi. Qolgan ikki jallod uni yiqitib, farmonda aytilgan
kamon ipi bilan bo’g’ib o’ldiradilar.
Zotan, 1506 yilda Husayn Bayqaroning xushidan ketishi, o’ldi deb ko’milishi,
qabrda xushiga kelishi, chiqishga urinishi, ammo chiqa olmaganligi – bular aslida «Alqasosu minal-haq» in’ikosidir.
Shu tariqa, qariyb bir yarim asr davom etgan, o’z davrida Vatanimiz nomini shonu
shuhratga burkagan, uni ijtimoiy taraqqiyotning yuksak marralariga olib chiqqan, ulug’
ajdodlarimiz tarixida o’chmas iz qoldirgan Temuriylar saltanati hukmronligi tarix taqozasi
bilan halokatga mahkum bo’ldi. Biroq bu murakkab, ziddiyatli tarixiy jarayon keyinchalik
yangi-yangi avlodlar uchun juda ko’plab hayotiy masalalarning mag’zini chaqish,
istiqlolni tiklash yo’lida bitmas - tuganmas saboq va o’rganish manbai bo’lib xizmat qildi.
Темурийлар даврида фан ва маданият.
Do'stlaringiz bilan baham: |